AQSh Belarusdagi saylovlarni «qo‘rquv muhitida o‘tgan jarayon» deb atadi

Jahon 13:52 / 27.02.2024 3198

AQSh Davlat departamenti bir kun avval Belarusda bo‘lib o‘tgan mamlakat parlamenti va mahalliy kengashlarga saylovlarni soxta deb atadi. Bu haqda departament rasmiysi Metyu Miller 25 fevral kuni Davlat departamenti saytida yozdi. Millerning aytishicha, ovoz berish «saylov jarayonini demokratik deb atash mumkin bo‘lmagan qo‘rquv muhitida» o‘tgan.

Amerika rasmiylari vakili, shuningdek, Minsk rejimi 1400 dan ortiq siyosiy mahbuslarni ushlab turishda davom etayotganini eslatdi. «Barcha mustaqil siyosiy arboblar yoki qo‘lga olindi, yoki davlatdan chiqarib yuborildi. Barcha mustaqil siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish rad etildi», - deyiladi bayonotda. Bundan tashqari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti saylovlarni kuzatishdan bosh tortdi, deya qo‘shimcha qildi Miller.

Xuddi shu nuqtayi nazar Germaniyada ham mavjud. «Bizning fikrimizcha, kechagi saylovlar, xuddi 2020 yilning avgustida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari kabi, saylovlar simulyatsiyasi edi. Ular na erkin, na adolatli bo‘ldi va hech qanday tarzda, hatto minimal demokratik standartlarga ham javob bermadi», - dedi Germaniya hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Kristian Xoffman.

Muxolifatga saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilmadi

Belarusda parlament saylovlari bir kun oldin, 25 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Muxolifat vakillarining ishtirok etishiga ruxsat berilmadi. Bu mamlakatda 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyingi birinchi ovoz berish bo‘lib, o‘shanda u keng ko‘lamli soxtalashtirish va qonunbuzarliklar tufayli ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan. O‘sha saylovlar natijalari G‘arb davlatlari tomonidan tan olinmagan, keyin esa noroziliklar rasmiylar tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan.

Parlament saylovoldi tashviqotiga to‘rtta siyosiy partiyadan nomzodlar kirdi: 2023 yilda tuzilgan va mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlovchi «Belaya Rus» tashkiloti, 1996 yildan beri mavjud bo‘lgan Kommunistik partiya, Mehnat va adolat respublika partiyasi (RPs), Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlaydigan va o‘zini «konstruktiv muxolifat» deb ataydigan Liberal-demokratik partiya (LDPB).

Tixanovskaya saylovlarga e’tibor bermaslikka chaqirdi 

Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya joriy saylovlarni «o‘z xalqiga qarshi harbiy operatsiya» deb atadi va ularga e’tibor bermaslikka chaqirdi. «Bugungi kunda Belarusdagi tuzum saylovlari hech qanday demokratik standartlarga javob bermaydi va ko‘proq o‘z fuqarolariga, konstitutsiyaga va sog‘lom fikrga qarshi harbiy operatsiyaga o‘xshaydi. Men belaruslar va xalqaro hamjamiyatni bu yolg‘onni qat’iyan rad etishga chaqiraman», - dedi Tixanovskaya.

Lukashenko saylov uchastkasida jurnalistlar bilan suhbatda uni hokimiyatdan ag‘darishga hech kim erisha olmasligini aytdi. «Ularning hech bir varianti, hatto eng radikali ham Belarusda ishlamaydi. Biz avvalgi xatolarimizdan qanday xulosa chiqarishni bilamiz. Shuning uchun ularda umid qiladigan narsa yo‘q», - dedi u. Bundan tashqari, mamlakatni qariyb 30 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko 2025 yilda yana prezidentlikka - ketma-ket sakkizinchi muddatga saylanish niyatida ekanligini tasdiqladi. 

Ko‘proq yangiliklar: