“Oila qurganimizni uydagilarimiz bilmasdi” – Grin karta uchun qalbaki to‘y qilgan 2 yosh hikoyasi

Jamiyat 12:47 / 18.02.2024 131640

Jo‘mardga 2020 yil grin karta lotereyasi chiqadi. Biroq u moliyaviy sababdan vizaga hujjat topshirolmay yuradi. Buni eshitgan Dilnoza o‘zidan 7 yosh kichik Jo‘mardga “homiylik” qilishini aytib, evaziga Amerikaga yetib olish uchun soxta “zags”dan o‘tishni taklif qiladi. Oilalar elchixonani ishontirish uchun qalbaki to‘y ham qilishadi.

Voqea 2020 yilgi karantindan 1-2 oycha oldin boshlangan. Jizzaxning Paxtakor tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan Dilnoza ismli muallima ishdan chiqib, o‘g‘li bilan yo‘lda taksi kutayotgan edi. Ularga 3 yo‘lovchi yigit bilan kelayotgan mashina to‘xtaydi. Yigitlar yo‘l bo‘yi bir tanishlari grin karta yutgani, biroq moliyaviy sabablar bilan vizaga hujjat topshirolmay yurgani haqida gapirib kelishadi. Suhbatni eshitib kelayotgan Dilnoza qiziqib, bolalardan o‘sha yigitning telefon raqamini oladi.

Bir kuni menga bir qiz qo‘ng‘iroq qilib, grin karta uchun “homiylik” qilishini, ya’ni Amerikaga ketish uchun viza torshirish va safar xarajatlarini to‘lashini, evaziga uni o‘zim bilan Amerikaga olib ketishimni o‘ylab ko‘rish taklifini aytdi. Boshida g‘alati eshitildi. Keyin kelishib uchrashib, gaplashib oladigan bo‘ldik”, – deb oilaviy hayotining qanday boshlanganini hikoya qiladi Jo‘mard.

Ular ko‘rishganda Dilnoza Jo‘mard bilan oralaridagi farq katta ekanini ko‘rib, fikridan qaytib uyiga ketadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Jo‘mard tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, o‘zining yoshiga mos “homiy” topilganini so‘rab turadi.

Jo‘mard telefon qilavergach, hazillashib, men “homiy” bo‘lsam bo‘lmaydimi, deb so‘radim. U ancha o‘ylab, bunga rozi bo‘ldi”, – deya hikoyani davom ettiradi Dilnoza.

Keyin ular bu haqda oilalariga ma’lum qilishadi. Boshida ikki tomon ham bunga uncha rozi bo‘lmaydi, lekin to‘y ham, “zags” ham soxta bo‘lishi, bu faqatgina elchixonani ishontirish uchun o‘yin ekanini yaxshilab tushuntirishgach, to‘y va rasmiy nikoh bo‘lib o‘tadi.

Biz 50-60 kishini chaqirib, soxta to‘y ham qildik. Lekin to‘y kuni Jo‘mard menga bu voqealar u uchun soxta emas, haqiqat ekanini aytdi. Ammo o‘sha kuni u o‘zining uyiga, men o‘zimning uyimga ketdim”, – deydi Dilnoza.

Jo‘mard to‘ydan keyin Dilnozaning onasi bilan ko‘rishib, niyati jiddiyligini, Dilnoza bilan shar’iy nikoh o‘qitib, bir oila bo‘lib yashamoqchi ekanini aytadi.

Men unga bu to‘g‘ri emasligini, qizim bilan orasidagi farq 6-7 yosh ekanini, qolaversa, Jo‘mardning ota-onasi bolali ayolni o‘g‘liga olib berishga rozi bo‘lmasligini aytdim. Lekin u qo‘yarga-qo‘ymay meni ko‘ndirishga harakat qildi”, – deydi Dilnozaning onasi.

Shundan keyin ular shar’iy nikohdan o‘tib, bir oila bo‘lib yashashadi. Jo‘mard ota-onasiga uylangani haqida Amerikaga viza chiqqach aytishga, ungacha sir tutishga qaror qiladi. O‘sha kunlarda Jo‘mardning hayotida yuz bergan bir voqea u uchun butun umrga tatiydi.

Nikohdan o‘tganimizdan keyin uchinchi kun tushimga Muhammad s.a.v kirdilar. Meni Ka’batulloh yoniga olib borib, endi sen shu yerni qo‘riqlashing kerak dedilar. Bu tush shunchalar aniq ediki, men haligacha uning har bir daqiqasini eslayman. Keyin tushundimki, bu tush men oilamni yana ham qattiqroq himoya qilishim, asrab-avaylashimga ishora bo‘lgan ekan”, – deydi u.

Oradan vaqt o‘tib, Jo‘mard va Dilnozaning birinchi qizi Yasmina va keyinroq ikkinchi qizi Safia tug‘iladi. Shundan keyin u oila qurgani haqida ota-onasiga aytishga qaror qiladi.

Uyimdagilar uylanganimni juda og‘ir qabul qilishdi. Ularni tushunaman, buni O‘zbekistonda ko‘pchilik qabul qila olmaydi. Boshida o‘zimiz ham Dilnoza bilan ko‘cha-ko‘yda masofa saqlab yurardik. Lekin keyin odamlarning gap-so‘zi bizni qiziqtirmay qo‘ydi. Biz o‘zimiz uchun oilamiz sharini yasab, o‘shaning ichida odamlarning gap-so‘zidan panada yashaymiz”, – deydi Jo‘mard.

Jo‘mardning ota-onasi nabiralarini ko‘rishga kelib turishadi. Biroq ularga Amerika elchixonasidan hali javob kelgani yo‘q. Dilnoza va Jo‘mard esa haliyam Amerikaga muzlatib qo‘yilgan Green card’lari uchun viza chiqishidan umidvor.

Turmush o‘rtog‘im Jizzaxdagi IT'ga ixtisoslashgan hindistonliklarning o‘qishida o‘qiydi. O‘qishi kontrakt bo‘lishiga qaramay, u tinimsiz o‘qib, har yili 22 millionlik grantlarni yutib olyapti. Bundan tashqari yaqinda “Ta’lim fidoyisi” degan medal bilan ham taqdirlandi. Aks holda 3 bola bilan qiynalib qolar edik”, – deydi Dilnoza.

Dilnoza Jo‘mardning o‘qib ishlashiga qarshilik qilganini, yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun ishlamay o‘qishga vaqt ajratish kerakligini aytadi.

Men o‘zim xorijga ketishim mumkin. Lekin oilamsiz ketishni xohlamayman. Ularning har qanday yaxshi va yomon kunida yonida bo‘lishni xohlayman. Amerika elchixonasidan esa hali umidimizni uzganimiz yo‘q”, – deb yaxshi niyatlar bilan suhbatni yakunladi Jo‘mard.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustalari – Nuriddin Nursaidov, Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: