«Real» o‘yinida hakam almashtirildi, Modrich Ramosning Madridga qaytishini soyada qoldirdi

Sport 14:00 / 26.02.2024 31988

Ispaniya: Madridda markaziy o‘yin

«Real» — «Sevilya» 1:0
Gol:
Modrich (81).
«Real» – Lunin, Nacho (Modrich, 75), Ryudiger, Mendi, Kroos, Valverde, Chuameni, Vaskes, Dias (Seballos, 90), Vinisius, Rodrigo (Rodriges, 90+4).
«Sevilya» – Nyuland, Navas (Xuanlu Sanches, 75), Ramos, Bade, Salas (Nyanzu, 90+1), Okampos (Yanuzay, 90+1), Oliver Torres (Suso, 75), Sou, Sumare, An Nosiri, Romero (Velis, 75).
Ogohlantirishlar: Kroos (35), Okampos (70), Nyanzu (90+1), Sou (90+8).

«Real» muxlislari uchun yaxshi yangilik: Ryudiger tiklandi va yana boshlang‘ich tarkibda o‘ynamoqda. Ammo hali safga qaytmaganlar ham ko‘pchilik (Kurtua, Militao, Alaba, Bellinghem, Xoselu jarohatlangan, Kamavinga va Karvahal diskvalifikatsiyaga uchragan). Madridliklar tarkibdagi muammolarga qaramay uzoq vaqt davomida g‘alabali seriyani davom ettirdi, ammo fevralga kelib «Real» bir necha bor ochko yo‘qotdi va bu safargi o‘yin ham juda og‘ir kechdi.

Tarkibdagi muammolar haqida har hafta gapiriladi, «Santiyago Bernabeu»ga Serxio Ramosning tashrifi esa — e’tiborga molik voqea. «Har doimgi maqsad qo‘yilgan o‘ziga xos o‘yin. G‘alaba qozonish», — deya yozdi o‘yindan oldin andalusiyaliklarni maydonga sardor sifatida boshlab tushgan va tribunadagilar olqishi ostida qarshi olingan faxriy futbolchi.

Sakkizinchi daqiqadayoq «Sevilya» hujumchisi An-Nosiriy 10 metr masofadan turib, hech kim xalaqit bermaganiga qaramay aniq zarba yo‘llay olmadi. Shundan keyin ko‘p o‘tmay «Real» gol urdi, ammo Vaskesning goli VAR tomonidan bekor qilindi. Takrorda Nacho gol urilgan hujum davomida fol ishlatgani tasdiqlandi.

«Sevilya» ancha tartibli o‘yin namoyish etdi. Jamoa orqa chizig‘ida besh himoyachi saf tortdi, mavsumning birinchi qismida umuman bunday sxemada o‘ynalmagandi, ammo Kike Sanches Flores davrida bu odatiy holatga aylanmoqda. Mehmonlar shu qadar chuqur himoyalanishdiki, chiziqlar orasida bo‘shliqlar qoldirilmadi. Ba’zi holatlarda esa eng oxirgi chiziqda olti futbolchi joylashdi.

Mehmonlar quyi blokda himoyalandi va chiziqlar orasida bo‘shliqlar qoldirilmadi

Birinchi bo‘lim maydon egalari uchun asabiy kechdi. Bosh hakam tanaffusga qadar ikki bor sariq kartochka ko‘rsatdi va ikkisini ham – «Real» vakillariga. Anchelotti va Kroos hakamga ortiqcha hissiyot bilan shikoyat qilgani uchun ogohlantirildi.

Ikkinchi bo‘limda esa vaziyatlar ko‘paya boshladi. 49-daqiqada Valverdening zarbasi o‘xshamadi, ammo to‘p uning oyog‘idan baribir «Sevilya» darvozsi ustuniga bordi, Rodrigoning reydi yakunidagi zarba ham noaniq ketdi. Mehmonlar esa namunali qarshi hujum uyushtirishdi va Romero yaxshi zarba berdi, ammo Lunin qutqardi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida kutilmaganda bosh hakam jarohat oldi. Shu o‘rinda Florentino Peres «Real»ning golini inobatga olmagan bosh hakamni almashtirgani haqidagi hazil tarqaldi. Translatsiyada ham xuddi shunga ishora qilgan olda madridliklar prezidenti o‘tirgan tribuna namoyish etildi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida kutilmaganda bosh hakam jarohat oldi
Foto: ANGEL MARTINEZ/GETTY IMAGES

Yakunda esa hakamlik emas, Anchelottining futbolchi almashtirishlari qo‘l keldi. Italiyalik murabbiy Modrichni maydonga tashladi va darhol sardorlik bog‘ichini olgan xorvatiyalik futbolchi 81-daqiqada bir harakat bilan jarima maydoni ichidan chiqib kelgan to‘pni egallab oldi va birinchi harakat bilan himoyachi ta’qibidan qutulib, ikkinchi teginishda darvozabon yeta olmaydigan trayektoriyada qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. 38 yoshli Modrichning shartnomasi muddati uch oydan keyin yakunlanadi, ammo u hali ham jamoaga foyda keltirmoqda.

«Sevilya» durang hisobni saqlab qolishga yaqin edi, ammo uddalay olmadi. O‘yindagi yana bir yorqin vaziyat qo‘shimcha daqiqalar o‘tayotganida Anchelotti tovoni bilan to‘pni to‘xtatish tryukini namoyish etishi va mahalliy fanatlarni xushnud qilishi bo‘ldi.

Anchelottining tovoni bilan to‘pni to‘xtatishi o‘yin oxiridagi eng yorqin vaziyat bo‘ldi
Foto: Trnanslyatsiyadan kadr

«Real» qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi va «Barselona»dan sakkiz ochkolik farqni saqlab qoldi. «Jirona» esa tur o‘yinini bugun o‘tkazadi.

Italiya: Lautaroda yubiley gol

«Yuventus» — «Frozinone» 3:2
Gollar:
Vlahovich (3, 32), Rugani (90+5) — Sheddira (14), Breshianini (27).
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo, Rugani, Bremer, Gatti (Milik, 87), Kostich (Vea, 62), Rabio (Alkaras, 29), Lokatelli, Makkenni (Ayling, 87), Kiyeza (Yildiz, 62), Vlaxhovich.
«Frozinone» – Cherofolini, Dzortea, Romanioli, Lirola (Monterisi, 90+5), Okoli, Valeri, Matssitelli (Jyelli, 87), Harrui (Barrenechea, 73), Breshianini, Sule (Sek, 87), Sheddira (Kayo Jorjye, 73).
Ogohlantirishlar: Bremer (7), Valeri (64), Cherofolini (70), Lokatelli (71).

Bir oy davomida g‘alaba qozonmagan «Yuventus» (=2-2) qiynalishda davom etmoqda. Holbuki inqirozdan chiqish uchun «Frozinone» juda qulay raqib bo‘lib ko‘ringandi. Ammo hatto Vlahovichning tezkor goli ham asabbuzarlikdan qutqara olmadi. Serbiyalik hujumchi raqib jarima maydoni markazida turib, to‘pni burchakka joylagan holda dublni rasmiylashtirganida bu gol faqat hisobni tenglashtirishga yaradi, chunki uning birinchi goliga javoban mehmonlar ikki bor javob qaytargandi.

Massimiliano Allegri bu borada o‘tgan turdan keyin to‘xtalib o‘tgandi: «So‘nggi vaqtlarda raqib har hujumga o‘tganida bizga gol uradigandek hissiyot paydo bo‘lmoqda». Tan olish kerakki, bunday tasavvur hali ham yo‘qolmagan. Lekin «Keksa sinoralar» uslubida qo‘shimcha daqiqalarda urilgan gol evaziga qo‘lga kiritilgan g‘alaba bor. Ruganining goli Allegri A seriya murabbiylari orasida birinchi bo‘lib 1000 ochkolik dovonni zabt etishiga imkon berdi.

«Lechche» — «Inter» 0:4
Gollar:
Martines (15, 56), Frattezi (54),) de Vrey (68).
«Lechche» – Falkone, Jandre, Baskirotto, Tuba (Gonsales, 57), Gallo, Blen, Ramadani (Berisha, 79), Rafiya (Kaba, 58), Sansone (Banda, 57), Almkvist (Uden, 77), Pikkoli.
«Inter» – Audero, Dumfris, de Vrey, Bissek, Karlos Augusto, Dimarko (Byukenen, 76), Mxitaryan (Klassen, 64), Frattezi (Akinsanmiro, 76), Aslani (Barella, 55), Sanches, Martines (Arnautovich, 65).
Ogohlantirishlar: Sansone (3), Aslani (38), Mxitaryan (63).

«Inter» esa bu vaqtda Simone Indzagining murabbiylik faoliyatidagi ilk skudetto tomon intilmoqda. Agar barcha turnirlar qo‘shib hisoblansa, neradzurrilar yil boshidan buyon barcha o‘n o‘yinda g‘olib bo‘lishgan. «Lechche» bilan o‘yinda Lautaro Martines diqqat markazida turdi va gap u mehmonlarning gollarining yarmini urganida ham emas. Argentinalik hujumchi har qanday forvard uchun qadrli bo‘lgan natijaga erishdi va «Inter» libosidagi gollari sonini yuztaga yetkazib qo‘ydi. Bundan tashqari, Martines — A seriyada so‘nggi 65 yillikda qatorasiga uch mavsumda kamida 20 tadan gol urgan beshinchi futbolchiga aylanidi. Undan avvalgilar ro‘yxati nomdor futbolchilardan tarkib topgan — Batistuta, Di Natale, Kavani va Krishtianu Ronaldu.

Germaniya: Dortmundda bo‘ron

«Borussiya» D — «Hoffenhaym» 2:3
Gollar:
Malen (21), Shlotterbek (25) — Bebu (2), Bayyer (61, 64). 
«Borussiya» D – Mayyer, Ryuerson (Hummels, 79), Shlotterbek, Jan, Matsen (Adeyyemi, 75), Roys (Dyuranvil, 87), Zabitser, Brandt, Malen, Sancho (Bayno-Gittens, 75), Fyullkrug (Mukoko, 75).
«Hoffenhaym» – Baumann, Kaderjabek, Bruks, Qoboq, Grillich, Shtax, Tohumju (Beker, 79), Kramarich (Gayger, 67), Bebu (Byulter, 79), Bayyer (Vegorst, 79), Skov (Yurasek, 49).
Ogohlantirishlar: Tohumju (24), Zabitser (45), Bruks (90+3), Gayger (90+4), Malen (90+5).

Navbatdagi tur — «Borussiya»ning beqaror o‘yinini yaqqol ifodalovchi illyustratsiya bo‘ldi. Avvaliga bu safar barchasi Dortmund foydasiga kechadigandek ko‘rinayotgandi. Jumladan, raqiblarning natijalari ham, xususan «Shtutgart» kutilmaganda «Kyoln»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotdi (1:1), «Leypsig» esa oxirgi daqiqalarda «Bavariya»ga yutqazdi (1:2). Birini quvib yetish, boshqasidan uzoqlashib ketish — va dortmundliklar uchun barchasi shunchaki ajoyib bo‘lardi. Tezkor gol o‘tkazib yuborilganiga qaramay «asalarilar» birinchi bo‘limdayoq vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira oldi. Ikki standart — jarima va burchak zarbalari — va 0:1 hisobi Malen va Shlotterbekning sa’y-harakatlari bilan 2:1 ko‘rinishiga keldi. Ammo to‘rt daqiqa ichida ikki gol urgan mezbonlar tanaffusdan keyin bundan ham qisqa vaqt oralig‘ida ikki gol o‘tkazib yuborishdi. Ikkinchi o‘tkazib yuborilgan golni baxtsiz tasodifga yo‘yish mumkin bo‘lsa (bu vaziyatda zarba yo‘nalishida Shlotterbek turib qolib, darvozabonni qiyin ahvolda qoldirdi), «Hoffenhaym» forvardi Bayyerning ikkinchi muvaffaqiyati — bir necha himoyachining xatolari zanjiri oqibati bo‘ldi. Edin Terzich jamoasi uchun hali ham barchasi mavhum bo‘lib qolmoqda va YeChLga yo‘llanma beruvchi kuchli to‘rtlikdagi o‘rin xavf ostida.

Fransiya: «PSJ» Mbappe almashtirilganidan keyin hisobni tenglashtirdi

«PSJ» — «Renn» 1:1
Gol:
Ramush (90+7, penalti) — Guiri (33).
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Danilu Pereyra, Lukas Beraldo, Ernandes (Mendesh, 71), Fabian Ruis, Vitinya, Li Kan In (Asensio, 46), Dembele (Zair-Emeri, 71), Barkolya (Kolo-Muani, 65), Mbappe (Gonsalu Ramush, 65).
«Renn» – Mandanda, Due, Vu, Belosyan, Seydu, Blas, Santamariya, Due (Burijo, 56), Guiri (Omari, 81), Kalimuendo (Tryuffer, 66), Sala (Terre, 66).
Ogohlantirishlar: Due (48), Hakimi (54), Ernandes (70), Gonsalu Ramush (87), Fabian Ruis (89), Blas (90+2), Lukas Beraldo (90+4), Mandanda (90+6).

O‘tgan turda Mbappe zaxiradan maydonga tushgandi. Bu safar forvardni noodatiy tarzda maydondan ancha erta olindi — 65-daqiqadayoq. Hisob «Renn» foydasiga 0:1 bo‘lib turganida. Yaqin vaqtlargacha bunday holatni tasavvur qilib bo‘lmasdi, umuman olganda barcha jamoalarda ham vaziyat og‘ir pallalarda yulduzlar almashtirilmaydi. Ammo Luis Enrike allaqachon kelajak haqida o‘ylayotganini namoyish etmoqda. Va «PSJ»ning yulduzli futbolchisi qachon va qancha vaqt o‘ynashini u belgilaydi. Qolaversa — bu Kiliansiz o‘ynashga asta-sekin ko‘nikish va boshqa futbolchilarga o‘zini ko‘rsatishga imkon berish demakdir. Bu holatda o‘yinni qo‘shimcha daqiqalar oxirida qutqarishga muvaffaq bo‘lindi, Gonsalu Ramush tomonidan aniq ijro etilgan penalti parijliklarning liga 1 tarixida eng kech urgan goli bo‘ldi (96 daqiqa va 12 soniya).

Fransiya chempionatida o‘yinlar kuni «Monako» uchun ideal tarzda kechdi. Avvaliga jamoa «Lans»ga qarshi o‘yin oxirida g‘alabani ilib ketdi (3:2), keyin esa raqobatchilardan sovg‘alar qabul qila boshladi. Turning asosiy sensatsiyasi — «Nitssa» o‘z uyida «Klermon» bilan durang o‘ynashi (0:0), «Lill» esa «Tuluza» maydonida taslim etilishi (3:1) bo‘ldi. Endi monegasklar uchinchi o‘ringa ko‘tarildi va bir kun oldin g‘alaba qozonib, klub rekordini takrorlagan holda ikkinchi o‘rinda joylashgan «Brest»ni ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Mavsum kashfiyoti bo‘lgan ushbu jamoa 12 turdan buyon mag‘lubiyatga uchramagan. Qiziq tomoni bu seriyadan oldin qatorasiga uch mag‘lubiyat qayd etilgandi.

Kun statistikasi

  • Portugaliya chempionatining joriy mavsumida faqat 1 futbolchining gollari va golli uzatmalari ikki raqam bilan ifodalanadi. U «Benfika» yarimhimoyachisi Rafa Silva (12+11)
  • «Liverpul» himoyachisi van Deyk Terri va Kompanidan keyin ikki bor Liga kubogi finalining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan 3-futbolchi bo‘ldi.
  • A seriyada «Kalyari» 90-daqiqadan keyin urilgan gollar evaziga 7 ochko ishlagan va bu borada tengsiz.
  • Bundesliganing 23-turida 18 jamoa ham kamida bittadan gol urdi. Oxirgi bor bir turda barcha jamoalar gol urishi 2021/22 yillar mavsumining so‘nggi turida kuzatilgandi.
  • Niderlandiya chempionatining joriy mavsumida «Ayaks» safida 34 futbolchi maydonga tushirilgan va bu amsterdamliklar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi.
  • Rafael Leau «Milan» safida 42-golini urgach, A seriyada eng ko‘p gol urgan portugaliyalik futbolchilar ro‘yxatida Ruy Koshta bilan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.
  • 23 turdan keyin 49 ochko — «Portu»ning so‘nggi o‘n yillikdagi eng yomon natijasi.
  • Yago Aspas «Selta» safidagi 150-golini urdi. Ayni vaqtda ushbu forvard — la ligada so‘ngi o‘n mavsumda kamida 10 tadan gol urgan yagona futbolchi.
Ko‘proq yangiliklar: