Nega o‘chirg‘ich 2 xil rangda, tangalarda “tish” hamda klaviaturada bo‘rtmalar bo‘ladi? Turli buyumlardagi biz bilmagan qulayliklar

Jamiyat 15:38 / 23.02.2024 40176

Krossovkalardagi qo‘shimcha teshiklar

Agar siz tepasida qo‘shimcha teshiklari bo‘lgan krossovkalarni ko‘rib qolsangiz, ajablanmang. Ular bekorga qilinmagan. Agar krossovkani kiyib iplarini bog‘laganingizda noqulaylik his qilsangiz yoki u oyog‘ingizga yopishib turmasa, o‘sha qo‘shimcha teshiklardan foydalanasiz. Iplarni ulardan o‘tkazib, mahkam bog‘lab qo‘ysangiz, bu oyoq kiyimingizda qulayroq harakatlanish imkoniyatini beradi.

Jinsilarga kichik tugmalar

Agar jinsi shimlarga yoki boshqa kiyimlarga qarasangiz cho‘ntaklar atrofida kichik tugmachalar o‘rnatilganini ko‘rish mumkin. Bu tugmachalar shunchaki fason yoki moda uchun qo‘yilmaydi. Ularning o‘z vazifasi bor. Gap shundaki jinsi mato asosan paxta tolasidan dag‘al holda to‘qiladi va chetlari yoki chok atroflari tez sitilishi mumkin.

Jinsi kiyimlarni tez sitilishdan asrash uchun ularning muhim va tez sitilishi mumkin bo‘lgan choklari oldiga tugmachalar o‘rnatiladi. Jinsilarning muhim choklariga bunday tugmachalar o‘rnatishni jinsi matosini birinchi ishlab chiqargan amerikalik afsonaviy Levi Strauss o‘ylab topgan edi.

Sharbat idishdagi qanotchalar

Agar siz qog‘oz idishga qadoqlangan sharbatni sotib olsangiz e’tibor berib qarang, uning tepasi ikki yonida ikkita qanotchaga o‘xshagan qismi bor.

Shunchaki ular bolalar uchun shunday qilinadi. Ya’ni yosh bolalar idishdan sharbat ichayotganda idishni tushirib yubormasligi yoki uni yiqilib ketishdan asrash uchun o‘sha qanotchalarni ushlab oladi.

Qulflardagi kichik teshik

Agar siz osma qulflarga diqqat bilan qarasangiz, ularning qariyb barchasida ost qismida kichik bir teshik borligini ko‘rasiz. Bu teshik ham bejizga qo‘yilmaydi.

Gap shundaki, bu teshikcha orqali ochiqda qolgan osma qulflar ichiga kirgan suv chiqib ketadi. Bundan tashqari qulf zanglab qoladigan bo‘lsa, shu teshikchadan unga moy quyib sozlanadi.

Ko‘ylaklarning orqa qismidagi ilmoq

Ayrim yoqali ko‘ylaklarning orqa qismida ilmoq tikib qo‘yilgan. Xo‘sh, bu ilmoq nima vazifani bajaradi? Uning vazifasi oddiy – ko‘ylakni kiyim ilgichga osonroq ilib qo‘yish.

Bu borada dengizchilarga minnatdorchilik bildirishimiz kerak, chunki dengiz flotida ular ilgaklarga osib qo‘yishni osonlashtirish uchun ko‘ylakning orqa tomoniga ilmoq tikishgan. Keyinchalik, 1960-yillarda, ko‘ylaklarni g‘ijim bo‘lishdan asrash uchun ularga ilmoq tikish ommalashadi. Hozirgi kunda esa bunday ilmoqlar ko‘ylaklarning yuqori darajada sifatli tikilganini anglatadi.

Golf to‘plaridagi chuqurchalar

Ko‘pchilik golf to‘pchalarini katta tennis to‘pchalariga o‘xshatadi. Biroq bunday emas. Hatto gol to‘pchalarining sirti ham tekis emas. Uning yuza qismi bir xil o‘lchamda bo‘lgan kichik chuqurchalardan iborat. Xo‘sh, nega golf to‘pchalarining sirti chuqurchalardan iborat?

Gap shundaki, bir paytlar ayrim golfchilar zarba berilgan paytda sirti tekis to‘pchalarga qaraganda sirti chuqurcha va dag‘al bo‘lgan to‘pchalar uzoqroq uchib borishini payqashgan. Shundan so‘ng barcha golf to‘pchalarining sirti chuqurchalardan iborat qilib yasala boshlangan.

Telefonlarning orqa kamerasi yonidagi teshikcha

Agar siz iPhone telefonlariga e’tibor berib qarasangiz, orqa kameralari yonida kichik teshik bor. Bu teshiklar haqida turli gaplar yuradi. Emishki AQSh maxfiy xizmatlari ana shu teshikcha orqali telefonni ko‘tarib yurgan odamni kuzatarmish.

Boshqa mish-mishlarga ko‘ra teshikcha ayg‘oqchilik uchun o‘rnatilgan va u orqali amerikaliklar dunyoning turli chekkalarini poylashadi. Bular bo‘lmagan gaplar. Aslida teshikcha shunchaki mikrofon uchun o‘rnatilgan. Ya’ni iPhone telefonlarining mikrofoni o‘sha teshikchaga o‘rnatilgan. Har bir smartfonda uchta mikrofon o‘rnatilgan. Ularning biri telefon korpusining pastki qismida, biri dinamik panjara ostida va biri kamera yonida.

Ikki xil rangdagi o‘chirg‘ichlar

Bolalikdan bilamiz o‘chirg‘ichlar negadir asosan ikki xil rangda bo‘ladi. Xo‘sh, nega uni yaxlit bir xil rangda chiqarishmaydi? Buning sababi oddiy.

Bitta o‘chirg‘ichning ikki yoni turlicha – dag‘al va yumshoq qilib ishlab chiqariladi. Dag‘al tomoni dag‘al qog‘ozlardagi, yumshoq tomoni mayin qog‘ozlardagi yozuvlarni o‘chirish uchun ishlatiladi. Shunda ularning dag‘al va yumshoq tomoni farq qilib turishi uchun ikki xil rangda ishlab chiqariladi.

Nima uchun eshiklarning tutqichlari misdan yasaladi?

Har kuni bir necha martadan mis tutqichlardan foydalanasiz, lekin sizda biron marta nega aksariyat eshik tutqichlari misdan yasaladi degan savol paydo bo‘lmagan. Chunki bu uchun boshingizni qotirib o‘tirmagansiz.

Gap shundaki, mis turli bakteriyalarga nisbatan ancha chidamli va mikroblarni yo‘q qilish xususiyatiga ega. Eshik tutqichi ketma ket juda ko‘p odam tomonidan ushlanadi. Ana shu paytda misning noyob xususiyati tufayli mikroblar odamlarning qo‘llariga o‘tib ketmaydi.

Illyuminatorlardagi kichik teshiklar

Agar siz samolyotda uchgan bo‘lsangiz, illyuminatorda kichik teshiklarni ko‘rgan bo‘lishingiz kerak. Mabodo e’tibor bermagan va ko‘rmagan bo‘lsangiz, ular bor. Biroq vahimaga tushishga hojat yo‘q. Bu teshiklarning ham o‘z vazifasi bor.

Ular havo almashish uchun shunday qilingan. Chunki samolyot havoga ko‘tarilganda uning salonida bosim pasayadi. Ana shunda maxsus teshikcha salondagi bosimni xavfsiz va qulay darajada ushlab turishga yordam beradi. Bu teshikcha hatto samolyotda bosim pasayib ketishining oldini olishda ham asqatadi.

Nega tangalar “tishli” qilib yasaladi?

Aksariyat davlatlarda zarb etiladigan yirik qiymatdagi tanga pullar cheti tekis emas va u yerda kichik “tishlar” ochilganini ko‘rish mumkin. Buning sababi shundaki, tangalarning haqiqiy qiymatini aks ettirish uchun har xil og‘irliklarda quyiladi. Odamlar tangalarning chetlarini kesib, so‘ng ularni eritib, yangi soxta tanga qilib qo‘ymasliklari uchun “tishlar” ochiladi.

Klaviaturalardagi kichik bo‘rtma

Agar siz hozir kompyuter yoki noutbukdan foydalanib o‘tirgan bo‘lsangiz, klaviaturaga qarang, F hamda J harflari joylashgan tugmalarda ikkita kichik bo‘rtma chiziq bor. Xo‘sh, nega aynan ikkita harfda bo‘rtma chiziq qilingan?

Bu chiziqlar kompyuter yoki noutbukdan foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi uchun qilingan. Ya’ni tez yozish uchun qo‘llardagi ikkita barmoq aynan bo‘rtma chiziq qilingan F hamda J harflarini mo‘ljal oladi va bu klaviaturadan foydalanishni ancha osonlashtiradi.

Kiyimlar orasidagi bir parcha mato nega kerak?

Kiyim-kechak sotib olganimizda, ba’zilarining ichida yelim paketchaga solingan kichik mato bo‘lagi chiqadi. Ko‘pchilik buni kiyim yirtilganda yamoq sifatida ishlatish uchun qo‘yilgan deb o‘ylaydi.

To‘g‘ri, o‘sha mato bo‘laklarini yamoq sifatida ham ishlatish mumkin. Lekin ularning vazifasi aslida boshqa. Tikuvchi korxona shunchaki kiyimni yuvishdan avval o‘sha kichik mato bo‘lagini yuvib, sinab ko‘rishingiz uchun ularni qo‘shib beradi.

Quvvatlantirgichga maxsus moslama nega qo‘yiladi?

Ehtimol, siz noutbukingizni quvvatlantiruvchi kabelning oxirida katta silindrsimon moslamani payqagandirsiz. Aslida keraksizday tuyulgan bu narsaning ham o‘z vazifasi bor.

Bunday tsilindirsimon moslama har qanday elektromagnit shovqinlarning oldini olishga yordam beradi. Misol uchun, mobil telefonda gaplashayotganingizda moslama yaqin atrofdagi shovqinlarni tutib qoladi.

Mashina o‘rindig‘idagi yostiqchaning boshqa vazifasi

Mashinalar o‘rindiqlari tepasiga o‘rnatilgan yostiqchani chiqarib olish mumkinligini bilasiz. Undan yana bir maqsadda foydalansa bo‘ladi. Agar mashina bilan qandaydir favqulodda vaziyat yuz bersa va u to‘satdan qulflanib qolsa o‘sha yostiqchani chiqarib olib, uning yordamida oynalarni osongina sindirsa bo‘ladi.

Bunday vaziyatda zinhor oynalarni qo‘l bilan sindirishga urinmang. Chunki ular qo‘l bilan zarba berilganda sinmasligi mumkin. Singan taqdirda ham qo‘lingizni jarohatlab olishingiz aniq.

 

Plastik idish qopqoqlaridan to‘g‘ri foydalanishni bilasizmi?

Bir marta foydalansa bo‘ladigan plastik idishlarning qopqoqlari asosan ovqat to‘kilmasligi uchun ishlatiladi. Biroq uning yana bir xususiyati bor va buni ko‘pchilik bilmaydi.

Diqqat bilan e’tibor berilsa, plastik idish ostida uchta bo‘rtma, qopqoqda esa uchta yoriq borligini ko‘rish mumkin. Idishdagi bo‘rtma qopqoqdagi yoriqqa tushadi. Siz ovqatlanayotganingizda undan idish ostiga qo‘yiladigan sifatida foydalanishingiz mumkin.

Tish pastasi qadog‘idagi rangli kvadratlar

Agar siz tish pastangiz idishining qadog‘iga e’tibor berib uning pastki qismida kichik rangli kvadratlarni ko‘rasiz. Odatda, ular qora, yashil, qizil yoki ko‘k ranglarda bo‘ladi.

Bu kvadratchalar tish yuvishga yoki tish pastasining turiga aloqasi yo‘q. Shunchaki ular aslida konveyerdagi mashinalar uchun belgi hisoblanadi. Uskuna pastani qadoqlash jarayonida qadoqning qayeridan kesish va ostini buklashni shu kvadratchalarga qarab mo‘ljal oladi.

Ruchka qopqog‘idagi teshik nega kerak?

Sharikli ruchkalarga qarasangiz, ularning qopqog‘i uchida kichik bir teshik bor. Bunday teshiklardan kiradigan havo tufayli uzoq vaqt ishlatilmagan ruchkalardagi rang qurib qolishi mumkin. Unda nega qopqoqlarga teshik qo‘yiladi?

Buning sababi shundaki yosh bolalar yoki maktabning boshlang‘ich sinflarida o‘qiydiganlar, hatto kattalar ham ruchka qopqog‘ini og‘izga tiqib turishadi. Ana shunday paytda qopqoq tomoqqa tiqilib qolsa, uni chiqarib olguncha odam bo‘g‘ilib o‘lib qolmasligi va kamroq bo‘lsa ham nafas olib turishi uchun teshik qo‘yiladi.

Mikroto‘lqinli pechlardagi qora to‘r

Agar siz mikroto‘lqinli pechni muntazam ravishda ishlatsangiz, hech bo‘lmaganda bir marta nega uning eshigida qora to‘r borligiga qiziqib ko‘rgansiz. Buning hech qanday siri yo‘q.

Mikroto‘lqinli pechlar o‘zidan kuchli elektromagnit chiqaradi. Odamlarni ana o‘sha elektromagnit maydonlaridan himoya qilish uchun mikroto‘lqinli pechlar eshigi qora to‘rli qilib chiqariladi.

Botinkalardagi ilmoq nega kerak?

Oyoq kiyim tanlayotganingizda e’tibor bersangiz ayrim botinkalar va etiklarning tepa qismi orqa tomoniga ilmoq tikib qo‘yilgan. Ishlab chiqaruvchilar hech bir detalni bekorga qilmasligini inobatga oladigan bo‘lsak, demak o‘sha ilmoqlar ham nimadir vazifani bajaradi.

Buning hech qanday siri yo‘q va ilmoqlar asosan harbiy (militari) uslubda tikilgan qo‘nji uzun oyoq kiyimlarida bo‘ladi. Bunday oyoq kiyimlarni kiyayotganda asosan o‘sha ilmoqlardan ushlab tortiladi. Bundan tashqari, ilmoqlar oyoq kiyimni osib qo‘yishda ham ishlatiladi.

Soch uchun shampun konditsionerdan to‘g‘ri foydalanish qoidasi

Shampun ishlatayotganda, sochlardagi yog‘ va kirdan qutulish uchun bosh terisini ham massaj qilish kerak bo‘ladi. Shunda shampun sochlardagi yog‘ bilan birga bosh terisidagi kir va yog‘ni ham tozalaydi. Biroq soch yuvish uchun chiqarilgan shampun konditsionerni bu tarzda ishlatmaslik kerak.

Ko‘pchilik shampun konditsionerni sochlari bilan birga boshiga ham surtadi. Bu noto‘g‘ri. Uni bosh terisiga tekkizmagan holda faqat sochlarning o‘ziga qo‘llash kerak. Buning sababi, shampun konditsioner o‘zi shundoq ham yog‘li bo‘lgan soch ildizlarini battar yog‘li qiladi. Natijada bosh terisi ostida va sirtida yanada ko‘proq yog‘ yig‘ila boshlaydi.

Blenderdan to‘g‘ri foydalanish qanday bo‘ladi?

Ko‘pchilik blenderda nimadir tayyorlamoqchi bo‘lsa, unga barcha masalliqlarni tartibsiz ravishda tashlaydi va aralashtiradi. Bunday paytda ayrim qattiqroq narsalar oxirigacha maydalanmasligi va kichik bo‘lakcha holida qolib ketishi mumkin.

Tayyorlanadigan narsa ko‘ngildagiday bo‘lishi uchun blenderga avval suyuq narsalarni, so‘ng tepa qismiga qattiq narsalarni tashlash kerak. Shunda blender barcha narsani yaxshi yanchadi va kichik bo‘lakchalar qoldirmaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: