«Juda qimmatli josus» - Sobiq KGB xodimi, Rossiya tashqi razvedka xizmati zobiti nega Amerikaga qochib ketgandi?

Jahon 13:49 / 17.02.2024 25490

2000 yil Rossiya Tashqi razvedka xizmati uchun murakkab yil bo‘ladi. Bu xizmatning eng yaxshi xodimlaridan biri AQShdan siyosiy boshpana so‘raydi va oilasi bilan amerikaliklar tomonga qochib o‘tadi.

Bundan avval, SSSR tarqab ketishidan oldin va keyin KGB va FSBning ko‘plab xodimlari G‘arbga qochib ketgandi. Biroq xodimning qochishi tashkilot uchun og‘ir zarba bo‘ladi.

Chunki xodim tashkilotga tegishli juda ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni bilardi va ularni Markaziy razvedka boshqarmasiga sotish ehtimoli juda yuqori edi.

Amalda shunday bo‘ladi va sobiq KGB va FSB xodimi o‘zidagi barcha ma’lumotlarni amerikaliklarga beradi.

Bu xodim Rossiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari niqobida AQShda ishlayotgan josus Sergey Tretyakov edi.

Tug‘ma KGB xodimi

Sergey Tretyakov 1956 yil 5 oktyabrda tug‘ilgan. Uning buvisi Lyubov Ionina uzoq yillar maxsus xizmatlar idorasida kotiba (mashinistka – bu kasb egalari asosan turli matnlarni yozuv mashinkasida ko‘chirib yoki ko‘paytirib berish bilan shug‘ullanishgan) bo‘lib ishlagan.

U 1920 yillardan hali NKVDning nomi OGPU (Ob’yedinyonnoye gosudarstvennoye politicheskoye upravleniye – Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi) deb atalib yurgan paytlardan boshlab, keyinchalik NKVD ikkita alohida tashkilot, IIV va KGBga ajratilgan paytlargacha ishlagan. Shu sababli Sergey Tretyakov tug‘ilgan oilaning a’zolari KGBga «begona» emasdi.

Sergeyning otasi Oleg Tretyakov ham SSSR savdo ministrligida muhim lavozimlarda ishlagan. Jumladan, u SSSRning bir nechta xorijiy davlatlaridagi savdo uylarini ham boshqaradi.

Ma’lumot uchun, SSSRning xorijiy davlatlardagi «savdo uylari» asosan Tashqi razvedka xizmati va KGB nazoratida bo‘lib, u yerda savdo vakili niqobi ostida asosan shu tashkilotlar xodimlari – josuslar ishlagan.

1970-yillar o‘rtalarida Sergey maktabni bitirib, Chet tillar institutiga o‘qishga kiradi va KGB bilan hamkorlik qila boshlaydi. Unga Xalqaro aloqalar instituti talabasi Yelena Tulisovani biriktirib qo‘yishadi.

O‘sha paytda uni bir necha marta xorijiy safarga chiqayotgan talabalar guruhi bilan birga chet ellarga yuborishadi. Sergeyning vazifasi talabalarning xorijdagi xatti-harakatlarini nazorat qilish va qaytgandan so‘ng bu haqda KGBga hisobot berish bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay KGB xodimlarining ishonchini qozongan Sergey qisqa muddatli tayyorlov kursidan so‘ng tashkilotga ishga qabul qilinadi. Bu orada Yelena bilan oila quradi.

1982 yilda Oleg KGB leytenanti unvonini oladi. O‘sha paytda u Butunittifoq razvedka masalalari ilmiy-tadqiqot institutida ishlardi. Sergey bu joyda besh yil ishlaydi.

U 1986 yilda komsomol tashkilotiga ishga o‘tkaziladi va 1989 yilgacha shu joyda qolib ketadi. Nihoyat 1990 yilda Tretyakovning ishlari yurishib ketadi va uni SSSRning Kanadadagi elchixonasiga ishga jo‘natishadi.

Sergey Ottavada elchixona xodimi niqobi ostida asosan josuslik bilan shug‘ullanadi. Bir necha yil Kanadada ishlagach uni Moskvaga chaqirib olishadi.

Tv kadrdan

BMT bosh idorasidagi xizmat

1995 yilda Sergey Tretyakov AQShga jo‘natiladi. U Rossiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari etib tayinlanadi. Shu bilan birga Oleg Tashqi razvedka xizmatining AQShdagi bo‘limi rahbari o‘rinbosari bo‘ladi.

Keyinchalik, Sergey Tretyakov AQShda ishlab yurgan paytida, 1997 yildayoq MRB bilan hamkorlik qila boshlagani va ikki tomonlama josuslik qilgani ma’lum bo‘ladi.

1996 yilda Sergey Moskvadan, Tashqi razvedka xizmatidan (shartli Markazdan) Anqarada yollangan turk diplomati BMTga yuborilayotgani haqida maxfiy xabar oladi.

Maxfiy xabarda uning fotosurati, tashqi ko‘rinishining batafsil tavsifi va uchrashuv paytida aytilishi kerak bo‘lgan parol ma’lum qilingan edi.

Sergey berilgan tavsifga mos keladigan turk diplomatini qidirib, turli tadbirlarda qatnasha boshlaydi. Oradan ikki oy o‘tgach tadbirlardan birida u o‘ziga berilgan ma’lumotlarga mos keladigan odamni topadi.

Sergey tadbir tugashini kutadi va turk diplomatini yo‘lak bo‘ylab kuzatib boradi. Diplomat Sergeyga AQSh va NATOning harbiy operatsiyalari haqidagi maxfiy ma’lumotlarni beradi.

Keyinchalik aniqlanishicha, Sergey Tretyakov Tashqi razvedka xizmati xodimi sifatida Ottavada va Nyu-Yorkda ishlab yurganida Rossiyaning hozirgi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan do‘stona aloqada bo‘lgan.

Lavrov o‘sha paytlarda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasini boshqargan va Tretyakovning rahbari bo‘lgan.

Qochish

2000 yil oktyabr oyida Tretyakov rafiqasi, qizi va mushugi bilan Nyu-Yorkdagi kvartirasidan izsiz yo‘qoladi. Rossiya Tashqi razvedka xizmati tomonidan Tretyakovga berilgan va u bir necha yil yashab ketgan ikki xonali kvartiradan qisqagina xat topishadi.

Xatda «Men iste’foga chiqishga qaror qildim. Yelena ham yaxshi ish topdi. Mening iste’fom mamlakat manfaatlariga zarar keltirmaydi» deb yozilgan edi.

Rossiya Tashqi razvedka xizmati avvaliga Tretyakov va uning oilasi AQSh maxfiy xizmati xodimlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan degan gumonga ham boradi.

Rossiyaliklar ularni AQSh va boshqa G‘arb davlatlaridan 4 oy davomida qidiradi. Biroq Tretyakov va uning oilasini topib bo‘lmaydi. Ko‘p o‘tmay ular qochib ketgani oydinlashadi.

Sergeyning qochib ketgani haqida birinchi bo‘lib Associated Press xabar tarqatadi. 2001 yil 31 yanvar kuni Amerika hukumati Tretyakov tirik va sog‘-salomat ekanini, uning Rossiyaga qaytish niyati yo‘qligini va AQShdan siyosiy boshpana so‘raganini ma’lum qiladi.

Shundan so‘ng rus OAVda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Sergeyni kuch bilan ushlab turilmaganiga ishonch hosil qilish uchun amerikaliklardan u bilan konsullik uchrashuvi o‘tkazishni talab qilayotgani haqida xabar tarqaldi.

Foto: newsru.net

2001 yil 10 fevral kuni New York Times nashrida Tretyakov ishi bo‘yicha maqola e’lon qilinadi. Unda yozilishicha, Amerika tomoni rossiyaliklarning Tretyakov bilan uchrashish haqidagi talabini qondirmagan.

Ruslarga jo‘natilgan javob xatida «Tretyakovning diplomat emas, balki Rossiya tashqi razvedka xizmatining josusi ekanligi, undan avval esa KGBda ishlagani, AQShda qolishni o‘z ixtiyori bilan tanlagani, shu sababli u Rossiyaga qaytarib berilmasligi va ruslar bilan uchrashtirilmasligi» aytilgan edi.

Keyinchalik, 1997 yilda Sergeyning onasi vafot etgani, Rossiyadan qochadigan bo‘lsa rus maxfiy xizmati xodimlari bosim o‘tkaza oladigan qarindoshlari qolmagani, shu sababli u okean ortida qolishni xohlagani ma’lum bo‘ladi.

Amerikaga qochib borganidan keyin Tretyakovni Markaziy razvedka boshqarmasi va Federal qidiruv byurosi tergov qiladi.

Rossiya OAVda yozilishicha, o‘shanda Sergey o‘zidagi qimmatli maxfiy ma’lumotlarni bergani uchun amerikaliklar unga 2 million dollardan ko‘proq pul berishgan.

Tretyakov va oila a’zolariga boshqa ism-shariflar bilan hujjatlar taqdim etilgan. So‘ng FSB hamda Rossiya tashqi razvedka xizmati josuslaridan asrash uchun yashirilgan.

2007 yilda Tretyakov oilasi bilan Amerika fuqaroligini oladi. Shundan so‘ng u ommaga ko‘rinish bera boshlaydi.

Intervyu

2008 yil boshida NTV telekanalining Amerikadagi maxsus muxbiri Aleksey Veselovskiy Tretyakovdan intervyu oladi. Sergey intervyuni Floridadagi uyida berishga rozi bo‘ladi.

Tretyakov intervyuda KGB va Rossiya Tashqi razvedka xizmatida ishlagan paytlarida hech qanday muammolarga duch kelmaganini, amerikaliklar bilan o‘z tashabbusiga ko‘ra hamkorlik qilganini va ularga maxfiy ma’lumotlarni berganini aytadi.

Shuningdek, u AQSh hukumatidan hech qachon pul so‘ramaganini, MRBga maxfiy ma’lumotlarni berganidan so‘ng pullarni o‘zlari berishganini ma’lum qiladi.

Tretyakov Pit Erli bilan

Jurnalist undan «Nega qochishga qaror qildingiz?» deb so‘raganda Sergey buning asosiy sababi sifatida «Rossiyada sodir bo‘layotgan voqealar va hukumatga qarshi ortib borayotgan nafrat» uchun Amerikaga ketishga qaror qilganini aytgan.

«Mamlakat kimlarning qo‘liga o‘tayotganini va uni qanday odamlar boshqara boshlaganini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib turardim. O‘shanda men bunday odamlarga xizmat qila olmasligimni tushunib yetdim. Chunki ular bilan umumiy o‘xshashligimiz yo‘q edi va men bunday bo‘lishini ham xohlamasdim», degan edi u intervyuda.

Tretyakov «hukumat tepasiga kelgan odamlar» deb Putin va uning «komanda»sini nazarda tutgan edi. Keyinchalik u bir paytlar KGB xodimi sifatida Putin haqida ham ancha tafsilotlarni ochiqlagandi. Dmitriy Medvedevni esa “qo‘g‘irchoq” deb atagandi.

Bundan tashqari, u qochishdan yana bir maqsad qizining taqdiridan xavotirlanganini va uning kelajagini Rossiyada emas, Amerikada ko‘rganini aytgan.

Kitob

2008 yilda Tretyakov NTV muxbiridan tashqari yana bir nechta OAV vakillariga intervyular berdi. Ular orasida amerikalik jurnalist Pit Erli ham bor edi.

Pit Erli keyinroq Tretyakov bilan bo‘lgan suhbatlar asosida uning boshidan kechirgan hodisalari haqida asar yozadi va kitob holida chop ettiradi.

«O‘rtoq J.» («Sovuq urushdan so‘ng Amerikadagi rossiyalik asosiy josusning ochilmagan sirlari») deb nomlangan kitob adabiyot ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olingan.

Pit Erlining Sergey Tretyakov haqidagi kitobi \ Foto: amazon.co.uk

Pit Erli Tretyakov bilan ilk marta FBR vakili orqali Virjiniya shtatidagi Taysons-Korner shahrida uchrashadi. O‘shanda Tretyakovning bir nafardan MRB va FQB agentlari kuzatib yurishgandi.

Tretyakovning kitobini Rossiyada noxushlik bilan qarshilashadi. Tashqi razvedka xizmati kitobni «xiyonatga asoslangan nashr» deb ataydi.

Kitob chop etilganidan ko‘p o‘tmay Kanadada ham chop etishga qaror qilishadi. Biroq Tretyakovning Kanadadagi sobiq Progressiv Konservator deputat Aleks Kindi haqidagi gaplari tufayli kechiktiriladi.

Kitobda yozilishicha, Kindi 1992-1993 yillarda Rossiya tashqi razvedka xizmatining Ottavadagi elchixonada ishlaydigan xodimlari bilan aloqada bo‘lgan va ularga ma’lumot sotib yurgan.

Tretyakov kitobida rus razvedkasi hozir ham Sovuq urush davridagidek faol ekanligini aytib, keltirgan faktlari amerikaliklar uchun «ogohlik qo‘ng‘irog‘i» bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.

Kitobda Tretyakov G‘arbga qochishni qachon rejalashtirgani haqida yozilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 1993 yilda Moskvada to‘polonlar bo‘lib, Oliy sovet binosi o‘qqa tutilgan kezlarda er-xotin Kanadada qolishni rejalashtirishadi.

«O‘shanda xotinim, «Qara bularga (kanadaliklar nazarda tutilmoqda) qanday yashashadi? Shinam uy-joylari bor. Yaxshi maosh olishadi. Bolalari barcha sharoitga ega maktablarda o‘qiydi. Bularning kelajagi bor. Rossiyada nima bor? Hamma yoq to‘s-to‘polon, maoshlar kam, sharoitlar haminqadar. Xo‘sh, shunday ekan, Moskvaga nega qaytishimiz kerak?» degan edi. Men ham o‘ylab ko‘rib, uning gaplariga qo‘shilganman», degan edi Tretyakov.

Biroq ko‘p o‘tmay, 1994 yilda ularni Moskvaga chaqirib qolishadi va Sergey oilasi bilan Moskvaga qaytadi. Tretyakov va xotinini Nyu-Yorkka jo‘natishgach, bu safar oila Amerikada qolishga va Rossiyaga hech qachon qaytmaslikka qaror qilishadi.

Tretyakovning kitobidagi muhim ma’lumotlar

Tretyakov o‘z kitobida bir qator muhim shaxslarni Rossiya tashqi razvedka xizmatiga xizmat qilgan deb da’vo qilgan. Ularning aksariyati buni rad etgan. Jumladan:

Sobiq sovet diplomati, 1994-2000 yillar orasida Ozarboyjonning BMTdagi elchisi lavozimida ishlagan Eldar Kuliyevni Rossiya tashqi razvedka xizmatining zobiti edi, degan.

AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Stroub Telbott Rossiya tashqi razvedka xizmati uchun bebaho manba bo‘lgan va rossiyalik josuslarga ma’lumot yetkazib turgan. Biroq josus bo‘lmagan.

Kanadalik deputat Aleks Kindi Rossiya tashqi razvedka xizmati uchun josus sifatida ishlagan.

KGB rahbari Vladimir Kryuchkov SSSR parchalanishi arafasida kommunistik partiyaning 50 mlrd dollar miqdoridagi pullarini noma’lum shaxslarga jo‘natgan.

Kubaning uzoq yillik rahbari Fidel Kastroning ukasi Raul Kastro (Kubaning hozirgi rahbari) uzoq yillar mobaynida Rossiya tashqi razvedka xizmati bilan hamkorlik qilgan.

Tretyakovning so‘zlariga ko‘ra, 1979 yildan boshlab KGB AQShning G‘arbiy Yevropada “Pershing” raketalarini joylashtirishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan. Ular KGB rahbari Yuriy Andropov boshchiligida Yevropada AQSh harbiy bazalariga qarshi namoyishlarni uyushtirishni moliyalashtirish uchun hukumat tashkiloti bo‘lgan Sovet Tinchlik qo‘mitasidan foydalangan.

Vladimir Putin davrida Prezident xavfsizlik xizmatining ikki nafar rahbari Viktor Zolotov (Bu odam Sobchak, Yelsin va Putinga tansoqchilik qilgan) va general Murov Yelsin ma’muriyatining sobiq direktori Aleksandr Voloshinni qanday o‘ldirishni muhokama qilgan.

Shuningdek, ular «Putin cheksiz hokimiyatni egallashi uchun o‘ldirishi kerak bo‘lgan siyosatchilar va boshqa nufuzli shaxslar ro‘yxatini tuzgan. Ro‘yxat juda katta bo‘lgan va Zolotov «ular juda ham ko‘p» degan.

Tretyakovga ko‘ra Rossiya Tashqi razvedka xizmatining 20 mingdan oshiq xodimi bor va yadro qurollarini nazorat qiladigan qora quti ham ularning nazoratida.

Tretyakov o‘z kitobida BMTda ishlagan paytlaridagi hodisalarni ham yozgan. Jumladan, u qo‘l ostidagilarni Nyu-York jamoat kutubxonasiga tez-tez yuborib turganini, xodimlar u yerda anonim tarzda turli yolg‘on xabarlar va tashviqotlarni yozib, Amerikadagi ommabop telekompaniyalarning elektron pochtalariga jo‘natib turishganini ma’lum qilgan.

Tretyakovning o‘limi

2010 yil 13 iyun kuni 54 yoshli Tretyakov vafot etadi. Biroq uning o‘limi oradan qariyb bir oy o‘tib, 2010 yil 9 iyul kuni e’lon qilinadi. Ungacha suiqasd yoki zaharlanishi ehtimoli bo‘lgani uchun Tretyakovning jasadini obdon tekshirishadi.

Tretyakovning xotini uning o‘limi yurak faoliyatining qo‘qqisdan to‘xtab qolishi tufayli yuz berganini aytib, OAVda aytilganday hech qanday suiqasd yoki boshqa ishlar bo‘lmaganini ta’kidlaydi.

Biroq ayol eri hech qachon sog‘ligidan shikoyat qilmaganini, shu uchun uning o‘limi kutilmagan ish bo‘lganini aytadi.

Rossiya telekanalida Tretyakovning o‘limi xaqida xabar berilayapti

Florida sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Tretyakovning tomog‘iga go‘sht bo‘lagi tiqilib qolishi oqibatida vafot etgan. Shuningdek, uning yo‘g‘on ichagida saraton o‘simtasi ham borligi aniqlangan.

Keyinchalik, ba’zi rossiyalik sharhlovchilar o‘sha paytda Bosh vazir lavozimida ishlab turgan Vladimir Putinning «sotqinlar» taqdiri haqidagi gaplarini eslashadi.

O‘shanda u intervyulardan birida jurnalistlarga xorijga ketganlar haqida gapira turib, Tretyakovning o‘limiga ishora qilgan edi.

Boshqa qochoqlardan farqli ravishda Tretyakov Amerikada uzoq yashirinib yurmagan. Bir muddat izsiz g‘oyib bo‘lgach ommaga ko‘rina boshlagan. Florida shtatidagi uy manzilini ham ko‘pchilik bilgan. Hatto NTVning Amerikadagi muxbirini uyiga chaqirib intervyu bergan.

Shundan kelib chiqqan holda ko‘pchilik Tretyakovni Rossiya tashqi razvedka xizmati xodimlari o‘ldirgan degan taxminni ham bildirishadi. Biroq bu isbotini topmagan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: