Toshkentda tungi klublarning biri oldida yuz bergan janjalda PPX xodimi jarohat oldi

O‘zbekiston 19:56 / 23.02.2024 5715

Toshkent shahar IIBB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir necha fuqaro ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan video yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 22 fevral kuni, taxminan, soat 23:30 larda Yunusobod tumanida joylashgan tungi klublardan birining oldida besh nafar (33 yoshli B.X., 32 yoshli N.Yo., 33 yoshli Sh.J., 50 yoshli M.I. va 32 yoshli Sh.O.) shaxslar jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, jamoat joyida mast holatda baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzgan.

Hodisa joyiga mazkur hududga jalb qilingan PPX xodimlari yetib kelib, ushbu fuqarolarni tinchlantirib, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tuman IIO FMBga borishlarini taklif qilishgan. Biroq fuqarolar IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, ularga faol qarshilik ko‘rsatgan. Natijada PPX inspektori D.Tolipov jarohat olgan.

«Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Yunusobod tumani prokuraturasiga taqdim etilgan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: