Xiva tumaniga yangi hokim tayinlandi

O‘zbekiston 18:33 / 24.02.2024 6868

Xalq deputatlari Xiva tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi.

Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Raximov sessiya qatnashchilariga Xiva tumani hokimi lavozimiga prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan nomzod - Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Palvanov Sardor Maxsudovichni tavsiya qildi. Yig‘ilganlar uning nomzodini bir ovozdan tasdiqladi.

Sardor Palvanov 1987 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, 2013 yilda Urganch davlat universitetini agronomiya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2013 yilda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Urganch shahar Kengashi tashkiliy-kadrlar, axborot-tahlil bo‘limi yetakchi mutaxassisi vazifasida boshlab, tashkilotning bosh hisobchisi, boshlang‘ich tashkilotlar bilan ishlash bo‘limi mudiri vazifalarida ishlagan.

2016-2017 yillarda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Xorazm viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari, «Kamalak» bolalar tashkiloti raisi vazifasida ishlagan.

2017 yil sentabr oyidan Xorazm viloyati hokimining jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri lavozimida faoliyat yuritdi.

2020 yildan Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: