2024 yil noyabr oyiga qadar iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida “Sot yoki tushuntir” tamoyiliga asosan, davlat ulushi mavjud korxonalar sonini kamaytirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Bu – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2024 yilgi davlat dasturida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, davlat ulushi mavjud 2 mingdan ortiq korxona, 1 mingta tizim korxonasi va 26 mingdan ortiq davlat muassasasi faoliyatini tahlil qilib, ular natijalarga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratiladi:
- qayta tashkil etiladigan (xo‘jalik jamiyatiga, muassasaga, filialga aylantiriladigan yoki qo‘shib yuboriladigan);
- davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga mos kelmaydigan;
- raqobat rivojlangan sohalarda faoliyat yuritayotgan;
- xususiylashtiriladigan;
- belgilangan tartibda tugatiladigan istiqbolsiz, faoliyat ko‘rsatmayotgan, zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalar.
Loyihada davlat ishtirokidagi korxonalar, ularning tarkibidagi korxonalar va davlat muassasalarini qayta tashkil etish, xususiylashtirish va tugatish orqali davlat ishtirokidagi korxonalarni qisqartirish masalalari nazarda tutiladi.
Avvalroq, Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingandi. Qonun bilan davlat mulkini xususiylashtirish tartibi va usullari belgilandi.