O‘z Google’i, o‘zining ChatGPT’si bor – xitoyliklar yaratayotgan sun’iy intellekt dasturlari haqida

Fan-texnika 17:25 / 25.02.2024 45350

Global sun’iy intellekt indeksiga ko‘ra, Xitoy sun’iy intellekt reytingida AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2022/23 yillarda Xitoyda bu sohaga xususiy sektordan jalb qilingan investitsiya 95 mlrd dollarni tashkil qilgan. Hukumat ham sun’iy intellekt poygasiga faol sarmoya kirityapti. 2027 yilga borib mamlakat hukumati kiritgan sarmoya 38,1 mlrd dollarni, dunyodagi jami investitsiyaning 9 foizini tashkil qilishi kutilyapti.

Tencent, Huawei va Baidu kabi kompaniyalar Xitoyda sun’iy intellektning liderlari bo‘lib kelmoqda. ChatGPT'ning xitoycha alternativi sifatida ko‘rilayotgan Tencent kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Keng til modeli (LLM), Huawei kompaniyasi taqdim qilgan Pangu, Baidu tomonidan ishlab chiqilgan va tez ommalashgan Ernie dasturlari xitoyliklar tomonidan faol ishlatilmoqda.

Xitoycha sun’iy intellekt qanday ishlaydi?

Xitoyning Baidu kompaniyasi qidiruv tizimiga asoslangan sun’iy intellekt sohasidagi lider kompaniya hisoblanadi. Uni Google'ning ekvivalenti ham deyishadi.

Kompaniya xuddi AQShdagi "hamkasbi" kabi sun’iy idrok funksiyalarini o‘zining asosiy xizmatlariga integratsiya qilib oldi. Kompaniya foydalanuvchilari uchun yaxshiroq ishlash tajribasini shakllantirib boryapti. Kompaniya 2022 yilda o‘zi ishlab chiqqan sun’iy intellekt dasturi yordamida 1965 yilda vafoti sabab tugallanmay qolgan rassomning ishini tugatib berganda ko‘pchilikni hayratga solgandi.

o‘rtadagi surat muallif vafoti sabab tugallanmay qolgan variant, o‘ngdagisi boshqa bir rassom tomonidan, chapdagisi esa sun’iy intellekt yordamida tugallangan variant.

Erni Bot

Baidu kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Erni sun’iy idrok dasturi hozirda 4-versiyada ishlamoqda. Kompaniyaning iddao qilishicha, u daraja jihatdan ChatGPT-4 bilan tenglasha oladi.

2023 yil oxirida kompaniya o‘zining chatbotini ommaga taqdim etganidan atigi 4 oy o‘tib uning foydalanuvchilari 100 mlndan oshib ketganini ma’lum qilgandi.

Erni dasturining to‘rtinchi variantining keng ommaga taqdimoti 2023 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadi va unda bu dastur endi inson tomonidan berilgan murakkab va tartibsiz savollarni ham tushuna olishi, so‘rovda nazarda tutilgan ma’noni o‘zi ilg‘ab ololishini iddao qiladi. Va shu so‘rov asosida bir necha soniyada kerakli matn, surat va videolarni ham taqdim eta oladi.

Erni boti murakkab geometrik muammolarni ham hal qilib bera oladi. Shuningdek, u yodda saqlash xususiyatiga ham ega.

Samsung bilan hamkorlik

Yanvar oyida Galaxy S24 smartfonlari taqdimotini o‘tkazgan Samsung kompaniyasi Xitoy texnogiganti Baidu bilan hamkorlikda Erni chatbotini smartfonlarga integratsiya qilgan holda chiqarishini e’lon qildi.

Erni tushunish qobiliyati o‘rnatiladigan Samsung smartfonlari uzun kontentlarni tushunib ularni qisqa xulosalarga aylantirib berishi, telefon qo‘ng‘iroqlarini real vaqt rejimida turli tillarga tarjima qilib bera olishi va boshqa aqlli vazifalarni bajarishi mumkin bo‘ladi. Bu bilan Samsung kompaniyasi Apple’ning eng so‘nggi chiqayotgan iPhone'laridan ham o‘tib ketishni reja qilgan.

Savol berib haqiqatni izlovchi chatbot

Xitoyning mashhur Alibaba kompaniyasi esa Tongyi Qianwen dasturini ishlab chiqqan. Tongyi Qianwen onlayn savdo lideri bo‘lgan Alibaba'ning turli platformalarda foydalanuvchilar bilan qiziqarli va foydali suhbatga kirisha olish imkoniyatini taqdim etuvchi sun’iy idrok dasturi. Uni xitoychadan "minglab savol berib haqiqatni izlovchi" deb tarjima qilish mumkin. Dastur juda ko‘p tillardan va domenlardan ma’lumotlar ola oladi. U foydalanuvchilar savoliga javob berish bilan birga hikoya, shior va xulosalar kabi original narsalar ham yarata olishi mumkin.

Chatbotning originallik xususiyati ham bor. U bolalarning qiziqishlaridan kelib chiqib ular uchun hikoyalar, biznes egalarining mahsulotlari va bozorni inobatga olib biznes takliflari ishlab chiqishi, vaqt tejamoqchi bo‘lgan kitobxonlar uchun kitoblarning qisqa xulosalarini tayyorlab berishi mumkin. Bot multitilli va u bilan istalgan usulda ilmiy yoki oddiy so‘zlashuv tilida ham suhbatlashish, matnlarni turli darajalarda tarjima qilish mumkin.

Chatbotdan psixologik yordam

Xitoyning yana bir mashhur sun’iy intellekt dasturi video o‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha mediamagnat Tencent kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Tencent Cloud Chat ham foydalanuvchilarga turli imkoniyatlarni taqdim qiladi. Foydalanuvchi bu SI yordamida turli hujjatlar tayyorlashi, kerakli ma’lumotlarni olishi, inson muloqotiga yaqin tilda suhbatlasha olishi mumkin. Bot hatto 24 soatlik psixologik maslahatlar ham bera oladi.

Ob-havoni prognoz qiluvchi sun’iy intellekt

O‘tgan yili Xitoy texnomagnati Huawei kompaniyasi tomonidan yana bir sun’iy intellekt dasturi Pangu taqdim etilgan. Pangu nomi Xitoy folkloridan olingan.

Bu dastur mavjud GPT'lar bilan solishtirganda o‘zining bajaradigan vazifalari bilan farqlanadi. U boshqa dasturlar kabi "she’rlar yozish" kabilar bilan emas, balki turli sanoat sohalarini mustahkamlash va qayta tashkillashtirish bilan shug‘ullanadi. U tilni tabiiy qayta ishlaydi, multimodal o‘rganishni tashkil qiladi, bashorat qilish va ilmiy hisoblash bilan shug‘ullanadi.

Pangu dasturining o‘ziga xosligi uning ob-havoni prognoz qila olishi bilan bog‘liq. Bu SI dasturi an’anaviy raqamli ob-havo prognozlariga qaraganda yuqori aniqlikda ob-havoni prognoz qila oladi. Model bashorat qilish tezligini 10 000 marta oshirishga imkon beradi, bu esa global ob-havoni bashorat qilish vaqtini bir necha soniyagacha qisqartiradi.

Xitoy sun’iy intellektni ham nazorat qiladi

Xitoy sun’iy idrok qudrati va o‘z navbatida u yaratadigan xavfni dunyoning boshqa davlatlariga qaraganda tezroq tushunib yetdi va tartibga solish chora-tadbirlarini ham boshqalardan avvalroq ko‘rdi. Erni — Xitoy hukumati tomonidan ishlatishga ruxsat berilgan birinchi SI platformalaridan biri. U mamlakat hukumatining "Sun’iy intellekt xizmat menejmenti bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar dasturi"ga mos keladi. Mamlakatdagi har qanday sun’iy intellekt dasturi davlat belgilagan me’yorlarga mos bo‘lishi kerak.

Belgilangan chora-tadbirlarga ko‘ra, har qanday generativ model mavjud sotsial qadriyatlarga mos kelishi, davlat hokimiyatini ag‘darishga undamasligi, milliy xavfsizlikka zarar yetkazmasligi, milliy birlik va ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazmasligi, terrorizm, ekstremizm, milliy adovat, millatlararo kamsitish, zo‘ravonlik, odobsizlik, shuningdek, yolg‘on va zararli ma’lumotlarni targ‘ib qilmasligi zarur.

Shuningdek, sun’iy intellekt yolg‘on ma’lumotlarga asoslanmasligi, mualliflik huquqlarini hurmat qilishi, algoritmi ochiq va shaffof bo‘lishi zarur.

Agar noqonuniy kontent yaratilayotgani aniqlansa, ularni qonunga muvofiqlashtirish uchun zudlik bilan choralar ko‘riladi, bu paytda SI yaratuvchilari o‘z provayderlari xizmatini to‘xtatib turishi lozim bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: