Navalniy qayerda? Uning jasadini qariyb bir haftadan buyon yaqinlariga berishmayapti

Jahon 19:04 / 21.02.2024 9954

Qamoqxonadan chiqqan shubhali kolonna

Navalniy vafotining ertasiga mustaqil rus nashrlari u vafot etgan Xarp qishlog‘idagi qamoqxonada noodatiy kortej harakati aks etgan videolarni e’lon qildi.

«Mediazona» nashri e’lon qilgan video tunda olingan. Unda bitta yengil va bitta «Buxanka» (undan aynan jasadlarni tashishda foydalanish mumkin) oldi va orqa tomonida YPX mashinasi hamrohligida harakatlangani ko‘rinadi. Jurnalistlar kadrda ko‘ringan trassa Salexarddan qamoqxona joylashgan Xarp qishlog‘iga boradigan yagona yo‘l ekaniga e’tibor qaratgan.

Mashinalar Labitnangidan Salexardga qarab harakatlangan. Ikkinchi kamera Salexardda ham xuddi shu 4 mashina birgalikda kolonna bo‘lib harakatlanganini tasvirga olgan. Bu shaharda esa Navalniy vafot etgan qamoqxonaga eng yaqin bo‘lgan o‘likxona joylashgan. «Mediazona» jurnalistlari 17 fevralga o‘tar kechasi tasvirga tushib qolgan ushbu mashinalar aynan Navalniyning jasadini Salexarddagi o‘likxonaga olib ketganiga shubha qilmagan.

«Kortej 17 fevralga o‘tar kechasi, Navalniyning advokati va onasi qamoqxonaga borishidan avval kadrga tushgan», deyiladi xabarda. 17 fevral tongda chindan Rossiya muxolifati yetakchisining onasi Lyudmila Navalnaya olis Sibirdagi qamoqxonaga yetib borgan. Unga o‘g‘lining jasadini ko‘rsatishmagan, uni dafn etish uchun ham berishmagan, faqat o‘lim haqida guvohnomani tutqazishgan, xolos.

Navalniy 2023 yil dekabrdan buyon saqlangan Xarpdagi qamoqxona
Reuters / Scanpix / LETA

«O‘g‘limni odamday dafn qilishimga qo‘ying»

Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila Navalnaya farzandining jasadini beraverishmagach, 20 fevral kuni Rossiya prezidenti Putinga murojaat qilib, o‘g‘lining jasadini berishlarini so‘radi.

«Beshinchi kunki o‘g‘limni ko‘ra olmayapman, uning jasadini berishmayapti. U qayerda ekanini ham aytishgani yo‘q. Vladimir Putin, men sizga murojaat qilmoqchiman: barchasi sizning qaroringizga bog‘liq, o‘g‘limni ko‘rishga bering axir. Uni odamday dafn etishim uchun tezda jasadini berishlarini talab qilaman», degan muxolifatchining onasi.

Lyudmila Navalnaya o‘g‘lining jasadini berishmayotgani sabab sudga murojaat qilgandi. Salexard shahar sudiga ko‘ra, ushbu ariza bo‘yicha ish 4 mart kuni ko‘rib chiqiladi. Sud majlisi yopiq tarzda o‘tkaziladi. 15 mart kuni esa Rossiyada prezidentlik saylovi o‘tkaziladi.

Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish YouTube'dagi jonli efir vaqtida siyosatchining jasadini «kimyoviy ekspertiza» o‘tkazilishi sabab kamida 14 kun davomida berishmasligini ma’lum qildi. Bu haqda tergovchi Navalniyning onasi va advokatiga xabar bergan.

Kira Yarmish DW nashri bilan suhbatda Navalniy jamoasi barcha eng yomon ssenariylarga ham tayyorligini aytib, uning jasadi umuman berilmasligi mumkinligini ham istisno qilmagan.

Rossiya elchilari chaqirtirildi

Muxolifatchi Aleksey Navalniyning jasadi uning oilasiga berilishini dunyodagi siyosiy tashkilotlar ham talab qilmoqda. Xususan, Yevropa Ittifoqi Bryusseldagi Rossiya vakili Kirill Logvinovni chaqirtirib, unga ittifoq talablarini yetkazdi. Ittifoq Rossiyani Navalniyning o‘limi sabablarini aniqlash va uning jasadini oilasiga berishga chaqirgan.

Yevropaning bir qator davlatlari esa Aleksey Navalniyning o‘limi sabab Rossiya elchilarini TIVga chaqirtirgan. Hozircha, Italiya, Germaniya, Ispaniya, Shvetsiya, Fransiya, Polsha va Sloveniya rus elchilarini tashqi ishlar vazirligiga chaqirgani ma’lum.

Qamoqxonaga mas’ullarning rutbasi ko‘tarildi

Aleksey Navalniyning qamoqxonada o‘lgani fonida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi qamoqxonalar uchun mas’ul bo‘lgan mulozimlarning harbiy darajasini oshirish bo‘yicha farmon chiqardi.

Navalniy 2023 yil dekabrdan buyon saqlangan Xarpdagi qamoqxona
Reuters / Scanpix / LETA

Xususan, Jazoni ijro etish federal xizmati rahbari o‘rinbosari Valeriy Boyarinev ichki xizmat general-polkovnigi unvonini oldi. Bundan tashqari, Rossiya qamoqxonalariga mas’ul bo‘lgan tashkilotning boshqa mansabdorlari Aleksandr Rozin, Dmitriy Sharatov va Aleksandr Fedorovning harbiy darajasi ko‘tarildi.

Avvalroq muxolifatchining jamoasi yuritadigan Telegram-kanalda uning qamoqxonadagi huquqlarini cheklashda aynan Boyarinev «bosh-qosh» bo‘lgani aytilgandi.

Buyuk Britaniya esa Navalniy vafot etgan qamoqxona rahbariyatiga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Sanksiya ro‘yxatiga Xarp qishlog‘idagi qamoqxona rahbari Vadim Kalinin, uning besh nafar o‘rinbosari Sergey Korjov, Vasiliy Vidrin, Vladimir Pilipchik, Aleksandr Golyakov va Aleksandr Obrazsov o‘rin olgan.

Ro‘ytaxtdagi 6 kishiga Britaniyaga kirish taqiqlanadi va ularining Britaniya banklaridagi hisoblari (agar bo‘lsa) muzlatiladi. Xabarda Britaniya Xarpdagi qamoqxona rahbariyatiga qarshi sanksiya qo‘llagan ilk davlat bo‘lgani alohida ta’kidlab e’lon qilingan.

Rossiya muxolifatining yetakchi vakillaridan biri Maksim Kats esa Britaniya hukumatining bu ishini populizmga qiyoslab, ko‘zbo‘yamachilik deb atadi. «Rossiya siyosatini tushunadigan odam uchun bu latifadek gap. Xuddi atayin ustlaridan kulishlarini istashayotgandek. Allo, Yamaldagi qamoqxona rahbariyati Londonda nima qiladiki, siz ularga kirishni taqiqlab qo‘yasiz? Ularga hatto Belarusga chiqish taqiqlangan.

Navalniyning o‘limiga hech qachon Britaniyaga bormaganlarga davlatga kirishni cheklab, hech qachon mavjud bo‘lmagan Britaniyadagi hisoblarini muzlatish orqali javob berasizmi? Ustimizdan kulyapsizmi? Nega yevropalik siyosatchilar bo‘ladigan ishlardan kelib chiqib harakat qilmaydi degan savol paydo bo‘ladi. Shunchaki ular uchun reallik biz ko‘rayotgan narsalardan farqli.

Ularning nazdida sanksiya natijaga erishish uchun emas, shunchaki OAV hamda saylovchilarga yaxshi ko‘rinish uchun kerak. Ularning nazdida Britaniyaga safarni cheklash – jiddiy jazo. Ishonchim komil, hozir sanksiyaga tushgan qamoqxona rahbarlari kulib o‘tirishibdi», deb yozdi Kats.

Ko‘proq yangiliklar: