Odam savdosida ayblangan «Monya» Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi

Jamiyat 15:53 / 21.02.2024 21734

O‘zbekiston IIV odam savdosida ayblab qidiruvga bergan 23 yoshli Munisaxon Alijonova 21 fevral kuni Turkiyadan deportatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar bergan.

«Monya» laqabi bilan tanilgan ushbu ayol 2023 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan. U 13 fevral kuni Turkiya politsiyasi va O‘zbekiston IIV Tezkor-qidiruv departamenti qidiruv boshqarmasi hamkorligida Istanbul shahrida o‘tkazilgan tadbirda qo‘lga olingandi.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘ralgan.

Bu yil boshidan buyon odam savdosida ayblangan ayollar Turkiyadan deportatsiya qilinishi bilan bog‘liq uchinchi holatdir. 10 yanvar kuni «Madam Klod» laqabi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova, 24 yanvar kuni — Dilnoza Umarova va Mavludaxon O‘lmasova O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: