«RFning gibrid operatsiyasi»: Estoniyada 10 kishi qo‘lga olindi

Jahon 09:29 / 21.02.2024 6274

Estoniya xavfsizlik idoralari ichki ishlar vaziri Lauri Lanemets va estoniyalik jurnalistlardan birining avtomobillariga qilingan hujumlar ortida Rossiya turibdi, deb hisoblaydi. Bu ishda dekabr oyidan beri 10 kishi qo‘lga olingan, ular, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari nomidan ish olib borgan, deb xabar qildi 20 fevral, seshanba kuni Estoniya xavfsizlik politsiyasi (KaPo).

Xabarda dekabr oyi boshida mashinasida oynalari sindirilgan jurnalistning ismi-sharifi ko‘rsatilmagan, biroq Delfi axborot portali gap ushbu nashrning rus tilidagi versiyasi bosh muharriri Andrey Shumakov haqida ketayotganini yozadi.

Estoniya xavfsizligiga qarshi gibrid operatsiya 

KaPo ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy ish doirasida to‘plangan ma’lumotlar Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan muvofiqlashtirilgan «Estoniya Respublikasi xavfsizligiga qarshi gibrid operatsiya» Estoniya jamiyatida qo‘rquv va keskinlikni kuchaytirishga qaratilganligini ko‘rsatadi. 

Hisobotda, shuningdek, gumonlanuvchilar, jumladan, Estoniyadagi yodgorliklarni tahqirlashda ham ishtirok etgani aytiladi. 

Prokuratura talabi bilan ushlangan olti nafar shaxs qamoqqa olingan. Estoniya davlat prokurori Triinu Olevga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida Rossiya va Estoniya fuqarolari ham bor, ularning ba’zilarida ikkita pasport mavjud. Estoniya Ichki xavfsizlik xizmati rahbari Margot Pallosonning aniqlik kiritishicha, ularning aksariyati ilgari sudlangan, ijtimoiy tarmoqlar orqali yollangan va hujumlarni amalga oshirgani uchun «ma’lum moliyaviy mukofotlar» olgan. 

Ushbu ish yuzasidan Rossiyaning Estoniyadagi muvaqqat ishlar vakili Estoniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. 

Latviyada yodgorlikni tahqirlagan shaxs qo‘lga olindi 

Shu kuni Latviya Davlat xavfsizlik xizmati (LDXX) 8 fevral kuni «Paternieki» chegara postida Rossiyaning ko‘rsatmasi bo‘yicha Latviya va boshqa Boltiqbo‘yi davlatlarida provokatsiyalar uyushtirganlikda gumon qilingan Estoniya va Rossiya fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyi oxirida u Juksta shahridagi latviyalik legionerlar yodgorligiga qizil bo‘yoq quygan. 

Davlat xavfsizlik xizmati matbuot-relizida ta’kidlanishicha, tergov doirasida Latviya maxsus xizmati Estoniya va Litvaning tegishli tuzilmalari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda, chunki qo‘lga olingan shaxs boshqa Boltiqbo‘yi davlatlarida ham shunga o‘xshash harakatlar sodir etgan bo‘lishi ehtimoli bor. 

Ko‘proq yangiliklar: