Hindiston O‘zbekistondan quruq mevalar va kavrak tabiiy yelimi importini oshiradi

Iqtisodiyot 12:29 / 26.02.2024 16071

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning yetakchi Pioneers kompaniyalar guruhi raisi Sushil Kumar Jain bilan uchrashuv o‘tkazdi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, mazkur guruh tarkibiga kiruvchi kompaniyalar avtomobil ehtiyot qismlari, farmatsevtika mahsulotlari, quyosh panellari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan, keng miqdorda import va eksport amaliyoti bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Haldiram’s brendi ostida shirinliklar, quruq mevalar va dukkaklilar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shoxobchalar tarmog‘iga ega.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda yetishtirilgan quruq mevalar, dukkaklilar, kavrak tabiiy yelimini Hindiston bozoriga qilinayotgan import hajmini oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Sushil Kumar Jain O‘zbekistondan olib kelinayotgan mahsulotlar yuqori sifati va raqobatbardoshligi bilan ajralib turishini ta’kidlab, bu yo‘nalishdagi aloqalarni yanada faollashtirish uchun barcha asos va imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.

Ethnic Food Producs Solution Ltd. kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Ugan Jha bilan muzokaralar doirasida ham O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlarini hind iste’molchilarga yetkazish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ugan Jha mamlakat bilan munosabatlarni faollashtirishdan manfaatdorlik bildirib, o‘zbek mahsulotlarini keng targ‘ib qilish va ilgari surish bo‘yicha amaliy takliflarini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: