«Arsenal» raqib fanatlarini 17-daqiqadayoq stadionni tark etishga majbur qildi

Sport 11:05 / 05.03.2024 19878

«Sheffild Yunayted» — «Arsenal» 0:6
Gollar:
Edegor (5), Bogl (13, avtogol), Martinelli (15), Haverts (25), Rays (39), Uayt (58).
«Sheffild Yunayted» – Grbich, Bogl, Robinson, Ahmedhojich (Arblaster, 64), Trasti, Makati (Boldok, 46), Hamer, Norvud (Osborn, 17), Devis (Bruks, 46), Vinisius, Makberni (Osula, 46).
«Arsenal» – Rayya, Uayt (Soaresh, 65), Gabriel, Saliba, Kivior, Jorjinio (Parti, 65), Edegor, Rays (Trossar, 74), Haverts, Martinelli (Jyezus, 64), Saka (Viyeyra, 46).
Ogohlantirish: Bogl (29).

«Arsenal» APLning 27-turini safarda «Sheffild Yunayted» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonish bilan yopib berdi.

«Arsenal»ning chempionlik uchun kurashdagi raqiblari — «Liverpul» va «Manchester Siti» — o‘z uchrashuvlarini oldinroq o‘tkazgan va qiyinchilik bilan g‘alabaga erishgandi. Bu klublarni uzoqlashtirib yubormaslik uchun Mikel Arteta jamoasi g‘alaba qozonishi talab etilardi. Raqib esa buning uchun o‘ta qulay edi: «Sheffild» — liga turnir jadvalidagi so‘nggi pog‘onada joylashgan. Mezbonlar maydonga shunday holatda chiqishdiki, xuddi ligada jon saqlab qolish uchun matematik imkoniyatlari ham qolmagandek.

Birinchi bo‘lim to‘lig‘icha mezbonlar jarima maydoni atrofida kechdi. «Arsenal» o‘yinning 80 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi va raqibnikidan 16 baravar ko‘p zarba berdi (1 ga qarshi 16). Arteta jamoasi tanaffusga qadar yuqori samaradorlik namoyish etdi — olti zarba darvoza sohasiga to‘g‘ri borib, shundan beshtasi golga aylandi. Ish shunga borib yetdiki, «Sheffild»ning ayrim muxlislari 17-daqiqadayoq stadionni tark eta boshladi. Bu vaqtda mezbonlar uchta gol o‘tkazishga ulgurgandi.

«Sheffild» bu o‘yinda hech narsadan umid qila olmasligi ikkinchi daqiqadayoq ayon bo‘lib ulgurgandi. Bu vaqt ichida Bukayo Sakaning zarbasi to‘sindan qaytdi, Gabriel Martinellining darvoza to‘riga kirib borayotgan zarbasini himoyachi to‘sib qoldi. Uch daqiqa o‘tib «Arsenal» baribir hisobni ochdi. Mehmonlar hujum chizig‘i vakillari barcha harakatlarni chiroyli bajarishdi va Martin Edegor to‘pni olis burchakka yumalatib yubordi. Bu vaqtda esa «Sheffild» vakillari futbol tomosha qilib turishdi.

Keyin vaziyat mezbonlar uchun yanada og‘irlashdi. Sakaning qanotdan uzatmasidan keyin Jyeyden Bogl to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi, Martinelli esa Yakub Kivior bilan devor uslubida o‘ynab darvozani ishg‘ol etdi. 15-daqiqaga kelib 0:3! Bunday azoblanish ayrim muxlislarning joniga tegdi va ular stadionni tark etishga kirishishdi. «Sheffild» esa tanaffusga qadar yana ikki bor gol o‘tkazib yubordi.

Kay Havers o‘zi uchun vaziyat yaratib, jarima maydoniga kirib bordi va olis burchakka ideal zarba yo‘lladi, Deklan Rays esa Sakaning uzatmasini golga aylantirdi. Aftidan, bunday yomon holatdagi «Sheffild»ga 41 yoshli Arteta ham gol urgan bo‘lardi. Yakunda ilk 45 daqiqalikda «Arsenal» himoyachisi Uilyam Salibaning o‘zi «Sheffild»ning barcha futbolchilaridan ko‘ra ko‘proq uzatma bergani ma’lum bo‘ldi (74 ga qarshi 80). Arbitr Semyuel Barrott esa birinchi bo‘limga besh daqiqa qo‘shib berib, betaraf muxlislarni xushnud etdi.

Tanaffusdan keyin tribunalarda yanada ko‘proq o‘rindiqlar bo‘sh qolganini ko‘rish mumkin edi. O‘yinning qolgan qismi rasmiyatchilikka aylandi — uni 15-daqiqada to‘xtatsa ham bo‘lardi. Arteta tanaffusda jamoa yetakchilaridan biri Sakani asrash uchun zaxiraga oldi va jarohatdan tuzalgan Viyeyraga o‘ynashga imkon berdi. «Arsenal» to‘xtash haqida o‘ylamadi: Ben Uayt jarima maydoniga kirib olis burchakka chiroyli zarba yo‘lladi va londonliklarning darvozabondan boshqa barcha chiziqlari vakillari maydonni golsiz tark etmaydigan bo‘ldi.

Ammo bu o‘yin «Arsenal» uchun ideal yakunlanmadi. Chunki Martinelli jarohatlandi. Avvaliga braziliyalik hujumchining ko‘ziga zarba berildi, ammo u o‘ynashda davom etdi. Keyin esa raqib bilan navbatdagi to‘qnashuvdan keyin maydonni tark etdi. Gabriel oyoqqa tura olmadi, uni gazondan Jorjinio va «Arsenal» shifokorlaridan biri ko‘tarib olib ketdi. Arteta uni barcha masala hal bo‘lgan o‘yinda vaqtliroq almashtirmaganiga afsuslangani aniq.

6:0, 5:0, 4:1, 6:0 — «Arsenal»ning Angliya chempionatidagi so‘nggi to‘rt o‘yinidagi natijalar. Jamoa APLda barchadan ko‘proq gol urgan (68 gol). APLdagi to‘plar nisbati bo‘yicha eng yaxshi farq ham «Arsenala»da (+45). Ammo londonliklar hamon turnir jadvalida peshqadam va ikkinchi o‘rindan mos ravishda 2 va 1 ochkolik farq bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Lekin jamoalarning ochkolari teng kelib qolgan taqdirda birinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi, bu borada «Arsenal» «Liverpul»dan (+6) ham, «Siti»dan (+10) ham ancha yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etmoqda. Keyingi turda esa birinchi va ikkinchi o‘rin vakillari o‘zaro uchrashadi, «Arsenal» «Brentford»ni qabul qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: