«Arsenal»da yana bir revansh, «Barsa» ko‘tarilmoqda. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 12:00 / 25.02.2024 26499

Angliya: Emeri ten Hagdan sakkiz ochkoga o‘zib ketdi

«Manchester Yunayted» – «Fulhem» 1:2
Gollar:
0:1 – 65 Bassi, 1:1 – 89 Maguayr, 1:2 – 90+7 Ivobi.
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Varan, Maguayr, Lindelef, Kazemiro (Maktominey, 53), Brunu Fernandesh, Maynu (Diallo, 80), Forson (Eriksen, 53), Garnacho, Reshford.
«Fulhem» – Leno, Kastan, Adarabioyo, Bassi, Robinson, Rid (Traore, 77), Uilson (Diop, 81), Pereyra (Kerni, 68), Lukich, Ivobi, Rodrigo Muniz.
Ogohlantirishlar: Adarabioyo (25), Maguayr (36), Pereyra (42), Uilson (45), Leno (90), Brunu Fernandesh (90), Kerni (90).

Angliyada shanba kungi o‘yinlar dasturi top-4 uchun kurashayotgan yoki hali ham bu o‘rinlardan umid uzmagan jamoalarning o‘yinlari bilan boshlandi. «Old Trafford»dagi o‘yin ilk daqiqalardanoq qiziqarli kechdiki, birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra tabloda hisob ochilmay qolgani bir tushunmovchilikdek ko‘rinardi. 45 daqiqalik davomida tomoshabinlar ko‘plab golli vaziyatlar, jumladan to‘p darvoza ustuniga tegishiga, shuningdek Onana va Lenoning ajoyib seyvlariga guvoh bo‘lishdi. «Fulhem» darvozaboni qutqara olmaydigan holatda ham Garnachoning zarbasini Robinson bosh bilan qaytarib yubordi. Gol esa o‘yinning bir soati o‘tganidan keyin urildi, to‘p burchakdan uzatib berilganida himoyachi Bassi uni to‘sin ostidan darvoza to‘riga yo‘lladi.

Shanba kungi o‘yinda hujumchilar nishonni aniq ololmaganida — odatda raqib hujumlarini to‘xtatish bilan mashg‘ul bo‘ladiganlar mas’uliyatni zimmasiga olishdi. O‘yin oxirlarida Maguayr «MYu»ni qutqaruvchi vazifasida paydo bo‘ldi, u bir necha vaziyatlarga ega bo‘ldi va nihoyat Brunu Fernandeshning zarbasidan keyin qaytgan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Ammo Harrining bu mavsumdagi ilk goli ochko keltira olmadi, qo‘shimcha daqiqalarda uning o‘zi barchasini yo‘qqa chiqardi. Aynan Maguayr maydon markazida raqibni osongina o‘tkazib yubordi va bu hujum Ivobining goli bilan yakunlandi, bu «dachachilar»ning «MYu» maydonida 2009 yil dekabrdan buyon ilk g‘alabasiga aylandi.

«Aston Villa» – «Nottinghem Forest» 4:2
Gollar:
1:0 – 4 Uotkins, 2:0 – 29 Duglas Luis, 3:0 – 39 Duglas Luis, 3:1 – 45 Niakate, 3:2 – 48 Gibbs-Uayt, 4:2 – 61 Beyli.
«Aston Villa» – Martines, Kesh, Langle, Pau Torres (Chembers, 46), Moreno (Din, 59), Beyli, Remzi, Makginn, Duglas Luis, Tilemans (Dzaniolo, 81), Uotkins.
«Nottinghem Forest» – Zels, Uilyams, Felipe (Omobamidele, 46), Murillo (Toffolo, 46), Niakate, Gibbs-Uayt (Reyna, 81), Dominges (Yyeyts, 73), Danilo, Hadson-Odoi, Elanga, Avoniyi (Origi, 46).
Ogohlantirishlar: Murillo (15), Felipe (45), Moreno (57).

Birminghemdagi parallel uchrashuvda «Aston Villa» qiyinchiliksiz yorqin g‘alabaga erishdi. Aniqrog‘i, birinchi bo‘lim oxirida va ikkinchi bo‘lim boshida «Nottinghem» ikkita gol urib, vaziyatni biroz murakkablashtirdi. Ammo mezbonlar bungacha uchta gol urib olishgandi. Tayanch zonasi vakili Duglas Luiz bu mavsumdagi sakkizinchi va to‘qqizinchi gollarini urdi, Uotkins ham odatiy ishini bajardi, endi u gol+pas tizimida 24 ball (14+10) jamg‘argan. Javob gollaridan ko‘p vaqt o‘tmasdan Beyli oradagi farqni tikladi. Jamoa bu yil boshidan buyon o‘z maydonida ilk g‘alabasini nishonladi. Bu esa  «Tottenhem»ning qoldirilgan o‘yinda (bu turdagi raqib «Chelsi» Angliya ligasi kubogi finalida o‘ynaydi) qanday natija qayd etii.

«Bornmut» – «Manchester Siti» 0:1
Gol:
0:1 – 24 Foden.
«Bornmut» – Neto, Smit, Senesi (Fevr, 80), Zabarniy, Kerkez (Sinisterra, 88), Kristi (Unal, 88), Kuk, Taverne (Uattara, 68), Klyuyvert (Skott, 69), Solanke, Semeno.
«Manchester Siti» – Ederson, Ake, Ruben Diash, Akanji, Stounz, Kovachich (de Bryuyne, 84), Bernardu Silva, Rodri, Foden, Mateush Nunesh (Doku, 63), Holand (Alvares, 75).
Ogohlantirishlar: Kuk (38), Senesi (70), Bernardu Silva (87), de Bryuyne (90).

Bosh sovrin uchun da’vogarlardan birining o‘yini natijasi esa oldindan ma’lum edi, chunki «Bornmut» va «Manchester Siti» — turlicha vazn toifasidagi raqiblardir. Xosep Gvardiola bu jamoaga qarshi barcha 13 o‘yinida g‘olib chiqqan. Qolaversa, «shaharliklar» tarkibida «olchalar» jamoasi bo‘yicha haqiqiy mutaxassis mavjud. Va bu Kovachichning ajoyib uzatmasidan keyin to‘pni darvozabonga qarata tepgan Holand emas, balki qaytgan to‘pni darvoza to‘riga kiritib yuborgan Fodendir.

Ushbu yarimhimoyachi «Bornmut»ga qarshi qatorasiga to‘rt o‘yinda gol urgan va navbatdagi goli bilan «Siti» to‘purarlari ro‘yxatida Mahrezni (44) quvib o‘tdi. Jazoirlik futbolchi allaqachon Saudiya Arabistonida to‘p surmoqda, Foden esa hali 23 yoshda va uning asosiy o‘yinlari hali oldinda. Havbek bu mavsumda barcha turnirlar doirasidagi gollari sonini 16 taga yetkazdi — bu uning mavsumlar bo‘yicha shaxsiy rekordi, hali fevral va mavsum yakunigacha natija yanada yaxshilanishi tayin. Bu g‘alaba Angliyada jamoalar hal qiluvchi pallaga kirib borayotgan va oxirgi turga qadar davom etishi kutilayotgan chempionlik poygasida muhim ahamiyatga ega. Endi amaldagi chempion peshqadam «Liverpul»ni bir ochkolik farq bilan ta’qib qilmoqda. Qolaversa, «Siti» barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda hozirdanoq safar o‘yinlarida fantastik darajada muvaffaqiyatli o‘tgan oldingi mavsumdagidan ko‘proq g‘alabaga (14) erishdi.

«Arsenal» – «Nyukasl» 4:1
Gollar:
1:0 – 18, avtogol Botman, 2:0 – 24 Haverts, 3:0 – 65 Saka, 4:0 – 69 Kiver, 4:1 – 84 Uillok.
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Kiver, El-Nenni, Jorjinio, Edegor (Smit-Rou, 76), Rays, Haverts (Nketia, 76), Martinelli (Trossar, 64), Saka (Nelson, 76).
«Nyukasl» – Karius, Trippiyer, Sher, Botman (Lassels, 73), Livramento (Byorn, 73), Bruno Gimaraes (Uillok, 73), Longstaff, Mayli, Almiron (Merfi, 64), Gordon, Isak (Barns, 64).
Ogohlantirish: Edegor (7).

Pozitsion hujumda raqib mudofaasini yorib o‘tishning imkoni bo‘lmasa — burchak zarbasi ishlash kerak, uyog‘ini esa Gabriel Magalyans hal qiladi. «Arsenal»ning oltin qoidasi yana ish berdi, lekin braziliyalik himoyachi o‘zi gol urishiga ham to‘g‘ri kelmadi. Karius uning zarbasini darvoza chizig‘i ustida to‘xtatdi, ammo «Nyukasl» himoyachilari shu qadar vahimaga tushishdiki, Botman to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi. Shundan keyin «kanonirlar» raqib o‘ziga kelishiga yo‘l qo‘ymasdan, uni pressing bilan bo‘g‘ib tashladi. «Qarg‘alar» to‘p yo‘qotilganida Jorjinioning uzun pasidan keyin shunchaki himoyaga qayta tizila olmadi, o‘ng qanotda ochilgan Gabriel Martinelli markazdagi Haversni golli pas bilan ta’minladi.

Birinchi bo‘limda mehmonlar biror marta zarba bermadi, biror marta burchak zarbasi ijro etmadi va raqib jarima maydonida biror marta to‘pga tegina olmadi. Zarbalar soni bo‘yicha ko‘rsatkich 12:0.

Eddi Hau jamoasining «Emireyts»da kompleksi saqlanib qolmoqda, «Nyukasl» bu yerdagi oldingi 11 uchrashuvda faqat bir bor durangga erishgan. Birinchi bo‘lim yirikroq hisobda yakunlanishi mumkin edi, ammo hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa mehmonlar buning uchun jazolashi mumkin edi, ammo Isakning zarbasi biroz xato ketdi. U almashtirilganidan bir daqiqa o‘tib esa Saka raqib himoyachilarini yosh bolalardek aldab, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Keyin esa yana bir korner gol keltirdi. Kivyorning bosh bilan bergan zarbasidan keyin to‘p avvaliga Mayliga, keyin Kariusga tegib darvozaga kirdi. Gol baribir «Arsenal» himoyachisi nomiga yozildi. Shu tariqa, bu mavsumda jamoaning 18 nafar turli futbolchisi o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi.

Mikel Arteta asosiy yetakchilarni keyingi o‘yinlar uchun asrash maqsadida maydondan olganidan keyingina, mehmonlar bitta javob goli urdi, bu gol ham londonliklarning sobiq futbolchisi Uillok nomiga yozildi. 

Shu tariqa, «kanonirlar» birinchi davradagi alamli mag‘lubiyat (0:1) uchun qasos oldi. Jamoa bu mavsumda bungacha ham birinchi uchrashuvlardagi mag‘lubiyat uchun keyingi o‘yinlarda raqiblarni ayamagandi («Lans» 6:0, «Vest Hem» 6:0) . 

Qatorasiga olti uchrashuvda g‘alaba, uchta o‘yinda jami 15 gol urilgan yirik g‘alabalar — agar YeChLda «Portu»dan uchralgan mag‘lubiyat bo‘lmaganida barchasi ideal ko‘rinish olgan bo‘lardi. Ammo Arteta jamoasida javob uchrashuvi bor, APLda esa — «Manchester Siti»dan bir, «Liverpul»dan ikki ochko ajratib turibdi. Shu bilan birga, londonliklar to‘plar nisbatiga ko‘ra (+39) eng yaxshi natijani qayd etmoqda, bu esa mavsum yakunida ochkolar teng kelib qolgan taqdirda qo‘l kelishi mumkin.

Ispaniya: de Yongning tarixiy goli va «Atletiko»da yo‘qotish

«Barselona» – «Xetafe» 4:0
Gollar:
1:0 – 20 Rafinya, 2:0 – 53 Joau Feliks, 3:0 – 61 de Yong, 4:0 – 90+ Lopes.
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Arauxo, Kubarsi, Joau Kanselu (Fort, 84), Kristensen (Romeu, 77), Gundo‘g‘an (Pedri, 83), de Yong, Rafinya (Roke, 77), Joau Feliks (Lopes, 63), Levandovski.
«Xetafe» – Soriya, Iglesias (Karmona, 46), Alderete, Alvares, Jyene (Alenya, 68), Riko, Maksimovich (Mata, 67), Milya, Moriba (Santiyago, 77), Grinvud (Oskar Rodriges, 67), Mayoral.
Ogohlantirishlar: Gundo‘g‘an (37), Alderete (37), Jyene (48), Riko (50), Santiyago (90).

Bu raqiblarning birinchi davradagi uchrashuvi Xavining belgilanmagan penalti uchun hakamlarga e’tirozi bilan yodda qolgandi. O‘tgan bahorda esa «Barselona» bosh murabbiyi «Xetafe»ning uy stadioni holatidan norozi bo‘lib, to‘p juda sekin harakatlanishidan shikoyat qilgandi. Muammolar turlicha, ammo natija — bir xil bo‘lgan. Ko‘k-anorranglilar bu raqibga qarshi qatorasiga ikki o‘yinda golsiz durangga ko‘nishga majbur bo‘lgan, o‘zaro so‘nggi to‘rt o‘yinda «Xetafe» darvozasiga atigi bir gol urgandi.

Bu safar esa kataloniyaliklar tom ma’noda «yorib tashladi» va Kundening pasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borib hisobni ochgan Rafinya birinchi bo‘limning o‘zida het-trik rasmiylashtirishi mumkin edi. Natijada uning zarba berishdagi xatolari qimmatga tushishi ham mumkin edi, ikkinchi bo‘lim boshida Milyaning zarbasidan keyin darvoza ustuni mezbonlarni goldan qutqardi. Faqat jarohatdan tiklanib safga qaytgan Joau Feliksning aniq zarbasi vaziyatni tinchlantirdi, uni tayanch zonasi vakiliga aylangan Kristensen qulay vaziyatga chiqarib yuborgandi. Shundan keyin «Barsa» noqulay raqibni uzil-kesil taslim etishga qaror qildi va kamida «Jirona» tur o‘yinini o‘tkazadigan dushanba kunigacha ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ahyon-ahyonda gol uradigan Frenki de Yongning goli esa ko‘k-anorranglilar uchun 11-minginchi golga aylandi.

«Almeriya» – «Atletiko» 2:2
Gollar:
0:1 – 2 Korrea, 1:1 – 27 Romero, 1:2 – 57 De Paul, 2:2 – 64 Romero.
«Almeriya» – Luish Mashimianu, Pubil, Edgar Gonsales, Radovanovich (Chumi, 69), Langa, Viyera (Melero, 78), Robertone (Lopi, 82), Baba, Romero (Arribas, 69), Embarba, Losano (Baptistao, 78).
«Atletiko» – Oblak, Molina, Savich, Gabriel Paulista, Reynildu, Koke (Liorente, 46), De Paul (Vitsel, 82), Barrios, Korrea (Saul, 70), Depay (Morata, 69), Lino (Rikelme, 46).
Ogohlantirishlar: Reynildu (40), Embarba (90).

Korreaning tezkor goli «Atletiko» uchun aldamchi bo‘lib chiqdi, mavsum boshidan buyon hali biror g‘alabaga erisha olmaganiga qaramay, «Almeriya» o‘yin sifati borasida umidsiz holatda emasligini yana bir bor namoyish etdi. Madridliklar buni yoddan chiqargandi va «Milan»dan ijaraga olingan 19 yoshli argentinalik Luka Romero taniqli vatandoshi De Paulni raqibni mensimaslik uchun jazoladi. Bu holatda Oblak ham «matraschilar»ni qutqara olmadi. Ikkinchi bo‘limda De Paul aybini yuvib, favoritga ustunlikni qaytargandi, lekin ko‘p o‘tmay yana Romero javob qaytardi. Jarohatdan tiklanib safga qaytgan Morataning o‘yin oxiridagi xavfli zarbasi esa qaytarildi. Shu bilan birga, qo‘shimcha daqiqalarda Melero mehmonlarni ochiqchasiga kechirdi. Bu natijadan keyin Diyego Simeone «Atletik»ning «Betis»ga safari natijasini kutadi, bu o‘yinda basklar g‘alaba qozonsa, to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha madridliklarga yetib olishi mumkin.

Germaniya: Tuxelning tabassumi

«Bavariya» – RB «Leypsig» 2:1
Gollar:
1:0 – 56 Keyn, 1:1 – 70 Sheshko, 2:1 – 90+1 Keyn
«Bavariya» – Noyyer, Dayyer, de Ligt, Gerreyru, Pavlovich (Kim Min Je, 81), Goretska, Kimmih, Myuller (Laymer, 65), Sane (Tel, 65), Musiala (Shupo-Moting, 84), Keyn.
RB «Leypsig» – Blasvih, Henrihs, Orban, Simakan, Raum, Shlager, Olmo, Aydara (Kampl, 74), Simons, Openda (Poulsen, 73), Sheshko.
Ogohlantirishlar: Pavlovich (38), Orban (41), de Ligt (59), Musiala (66), Shlager (67), Simakan (78).

«Bavariya» katta ehtimol bilan 12 yil ichida ilk bor mavsumni sovrinsiz yakunlaydi, Tomas Tuxel esa yozda Myunxen bilan sharafsizlarcha xayrlashadi. Uning iste’fosi — aniq fakt va murabbiy o‘zi tan olganidek, uning shtabi jamoani yangi darajaga olib chiqa olmadi. Tuxel davrida ayrim rekordlar qayd etildi, ammo ular baribir «Bayyer»ning 33 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga teng kela olmaydi, uydagi yubiley minginchi o‘yinini taxtdan ag‘darilgan gegemon murabbiysiz ham o‘tkaza olardi.

«Bavariya»ning ayni vaqtdagi eng asosiy motivatsiyasi — Chempionlar ligasida. Baribir bundesligada top-4 dan chiqib ketish ehtimoli kam. Milliy birinchilikda faqat lokal vazifalar aktual edi. «Bayyer»ga oradagi farqni yanada oshirishga yo‘l qo‘ymaslik, tonusni saqlab turish yoki Tuxel boshqaruvida nihoyat «Leypsig»ni yengish. Uchinchi maqsadga birinchi bo‘limdayoq erishish mumkin edi, ammo Blasvih murakkab zarbani ustunga yo‘naltirishni uddaladi, yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Sane ortiqcha o‘ylab yubordi, Keyn esa qaychi uslubida gol urishga erisha olmadi.

«Ho‘kizlar» jamoasi bu tahdidlarni bartaraf eta oldi va tanaffusdan keyin o‘zlari faollashishdi. Lekin bu orqa chiziqda hududlar ochiq qolishiga olib keldi va «Bavariya» bundan foydalandi. Marko Rozening ikkinchi bo‘limda hujumkor o‘ynash to‘g‘risidagi qarori Keynning goli tufayli xato bo‘lgandek ko‘rinishi mumkin, ammo «Leypsig» o‘z o‘yinini topib olgandi. Sheshko yaqqol golli vaziyatdan Noyyerning yorqin o‘yini tufayli foydalana olmagan bo‘lsa, yanada murakkabroq vaziyatda forvardga raqiblar yordam berib yubordi — darvozabonga esa xalaqit berildi — to‘p vaziyatni tuzatishga uringan Goretskaning oyog‘i orqali darvoza to‘riga borib tushdi.

Vaziyat murakkab tus oldi, ammo «Bavariya» nihoyat g‘oliblik mentalitetini yodga oldi. Qo‘shimcha daqiqalarda Dayyer o‘ng qanotda ochilgan Shupo-Motingni topdi va uning jarima maydoni markaziga uzatmasidan keyin Keyn mehmonlar himoyachilari bosimi ostida turganiga qaramay to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi. Angliyalik futbolchining myunxenliklar klubi safidagi 31-goli (bundesligada 27-gol) amalda ko‘p narsani o‘zgartirmaydi. «Bayyer» bilan oradagi farq sakkiz ochkoni tashkil etmoqda, ammo, «Barselona» bilan bo‘lgani kabi, bosh murabbiy mavsum yakunida ketishi haqidagi xabar natijalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jamoada o‘zgarish ko‘zga tashlanmoqda, Tuxel esa g‘alaba golidan keyin nihoyat tabassum qila boshladi.

Kun statistikasi

  • «Brayton» yarimhimoyachisi Gross APLda bir mavsumda kamida o‘nta golli uzatma bergan 4-nemis futbolchisiga aylandi.
  • «Monsa» yil boshidan buyon 4 uchrashuvda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi va bu borada A seriyada «Torino» bilan birgalikda yetakchilik qilmoqda.
  • «Manchester Yunayted» Aleks Fergyuson ketganidan buyon 5-marta bir mavsumda kamida 10 ta mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa so‘nggi ikki mavsumda «Old Trafford»dagi o‘yinlarda jami o‘n bor yutqazgan.
  • PSV hujumchisi Lyuk de Yong Niderlandiya chempionatida 8-bor het-trik qayd etdi. XXI asrda u bu ko‘rsatkich borasida faqat Kyuyt va Huntelardan (9 tadan) ortda.
  • Bir mavsumda 70 gol — «Fenerbahche» tarixidagi ikkinchi ko‘rsatkich. 1988/89 yillar mavsumidagi rekordni takrorlash uchun «kanareykalar» qolgan 11 turda yana sakkizta gol urishi yetarli bo‘ladi.
  • «Manchester Siti» darvozaboni Ederson Angliya chempionati o‘yinlarida 110-bor darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi va Hartga tegishli bo‘lgan klub rekordini yangiladi.
Ko‘proq yangiliklar: