"Dunyo" xabariga ko‘ra, Malayziya tomoni kompaniya to‘g‘risida taqdimot o‘tkazib, amalga oshirilayotgan loyihalarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, AQShning NVIDIA kompaniyasi bilan Malayziyada qiymati 4,3 milliard dollar bo‘lgan sun’iy intellekt buluti va superkompyuter infratuzilmasini yaratish hamda ma’lumotlar markazi tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Britaniyada kompaniyaga tegishli bo‘lgan Wessex Water - suv ta’minoti va oqava suv xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Uchrashuv davomida xorij tomoni bilan hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi va kompaniya vakillariga mamlakatda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy va O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temiryo‘li hamda Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihalari doirasida o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi.
Azmi Abdul Aziz ushbu loyihalarni amalga oshirish shartlari bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanligini ma’lum qilib, Malayziya kompaniyasi mamlakatda issiqlik elektr stansiyalarini qurish va ma’lumotlar markazini (Data Center) tashkil etish bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha yuqorida keltirilgan loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganish maqsadida xorij tomoni hamda mamlakatimizning tegishli vazirlik va tashkilotlari vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishildi.