Tasdiqlangan dasturga ko‘ra, kelgusi 2-3 oy ichida ishlab chiqiladigan hujjat loyihasida:
- elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz narxlari va tariflarini o‘z tannarxidan kam bo‘lmagan (cost recovery level) miqdorda hisob-kitoblarni amalga oshirish;
- hisob-kitoblar natijasiga ko‘ra, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz narxlari va tariflarini tasdiqlash;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini belgilashda “ijtimoiy me’yor” tizimini joriy etish nazarda tutiladi.
Bu vazifa Energetika vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil sentabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1 kWh elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish tannarxi 800 so‘mdan oshayotganini aytgandi. Aholi uchun tarif esa 2019 yildan buyon 1 kWh uchun 295 so‘m, 1 kub metr tabiiy gaz uchun 380 so‘mni tashkil etmoqda. O‘rtadagi farq davlat budjetidan subsidiya qilib kelinadi.
Energetika bozorining erkinlashtirilishi uchun harakatlar
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil sentabr oyidagi qarori bilan, 1 oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun energetika tariflari bozor narxlariga yaqinlashtirildi. Aholi uchun tariflar o‘zgarishsiz qoldi.
Iqtisodchilarga ko‘ra, energetikadagi mavjud muammolarni sohada bozor mexanizmlarini joriy etmasdan turib to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Bu esa investorlarni jalb qilish uchun tarif islohotini taqozo etadi.
Energetika sohasini liberallashtirishni uzoq vaqtdan buyon xalqaro tashkilotlar ham hukumatga tavsiya qilib keladi. Hozirda davlat energiya resurslarini aholiga o‘z tannarxidan ham arzonroq darajada yetkazib berish uchun trillionlab subsidiyalar ajratadi va bu bilan O‘zbekiston dunyo miqyosida energetikaga eng ko‘p subsidiya ajratadigan davlatlar qatorida turadi. Biroq sun’iy ushlab turilgan past narxlar sohada samaradorlikni oshirish maqsadida ishlab chiqarish va taqsimlash bosqichlarini xususiy sektorga o‘tkazishga to‘sqinlik qiladi, iste’molchilarni resurslarni tejashga rag‘batlantirmaydi.
Energetikani subsidiyalash, shuningdek, ijtimoiy tengsizlikni ham kuchaytiradi. Chunki aholining daromadi past qatlami tabiiy ravishda kamroq energiya sarflaydi, daromadi yuqori oilalar esa – ko‘proq (masalan, ko‘plab texnikalarni o‘z ichiga olgan bir necha qavatli uy). Davlat energoresurslarni barcha uchun birdek subsidiyalashi natijasida badavlat qatlam davlatdan bir necha barobar ko‘proq miqdorda bilvosita subsidiya oladi.
Buni 2022 yilda e’lon qilingan rasmiy raqamlar ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent bor va ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiladi. Lekin bu xonadonlarning hissasiga aholi iste’mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, tabiiy gazga ulangan 4 million xonadonning 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Lekin ularning hissasiga aholi jami iste’molining atigi 35 foizi to‘g‘ri keladi.