O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini oshirish uchun 500 mln dollar ajratmoqchi

Iqtisodiyot 20:19 / 20.02.2024 14826

“O‘ztransgaz” shimoldan import qilinadigan tabiiy gazni qabul qilish hajmini oshirish bo‘yicha magistral gaz tizimini modernizatsiya qilish dasturini amalga oshiradi. Bu – hukumatning “2024 yil I choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, 2024–2030 yillarda bajarilishi nazarda tutilgan birinchi bosqichda tabiiy gaz qabul qilishni kuniga 32 mln kub metrga yetkazish ko‘zda tutilgan. Loyihani xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, respublika magistral gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish dasturini amalga oshirish dasturi (2021-2024 yillar) ham davom ettiriladi. Umumiy qiymati 483 mln dollar bo‘lgan loyiha 511 km magistral gaz quvurlari va 10 ta gaz nasos agregatini modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 7 oktyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari Moskvada o‘tgan tadbirda rus gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start bergandi. Buning uchun 1960 yillarda Turkmaniston va O‘zbekistondan Rossiyaga gaz uzatish uchun qurilgan “O‘rta Osiyo – Markaz” nomli magistral tarmoq teskari ishlashga moslashtirildi.

“UzGasTrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasidagi tijoriy shartnoma 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, kuniga 9 mln kubmetr, yiliga esa qariyb 2 mlrd 800 mln kubmetr tabiiy gaz xarid qilishni nazarda tutadi.

Shundan so‘ng, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston tomoni “Gazprom” bilan o‘rta va uzoq muddatli shartnoma muhokamasini ham boshlab yuborgani haqida ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: