Dollar mustahkamlandi, Bitcoin narxi yana osha boshladi – xalqaro moliya bozori sharhi

Iqtisodiyot 10:51 / 18.02.2024 11940

Jahon moliya bozori ko‘plab hodisalarga boy bo‘lgan navbatdagi qaynoq haftani muvaffaqiyatli yakunladi. AQSh inflatsiya ma’lumotlari haftaning muhim xabarlar ketma-ketligini boshlab berdi. Qayd etilishicha, yanvar oyidagi inflatsiya dekabrga nisbatan o‘zgarishsiz qolib, 3,9 foizni tashkil etgan. Buning oqibatida AQSh fond bozori indekslarini o‘sha kuni o‘rtacha 2 foizdan ko‘proq korreksiya qildi va hafta mobaynida yo‘qotilgan pozitsiyalarni tiklash bilan ovora bo‘ldi. Dunyoning boshqa mintaqalarida, ya’ni Buyuk Britaniya va Yaponiyada ham muhim makroiqtisodiy ma’lumotlar (Yalpi ichki mahsulot) e’lon qilindi. Bunga ko‘ra, ikkala mamlakatda IV chorakda YaIM salbiy ko‘rsatkichni qayd etdi va Buyuk Britaniya iqtisodiyoti 0,3 foiz, Yaponiya iqtisodiyoti esa 0,4 foizga qisqardi. Bu mamlakatlarning iqtisodiyoti III chorakda ham qisqargani tufayli rasmiy ravishda texnik retsessiyaga qadam qo‘yishdi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 12 fevraldan 16 fevralgacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.   

AQSh top fond bozorlari indeksi:

  • S&P500: -0,42 foiz (yil boshidan +4,94 foiz);
  • NASDAQ: -1,54 foiz (yil boshidan +5,11 foiz);
  • DJI: -0,11 foiz (yil boshidan +2,49 foiz).

AQSh fond indekslarining bir necha haftalik ketma-ket o‘sish dinamikasi to‘xtadi. Hafta davomida Dow Jones, NASDAQ va S&P500 indekslari mos ravishda 44, 277 va 21 punktga pastladi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin: -0,55 foiz (yil boshidan -2,41 foiz);
  • Kumush: +3,53 foiz (yil boshidan -1,42 foiz);
  • Alyuminiy: -0,02 foiz (yil boshidan -7,24 foiz);
  • Mis: +3,51 foiz (yil boshidan -1,64 foiz).

Qimmatbaho metallar esa yakunlangan haftada turli ko‘rsatkichlarni qayd etishdi. Oltin va alyuminiy mos ravishda 11,1 va 0,5 dollarga pasaygan bo‘lsa, kumush va mis 0,8 va 0,13 dollarga o‘z qiymatini oshirdi.

Neft

  • WTI: +2,12 foiz (yil boshidan +9,63 foiz);
  • BRENT: +1,6 foiz (yil boshidan +8,02 foiz).

Yaqin Sharqda keskinlik fonida neft narxi oshdi. Xususan, mahsulotning WTI markasi 1,62 dollarga, BRENT esa 1,31 dollarga qimmatlashdi.

Valutalar

  • USD/EUR: -0,08 foiz (yil boshidan -2,38 foiz);
  • CNY/USD: 0,00 foiz (yil boshidan +1,34 foiz);
  • TRY/USD: +0,46 foiz (yil boshidan +4,34 foiz);
  • UZS/USD: +0,28 foiz (yil boshidan +1,50 foiz);
  • RUB/USD: +1,10 foiz (yil boshidan +2,96 foiz).

Ko‘plab tahlilchilar prognoz qilganidek AQSh valutasi so‘nggi hafta o‘sish tendensiyasini davom ettirdi va raqib valutalariga kuchli bosim o‘tkazdi. Buning oqibatida yevro tebranishlar orqali 0,08 foizga, rubl esa 1,10 foizga pasaydi, lira va so‘m esa mos ravishda 0,46% va 0,28 foizga o‘z qadrini yo‘qotdi. Xitoy yuani umuman o‘zgarmadi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin: +8,31 foiz (yil boshidan +22,5 foiz);
  • Ethereum: +12,65 foiz (yil boshidan +22,05 foiz).

Bitcoin va Ethereum kriptolarida o‘sish tendensiyasi qayta faollashdi va 5 kunlik savdolarda mos ravishda 8,31 foiz va 12,65 foizga o‘sdi. Hozirda Bitcoin bilan 48 000-53 000 dollar, Ethereum bilan esa 2500-2850 dollar doirasida savdo qilinmoqda.

Bozorlar haqida qisqacha

Dekabr oyida sezilarli darajada o‘sgan inflatsiya ko‘rsatkichi yanvar oyida o‘zgarishsiz qoldi va bu bozor optimizmiga sezilarli ta’sir etdi. Chunki bozor ishtirokchilari seshanba kuni yillik inflatsiyani 3,9 foizda qabul qilganidan so‘ng oldingi optimistik ko‘rsatmalarini korreksiya qilishga o‘tishdi va fond indekslari shu zahoti quladi. Garchi yangiliklardan so‘ng hafta mobaynida bozor tiklanishga uringan bo‘lsada, dushanba kunidagi cho‘qqisini yangilolmadi. Bundan tashqari, Federal zaxira tizimining yaqin vaqt oralig‘ida foiz stavkasini pasaytirmasligi va askincha, inflatsiya o‘sish tendensiyasini tiklasa, stavkani qayta ko‘tarishi bo‘yicha va’dalari so‘nggi hodisalarda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi mumkin. Chunki texnik jihatdan olib qarasak S&P500 indeksi tarixiy va psixologik daraja 5000 ni yengib o‘tgan bo‘lsada, hali u yerda mustahkam o‘rnashgani yo‘q va fundamental ma’lumotlar tanqisligi fond bozorini qayta pastga tushirib yuborish ehtimoli bor.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 12 fevraldan 16 fevralgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.

Ko‘proq yangiliklar: