O‘zbekistonda yil davomida ikkitadan ortiq avtomobil sotgan jismoniy shaxslarni deklaratsiyalash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu – Strategik islohotlar agentligining 13 fevral kungi davlat rahbariga qilgan taqdimotidan o‘rin olgan, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.
Qayd etilishicha, 2022 yilda 33 mingga yaqin fuqaro 3 va undan ortiq avtomobil xarid qilgan. Deklaratsiya tizimi chayqovchilikning oldini olishga va budjetga qo‘shimcha 30 milliard so‘m tushirishga qaratilgan.
Shunga o‘xshash tartib uy-joy oldi-sotdisida amal qilib keladi. Unga ko‘ra, fuqaro xarid qilgan uyini 3 yil ichida sotsa, xarid qilgan va sotgan narxi o‘rtasidagi musbat farqdan 12 foizlik daromad solig‘i hisoblanadi.
Avvalroq UzAuto Motors olibsotarlarga qarshi kurashish maqsadida bir kishi yiliga bir xil rusumdagi ikkitadan ortiq avtomobil sotib olgan bo‘lsa, xaridorga avtomobil yetkazib berish muddatini 120 kungacha oshirgan edi. Bunday holda, har bir keyingi mashina navbatning oxiriga ko‘chiriladi.
O‘tgan yil oxirida hukumat qarori bilan yangi avtomobillarni sotish qoidalariga o‘zgartirishlar ham kiritilgandi. Shu asosda, UzAuto Motors mijoz bilan 12 oy ichida ikkitadan ortiq oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, u bilan avtomobil yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma tuzishdan bosh tortish huquqiga ega bo‘ldi.