Armaniston G‘arbga yuzlanmoqda. Rossiyaning reaksiyasi qanday bo‘ladi?

Jahon 15:16 / 27.02.2024 9189

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan uning mamlakati Rossiya yetakchiligidagi harbiy tuzilma – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi faoliyatini muzlatganini e’lon qildi. “Geosiyosat” mavzu atrofidagi savollar bilan siyosiy tahlilchilar Bektosh Berdiyev va Kamoliddin Rabbimovga yuzladi.

— Qanday sabablar Armanistonni KXShTdagi a’zoligini to‘xtatishga majbur qildi va bu qaror qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Bektosh Berdiyev: — 2020 yildagi urushda Ozarboyjon qo‘li baland keldi, Turkiya qo‘lladi uni. Rossiya bu urushda Armanistonni qo‘llamadi, buning bir qancha sabablari bor. Birinchi sabab Armanistondagi yangi siyosiy elita, ya’ni Pashinyan hokimiyati. Pashinyanga qadar Armanistondagi hukumat rossiyaparast edi va siyosiy jarayonlar Rossiya ko‘rsatmalari asosida bo‘lar edi. Pashinyan esa G‘arbga moyillik ko‘rsata boshladi. Shuning uchun Rossiya Pashinyan hukumatini urushda qo‘llamadi, qo‘shtirnoq ichida jazolash uchun. Ikkinchi tomondan Ozarboyjon zamonaviy harbiy qurollarga ega edi, Armanistonda esa eski sovet texnikalari, qurollari edi.

Urush natijasida Armanistonda kuchlar ikkiga bo‘lindi. Birinchi guruh Pashinyanni qo‘lladi, ikkinchi guruh esa Pashinyanni aybladi, Rossiyadan uzoqlashtirgani uchun yengildik degan fikrda bo‘lishdi, bular rossiyaparast kuchlar edi. Rossiyaning o‘zida juda katta arman diasporasi bor, ular rossiyaparast kuchlarni qo‘llashadi.

Pashinyan doimiy dushman davlatlar orasida yashab bo‘lmaydi, degan fikrga keldi. Chunki bir tomonda Armanistonni xushlamaydigan Ozarboyjonni qo‘llovchi Turkiya, Ozarboyjonning o‘zi ham Armanistondan har tomonlama ustun.

Armanistonning mavjudligi ma’lum bir ma’noda Rossiyaga bog‘liq bo‘lgan, bundan keyin ham Rossiya omili o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi, chunki Rossiya yordami, aralashuvi bilan Armaniston mavjud. Armanistonning Rossiyasiz ham mavjud bo‘lib qolishi Pashinyanning qarorlariga bog‘liq. Agar Pashinyan Ozarboyjon va Turkiya bilan do‘stlik siyosatiga erishsa, unda Armaniston yashab qoladi deyishimiz mumkin. Agar yana “buyuk arman millati” g‘oyasidan kelib chiqib yondashilsa, Armaniston juda og‘ir ahvolda qoladi.

Kamoliddin Rabbimov: — Global va mintaqadagi siyosiy vaziyatda Rossiya uchun Armaniston loyihasini qo‘llash nihoyatda qimmatga tusha boshladi. So‘nggi yillarda mintaqadagi Rossiyaning asosiy hamkorlaridan biri Turkiya, qolaversa, Kavkazda turkiy davlat bo‘lmish Ozarboyjon bor, Markaziy Osiyoda ham 4 ta turkiy davlat bor. Haligacha ko‘plab musulmon davlatlari Armaniston bilan ikki tomonlama elchixona ochish darajasidagi munosabatlarni yo‘lga qo‘ymagan, Pokiston esa aynan Qorabog‘ sababli Armanistonni hali davlat sifatida tan olmagan.

Ukraina urushi boshlangach, possovet hududida Rossiyaga nisbatan munosabat qayta ko‘rib chiqila boshlandi. Pashinyan qarashlari liberal, lekin rasmiy Yerevan har qanday siyosiy tuzumda arman millatchiligi omilini inkor qilmaydi. Ozarboyjon Qorabog‘ni qaytarib olishga ko‘p yillar tayyorlandi. Armanistonning Qorabog‘ni qaytarib olishga salohiyati yetmaydi. Birinchidan demografik jihatdan, Armaniston aholisi 4 mlndan ortiq, Ozarboyjon aholisi esa 10 mlndan ortiq. Qolaversa, Ozarboyjon neft hisobiga katta daromad oladi, buning hisobiga zamonaviy armiya yaratdi va Qorabog‘ni qaytarib oldi. Xalqaro qonunchilikka ko‘ra Qorabog‘ Ozarboyjon hududi sifatida tan olingan. Armaniston ikkinchi Isroil bo‘lishga urindi, ya’ni qo‘shni davlat yerini bosib olib, qudratli davlatlardagi lobbilari yordamida yerlarni o‘zlashtirmoqchi bo‘ldi, lekin uddalay olmadi. 40 kunlik urushda Rossiya tomoni Ozarboyjon o‘z hududini qaytarish uchun urishyapti, agar Armanistonning hududiga daxl qilsa, biz yordam beramiz, dedi.

Aslida Armaniston so‘nggi 2-3 yilda KXShT loyihalarida ishtirok etmayapti, allaqachon de-fakto faoliyatini muzlatgan, endi rasmiylashtiryapti. Agar Pashinyan G‘arbdan yaxshi ittifoqchilar topsa, Turkiya va Ozarboyjon bilan kelisholsa, Rossiya bilan munosabatlarni butunlay qayta ko‘rib chiqadi. Lekin Ozarboyjon bilan taranglik bor haliyam, yaqinda Pashinyan o‘z intervyusida Ozarboyjon biz bilan tinchlik sulhi imzolamoqchi emas, bizning hududlarni ham bosib olmoqchi, dedi. Buni Ozarboyjon rasmiylari rad etdi, lekin o‘tgan yili bir qancha ozarboyjonlik hokimiyatga yaqin bo‘lgan shaxslar shunga o‘xshash fikrlar aytgandi, ya’ni ikki tomonning ham propagandasi bor. Lekin menimcha, Turkiya va Ozarboyjon mintaqada yangi bir konflikt yaratishdan manfaatdor emas.

— Rossiyaning vaziyatga munosabati qanday bo‘ladi va bu Moskvaning KXShTdagi boshqa a’zolar bilan munosabatlariga qanday ta’sir qiladi?

Bektosh Berdiyev: — Rossiya Armanistonni jazolash choralarini ko‘radi. Eng samarali jazolash esa Armaniston ichidagi rossiyaparast muxolifatni qo‘llash bo‘ladi va ular orqali Pashinyan hokimiyatini ag‘darishga harakat bo‘lishi mumkin. Rossiya va Turkiyaning kelishuviga ham ko‘p narsa bog‘liq. Pashinyan Qorabog‘ga Fransiya tinchlikparvar kuchlarini olib kirishga harakat qilgan edi. Lekin Erdo‘g‘an va Putin uchrashuvida Qorabog‘dagi hokimiyatni Ozarboyjonga topshirishga Putin rozi bo‘ldi. Chunki Pashinyan tashabbusi bilan Yevropaning birorta tinchlikparvar kuchi kelsa, NATO keldi degani edi, Rossiya esa buni xohlamasdi. Rossiya Ozarboyjon bilan kelisha oldi ma’lum ma’noda.

Armaniston janubidagi harbiy baza Eron bilan chegarani nazorat qilish uchun deyiladi, lekin asosiy maqsadi Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi Zangezur koridoriga yo‘l qo‘ymaslik, chunki Rossiya turkiy davlatlar birlashuvidan manfaatdor emas.

Kamoliddin Rabbimov: — Aslida KXShTda hamjihatlik yo‘q allaqachon. Masalan, Rossiya va Qozog‘iston munosabatlari ma’lum, Rossiya bilan Tojikiston va Qirg‘iziston munosabatlari ham chigallashib turadi vaqti-vaqti bilan. KXShT tuzilgandayoq ko‘plab ekspertlar o‘lik tashkilot degan. Chunki qaraydigan bo‘lsak, Armaniston tashkilot a’zosi, lekin Ozarboyjon a’zo emas, Markaziy Osiyoda esa turkiy davlatlar bo‘lmish Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo. Bir necha o‘n yil oldin 2020 yildagi urush bo‘lishi taxmin qilingan edi va shu vaziyatda Turkiy davlatlar bo‘lmish Qozog‘iston va Qirg‘iziston Ozarboyjonga qarshi bo‘ladimi, degan savol qo‘yilgandi. 2020 yildagi urushda Qozog‘iston ham, Qirg‘iziston ham to‘liq, ma’nan Ozarboyjon tarafida bo‘ldi, Qozog‘iston harbiy texnik yordam ham ko‘rsatdi.

KXShT doirasidagi inqiroz Ukraina urushi fonida yanada kuchaydi. Ikkinchi inqiroz Armaniston atrofida yuz beryapti. Bundan oldinroq 2022-2023 yillarda bunday salbiy signallar Qirg‘iziston tomonidan ham bo‘lgandi. Ya’ni Qirg‘iziston KXShT harbiy mashqlarining bittasini bekor qildi, bittasida esa ishtirok etmadi. Bu KXShT ichida munosabatlar teng emasligiga signal hisoblanadi.

— Armanistonning G‘arbga oriyentir olishi Ozarboyjon bilan qaytadan ziddiyatga sabab bo‘lmaydimi?

Bektosh Berdiyev: — G‘arb davlatlari arman lobbisi ta’sirida Armanistonni qo‘llashga harakat qiladi. Lekin Turkiya omili ham bor bu yerda. Fransiya Armanistonni qo‘llab, Turkiya bilan bevosita munosabatlar sovuqlashishi mumkin. Lekin bugungi Armaniston siyosiy, iqtisodiy, harbiy jihatdan Ozarboyjon bilan ziddiyatga bora olmaydi. Armaniston Ozarboyjon bilan nizoga kirish uchun ruhiy tayyormi, degan masala ham bor, Ozarboyjon g‘alaba ustiga yana g‘alaba qo‘lga kiritdi, bunday vaziyatda ularning ruhi baland. Agar KXShTdan chiqadigan bo‘lsa, Ozarboyjon Armaniston hududiga kirsa ham, Rossiya monelik qilolmaydi. Bir paytlar Stalin tomonidan Armanistonga taqdim qilingan yerlarni tortib oladigan darajada kuchga ega Ozarboyjon. Pashinyanning oldidagi yo‘l Turkiya, Ozarboyjon, Gurjiston bilan do‘stlik munosabatlarini o‘rnatish, G‘arbga suyanish doim ham o‘zini oqlamaydi. To‘g‘ri, AQShda arman lobbisi kuchli, Qorabog‘ urushi paytida ham jar soldi ular, lekin foyda bermadi. Rossiyaparast arman lobbisi esa ko‘proq Rossiya manfaatiga ishlaydi, chunki Rossiyadan moddiy, siyosiy kuch olishadi ular. Armanistonning Ozarboyjon bilan urishishi Turkiya bilan to‘qnashishni ham bildiradi, Yevropadan katta yordam olsa ham, Rossiya qo‘llamasa, samarasiz bo‘lishi mumkin.

— Armaniston to‘la G‘arbga yo‘nalish olsa va yaqinlashsa, shunday holatda Ozarboyjon bilan ziddiyatga kirishadimi yana?

Kamoliddin Rabbimov: — Armanistonda yangi urush uchun resurslar yo‘q. NATOga a’zo bo‘lish uchun esa ancha vaqt ketadi, bu vaqt ichida esa ko‘p narsa bo‘lib ketishi mumkin. Hech bir davlat NATOga qisqa muddatda kirmagan. Finlandiya va Shvetsiya boshqa masala, ular NATOda de-fakto mavjud edi, faqat rasmiylashtirish qolgandi. Rossiya Kavkaz mintaqasini G‘arb geostrategiyasiga berishni istamaydi; Xitoy bu yerda transport koridorlari ochiq bo‘lishini istaydi. Turkiya ham Armanistonga G‘arb kirib kelishini istamaydi, chunki Fransiya omili bor. Turkiyaning YeIga kirishiga qat’iy veto qo‘yayotgan birinchi davlat Fransiya hisoblanadi. NATO ichida ham Fransiya va Turkiya qarashlari to‘g‘ri kelavermaydi. Bir tomondan Eron ham Kavkazda G‘arb kuchlari bo‘lishini istamaydi, shuning uchun G‘arb davlatlari ishtirokini ta’minlashga imkoniyat berilmasa kerak deb o‘ylayman.

— Rossiya 102-harbiy bazasining Armaniston hududidagi kelajagi nima bo‘ladi va bu hududiy xavfsizlikka qanday ta’sir qiladi?

Bektosh Berdiyev: — Rossiya endi vaziyat qanday o‘zgarishini kuzatadi. Agar harbiy baza olib chiqilishi masalasi qo‘yilsa, jon-jahdi bilan bunga qarshi bo‘ladi. Geosiyosiy o‘yinchilarning bir o‘rnashgan joyidan chiqib ketishi qiyin bo‘ladi. Birinchi o‘rinda Rossiya bu mintaqaga NATO kirib kelishini istamaydi va shuning bu harbiy qismni qo‘llab turadi. Rossiyaparast kuchlar ta’siri ham bor. Rossiya tezroq Pashinyanni hokimiyatdan chetlatishga harakat qiladi. Hokimiyatga rossiyaparast kuchlar kelsa ham vaziyat birdan o‘zgarmaydi. Chunki Rossiya siyosiy ta’sir qilgani bilan iqtisodiy va harbiy yordam qilolmaydi, bunga imkoniyat yo‘q hozir.

— Arman jamoatchiligida munosabat qanday?

Bektosh Berdiyev: — Ikki xil munosabat bor. Rossiya bilan birga bo‘lishimiz kerak degan kuchlar bor, chunki ko‘plab armanlar Rossiyada mehnat qiladi, iqtisodiy bog‘liqlik kuchli. Yosh avlod esa Rossiyaga bog‘liqlikni istamaydi, G‘arbga bog‘lanishni, Gurjiston singari barqaror iqtisodiyotga erishishni istaydi. Yana bir kuchlar bor — harbiylar. Harbiylar elitasining katta qismi Rossiyaga bog‘liq holda Armaniston xavfsiz bo‘ladi, degan fikrda. Ular Rossiya harbiy baza saqlanib qolishini istaydi.

Kamoliddin Rabbimov: — Armanistondagi Rossiya harbiy bazasi Turkiya chegarasiga yaqin, 5 ming Rossiya harbiylari bor. Eng qudratli raketa tizimlaridan biri C-300 joylashtirilgan. Jimoliy Kavkaz harbiy okrugiga bo‘ysunadi. Bu baza Rossiyaning kuchli ta’sir qilish richaglaridan biri, Turkiyaga ham, Ozarboyjonga ham signal bo‘lishi mumkin edi. Lekin 90-yillarda Ozarboyjon G‘arb bilan yaqin aloqada bo‘lsa-da, NATOga a’zo bo‘lishni vazifa qilib qo‘ymagan edi, shuning uchun Rossiya Ozarboyjondan xavfsiramagan. Ikkinchi omil esa Ozarboyjon hokimiyati ham avtoritar ekani Putin hokimiyati bilan til topisha oladi. Ilhom Aliyev va Erdo‘g‘an xalqaro diplomatiyani, Rossiya tilini yaxshi tushunadi. Putin Erdo‘g‘an bilan Sochidagi uchrashuvda ham G‘arbning kirib kelishining oldini olish bo‘yicha kelishuvlar bo‘lgan. 1990-2000-yillarda Kavkazdagi eng rossiyaparast davlat Armaniston edi, bugun u yerda demokratiya ishlayapti. Pashinyan yumshoq inqilob orqali hokimiyatga kelgan, shuning uchun ham Putin uni yomon ko‘radi. Pashinyan faoliyatini jurnalist sifatida xalqaro tashkilotlar bilan boshlagan edi. Shunday vaziyat yuzaga keldiki, Armanistonda Qorabog‘ni ushlab turishga resurs qolmadi, Rossiya esa xalqaro qonunchilik va o‘zining geostrategik manfaatlariga ko‘ra bu loyihani qo‘llashga irodasi qolmadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: