AQSh iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda. Bu o‘sish ortida qanday muammolar yashiringan?

Iqtisodiyot 21:58 / 19.02.2024 13092

Amerika fond bozori katta sur’atlar bilan rivojlanmoqda. O‘tgan uch oy S&P 500 indeksi deyarli 15 foizga oshib, rekord o‘rnatdi. So‘nggi iqtisodiy ma’lumotlar ham investorlardagi optimizmni qo‘llab-quvvatlaydi. 2 fevral kuni AQSh Mehnat vazirligi yanvarda 353 ming yangi ish o‘rinlari yaratilganini ma’lum qildi, bu – kutilmalardan ancha ko‘p. Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyoti 2023 yilning oxirgi choragida 3,3 foizga o‘sdi. Inflatsiya FZTning 2 foizlik maqsadiga yaqinlashib bormoqda. Investorlar yil oxiriga kelib asosiy foiz stavkasi hozirgi 5,25 foiz va 5,5 foiz oralig‘idan 4 foiz va undan pastroqqa tushishini kutmoqda, bu esa Amerika iqtisodiyotining o‘sishiga katta turtki beradi. The Economist bu o‘sish ortida yashiringan bir qator muammoli jihatlar haqida yozdi.

Yanvar oyi yakunida FZT raisi Jyerom Pauell inflatsiya “hali ham juda yuqori” ekanini ta’kidlab, yaqin orada foiz stavkasi pasaytirilishi mumkinligi haqidagi umidlarni puchga chiqardi. Pandemiya davridagi imtiyozli kreditlarning muddati tugay boshlagan bir paytda, Amerikaning 21 trln korporativ qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlari muttasil oshib bormoqda. Foyda esa deyarli o‘zgarmas holatda. O‘tgan yilning oxirgi choragida S&P 500 kompaniyalari hisobot taqdim qilishgandi. Ular 2023 yilda atigi 1,6 foiz o‘sishga erishgan.

Eng xavotirli jihat – amerikalik iste’molchilar bilan bog‘liq. Pandemiya davrida hukumatning qo‘llab-quvvatlovi tufayli xaridorlar qo‘lida to‘plangan ortiqcha mablag‘lar sarflab bo‘lingan. Kredit kartalari bo‘yicha defolt stavkalari izchil o‘sib bormoqda. Ta’lim krediti bo‘yicha to‘xtatib qo‘yilgan to‘lovlarning qayta tiklangani esa bosimni yanada oshiradi.

Natijada tadbirkorlar qiyin kunlarga tayyorlanmoqda. 23 yanvar kuni mebel savdosi bilan shug‘ullanuvchi Wayfair kompaniyasi xodimlarining 13 foizini ishdan bo‘shatishini e’lon qildi. 25 yanvar kuni kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi Levi Strauss joriy yilda daromadining oshishi kutilmalardan pastligi sababli xodimlarining 10 foizdan 15 foizgacha qismini ishdan bo‘shatishi haqida xabar qildi. 30 yanvar kuni maishiy texnika ishlab chiqaruvchi Whirlpool kompaniyasi 2024 yilda savdo sust bo‘lishi kutilayotganini bildirdi.

Amerikaning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi General Motors bosh direktori Mari Barraning aytishicha, bu yil Amerikada sotiladigan avtomobillar soni 3 foizga oshishi kutilyapti. Bu yomon emas, lekin o‘tgan yilgi 12 foiz o‘sishdan ancha past. Narxlar talabni qo‘llab-quvvatlash uchun tushirilishi kutilmoqda, bu esa foyda miqdorini kamaytiradi. Shuningdek, Tesla ham joriy yildagi o‘sish sur’ati “pastroq bo‘lishi mumkin” deya ogohlantirdi. Bu xabar kompaniya aksiyalari 12 foizga tushib ketishiga olib keldi.

Ikkinchi eng katta muammo – Xitoydagi iste’mol kayfiyatining yomonlashuvidir. Mamlakat ko‘chmas mulk sektoridagi inqiroz iste’molchilar kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, Nike aksiyalarining narxi Xitoyda sekinlashgan sotuvlar fonida keskin tushib ketdi. iPhone sotuvi yillik 2 foiz o‘sishni qayd etishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa ham, uning Xitoydagi sotuvlari 13 foizga pasaydi. Apple, Nike va Starbucks uchun mahalliy kompaniyalar bilan raqobatning kuchayishi qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Uchinchi katta muammo – Amerikada jonlana boshlagan mahalliy ishlab chiqarishning yana sekinlashayotgani. O‘tgan yilning birinchi yarmida mamlakatdagi zavodlar qurilishi 17 foizga oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich ikkinchi yarim yillikda 8 foizgacha sekinlashgan. Tayvanning chiplar ishlab chiqaruvchi TSMC kompaniyasi 18 yanvarda Arizona shtatida ikkinchi yarimo‘tkazgichlar zavodining ochilishini bir yoki ikki yilga kechiktirishini e’lon qildi. Bundan sal oldin esa, birinchi zavodning ochilishi ham kechiktirilgandi.

Shuningdek, chiplar ishlab chiqaruvchi boshqa bir Intel kompaniyasi ham Ohayo shtatidagi zavodning ochilishini kechiktirgan. Buning sababi Bayden ma’muriyati tomonidan va’da qilingan subsidiyalar sekin ajratilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chip ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash haqidagi qonunda mahalliy yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun belgilangan 52 mlrd dollardan hozirgacha faqat kichik bir qismi ajratilgan. Amerikaning avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari ham ishlab chiqarishga qo‘yilgan sarmoyalarni qoniqarsiz sotuvlar tufayli kechiktirmoqda.

Sun’iy intellekt yo‘nalishida optimizm

Sun’iy intellekt (SI) sohasidagi faoliyat sekinlashish alomatlarini ko‘rsatmayapti. Amazon, Alphabet va Microsoft kabi uchta gigant kompaniya o‘zlarining bulutli texnologiyalari yil davomida mos ravishda 13 foiz, 26 foiz va 30 foiz o‘sishi haqida xabar berdi. Uchala kompaniya ham investorlarga SI bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalari kelgusi yilda kapital sarmoyalarni oshirishga olib kelishini aytdi. Xususan, 1 fevral kuni Meta joriy yilda ushbu tarmoqqa 37 mlrd dollargacha sarmoya kiritishini ma’lum qildi. Buning ortidan bir kun ichida kompaniyaning bozor qiymati deyarli 200 mlrd dollarga oshib, 1,2 trln dollarga yetdi. Bu Wall Street tarixidagi eng yirik bir kunlik sakrash sifatida qayd etildi.

Biroq Amerikaning qolgan kompaniyalari sun’iy intellektda sezilarli iqtisodiy natijalarga erishishi uchun birmuncha vaqt talab qilinishi mumkin. BCG konsalting firmasining o‘tkazgan so‘rovnomasiga ko‘ra, kompaniyalarning atigi 5 foizi ushbu texnologiyadan umuman foydalanmayapti, 71 foizi “cheklangan tajriba va kichik miqyosdagi pilot loyihalar” bilan shug‘ullanyapti.

Ko‘proq yangiliklar: