Buyuk Britaniya va O‘zbekiston hamkorligi: sanoat, ta’lim va moliyaviy xizmatlar amaliyoti

Jamiyat 17:10 / 22.02.2024 12254

Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida savdo hamkorligi so‘nggi yillarda faol rivojlanib bormoqda. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar ko‘plab sohalarda, jumladan, tog‘-kon sanoati, infrastruktura, ta’lim va moliyaviy xizmatlar kabi muhim tarmoqlarda sezilarli darajada kengaytirilgan.

O‘zbekiston britan kompaniyalari uchun jozibador investitsiyalar va savdo imkoniyatlarini taklif etmoqda. 2023 yilning 3-choragi uchun yangilangan ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalari 132.5% o‘sish bilan 472 million funtga yetgan.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Britaniya biznesi va investorlarini o‘zbekistonlik hamkasblari bilan tanishtirish va britaniyalik mutaxassislar O‘zbekistondagi xizmatlar va tovarlarga bo‘lgan talabni qondira oladigan sohalarni aniqlash orqali ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyaning Rivojlanayotgan mamlakatlar savdo sxemasida (Developing Countries Trading Scheme) ishtirok etishi, bunda O‘zbekiston Britaniya bozoriga birinchi bo‘lib kirib kelgani iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlamoqda. 2021 yilda O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning kengaytirilgan savdo tizimiga qabul qilingan birinchi davlat bo‘ldi, endilikda Rivojlanayotgan mamlakatlar savdo sxemasi (Developing Countries Trading Scheme) deb nomlanadi. Bu O‘zbekiston korxonalariga tovarlarni nol tarif stavkasida eksport qilish imkonini beradi. Ushbu sxema O‘zbekistonga dunyoning istalgan davlatining eng keng savdo imtiyozlaridan birini taqdim etadi.

Oltin zahiralarining eng yirik egalaridan biri bo‘lgan va mis zaxiralari bo‘yicha 4-o‘rinni egallagan O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilish imkoniyatiga ega. Buyuk Britaniya, o‘z navbatida, toza qazib olish sohasida ilg‘or texnologiyalarni taqdim etadi va toza energiya bo‘yicha mamlakat tajribasi yashil tog‘-kon sanoatiga o‘tishga yordam beradi.

14-15-fevral kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Britaniyaning tog‘-kon sanoati bo‘yicha savdo missiyasi O‘zbekistondagi konchilik imkoniyatlarini o‘rgandi. Missiya Buyuk Britaniyaning tog‘-kon texnologiyalari sohasidagi innovatsiyalarini namoyish etdi va Weir Minerals, Wood plc., Orica, MSA Minerals Consulting, MMD Mineral sizing, Maptek, CMS Cepcor, va SRK Consulting kabi Britaniyaning yetakchi firmalari ishtirokida O‘zbekiston va Britaniya kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirdi. Tadbir davomidagi munozaralarda O‘zbekistondagi tog‘-kon sanoatining tartibga solish, soliqqa tortish va operatsion jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi va dastur AGMK va Olmaliq shaharlariga tashrifni o‘z ichiga oldi.

Buyuk Britaniya hukumati O‘zbekiston hukumati 2017 yildan buyon boshlagan ulkan iqtisodiy o‘zgarishlar jarayonini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Raqobatbardosh, yanada faol va ochiq ishbilarmonlik muhitini yaratish islohotlar jarayonining markazida bo‘ldi. Buni infratuzilma, savdo, moliyaviy xizmatlar, qurilish va transport sohalarida ko‘rish mumkin. Ushbu yo‘nalishlarda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida savdo aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish maqsad qilinmoqda.

Ikki davlat hamkorligining yorqin namunasi sifatida yaqinda O‘zbekiston London fond birjasini tanlab, umumiy qiymati 4.25 trillion so‘mlik birinchi yashil sovereign obligatsiyalarini chiqardi. Yashil obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar suvni tejovchi texnologiyalar, temir yo‘l va metro transportini rivojlantirish, o‘rmon yaratish kabi yashil loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Buyuk Britaniyaning eksport kredit agentligi – UK Export Finance (UKEF)  – toza energiya, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ishlab chiqarishdagi muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonning ustuvor iqtisodiy va ijtimoiy soxalarda moliyani safarbar qilishda yordam berishi mumkin.

O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar investitsiyaviy muhitni yaxshilash, ta’lim loyihalarini kengaytirish, Buyuk Britaniya korxonalari va investorlar uchun O‘zbekistondagi infrastruktura imkoniyatlari haqida ma’lumot berishda elchixonaning tizimli faoliyati katta ahamiyatga ega.

Ko‘proq yangiliklar: