“Daromad solig‘imizning 60 foizi o‘zimizga qaytadi” – Germaniyada oyiga 2400 yevro topayotgan burger pishiruvchi

Jamiyat 11:37 / 17.02.2024 22398

O‘zbekistonliklarning Germaniyaga ketishi qiyinmi? Yevropaga viza olish-chi? Borgan ishchilarga qancha to‘lanadi? Yashash xarajatlari qimmatmi? Xorijdan keluvchilarga qanday qulayliklar bor? Kun.uz 2 yildan beri Germaniyada gastronomiya sohasida ishlayotgan o‘zbekistonlik hamyurtimiz Muzaffar Valijonov bilan bo‘lgan suhbatda shular haqida gaplashdi.

Muzaffar Valijonov Namangan viloyatining Chust tumani Olmos qishlog‘ida tug‘ilgan. Asli oddiy dehqon oilasidan bo‘lgan qahramonimiz 2011-2015 yillarda Namangan davlat universitetining nemis tili fakultetini o‘qib, tamomlagan. 2015-2022 yilgacha o‘qituvchilik bilan shug‘ullangan.

U Kun.uz bilan bo‘lgan suhbatda Germaniyaga qanday borib qolgani, u yerda nima ish qilayotgani, yashash va ishlash sharoitlari haqida batafsil gapirib berdi.

Ushalgan Germaniya orzusi

Germaniyaga kelish istagi litseyda o‘qib yurgan vaqtimizda boshlangan. 2008-2011 yillarda litseyda o‘qib yurganimizda nemis tilini o‘rganish bilan birgalikda shu davlatga borish, nemis madaniyatini ko‘rish yoki tabiati, insonlari bilan yaqindan tanishish istagi paydo bo‘lgan. Universitetda o‘qib yurgan vaqtimizda bu orzu orzuligicha qolib ketdi. Undan keyin 2022 yil nasib qilib, ustozimiz va Consulting.uz kompaniyasining yordami bilan Germaniyaga kelganmiz.

Consulting.uz kompaniyasi Germaniyaning eng yirik ish beruvchisi Europa-park istirohat bog‘i bilan birgalikda shartnoma asosida ishlaydi. Ya’ni bu – ishchi hamda ausbilding (ham o‘qib, ham ishlash dasturi) uchun o‘qishga O‘zbekistonda fuqarolarni olib kelish uchun tuzilgan kompaniya. 2021 yil avgust oyida hujjat ishlarini boshladik, 2022 yil fevral oyida dastlabki sertifikat imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Ya’nikim Germaniyaga kelish uchun til sertifikati, qilinadigan daraja B1 bo‘lishi lozim. Biz o‘sha sertifikatni va bir qancha so‘ralgan hujjatlarni olib, Sonsulting.uz firmasi rahbari Orif Ahmadaliyevga berganmiz. Undan keyin bizga 2022 yil 25 martida elchixonaga kirish aytildi, suhbatga elchixonaga kirdik. Vizamiz bir haftada chiqdi, shu bilan 2022 yil 12 aprel kuni Germaniyaning Badenburg viloyatida joylashgan Europa-park istirohat bog‘iga ishlashga kelganmiz. Istirohat bog‘ining hududda oshxonalari, “food station”lari bor, hozirda bu yerda gastronomiya sohasida ishlayman.

Ketish uchun qanday hujjatlar kerak?

Albatta, bu jarayonda ishga yoki o‘qishga ketish yo‘nalishi so‘raladi. Agar ish uchun bo‘lsa, nomzoddan til sertifikati so‘raladi. Sertifikat bo‘lmasa, o‘quv markazlarida o‘qib, til sertifikatini olib kelishi mumkin. Ausbilding (ham o‘qib, ham ishlash)ga keladiganlar esa til sertifikatiga ega bo‘lishsa, Sonsulting.uz kompaniyasiga shu qog‘ozni berishadi. Shu o‘rinda aytib ketaman, ausbilding bu o‘qishga kelish hisoblanadi. Bu dasturda ham o‘qib, ham ishlanadi. Unda haftada 5 kun ishlanadi, kuniga 8 soatdan qilib belgilangan, misol uchun Europa-parkʼda shunday. 1 oy ishlasangiz, 2 hafta o‘qish qo‘yiladi. O‘qish davomida o‘rganganlaringizni bog‘ga kelib, ishlayotgan joyingizda amaliyotda qo‘llashingiz ham mumkin.

Ishga kelish uchun so‘raladigan hujjatlarni aytsam, masalan, til sohasini bitirganlar uchun nemis, ingliz, fransuz tillari bo‘yicha oliy ta’lim diplomi bo‘lsa yoki menejment, turizm, oziq-ovqat, biznes boshqaruvi kabi sohalarda ham oliy ta’limni tamomlagan bo‘lsa, diplomni hamda xorijga chiqish pasporti va albatta til sertifikatini taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Eng asosiysi – til bilish. Chunki bu yerga til bilmasdan kelsangiz, boshliqlar tomonidan aytiladigan ishlarni tushunmay qolishingiz mumkin yoki qilayotgan ishingizni tushuntirib berolmay qolishingiz mumkin. Tilsiz kelish qiyinroq. Ish jarayonida o‘zingizni noqulay his qilasiz.

Viza olish qiyinmi?

Viza olish jarayoniga ham Sonsulting.uz kompaniyasi yordam beradi. Ya’ni elchixonaga beriladigan hujjatlarning hammasini tayyorlashda shu kompaniya yordam beradi. Europa-park kompaniyasi tomonidan kelayotgan har bir fuqaro uchun ijara shartnomasi beriladi. Ijara shartnomasi ish shartnomasidan tashqari turar joy uchun beriladi. Europa-park kompaniyasi ish va ijara shartnomasi, qolaversa, o‘zlarining maxsus hujjati bor, shu 3 ta hujjatni tayyorlab berishadi. Elchixonaga kiradigan har bir fuqaroning elektron pochtasiga jo‘natiladi. Shu hujjatlar va elchixonaga kirishda milliy viza so‘rovnomasi blankasi bor, shu blankani to‘ldirib, til sertifikati, xorijga chiqish hujjati, diplom bilan birgalikda kirib boriladi.

Hozirda Germaniyaga qiziqish ko‘p bo‘lgani sabab termin olish jarayoni biroz qiyinlashgan. Lekin bunga ham Sonsulting.uz kompaniyasi yordam beradi. Har bir fuqaroning o‘zi elchixona saytiga kirib, termin olishi shartmas. Guruh shaklida, misol uchun, haftaning qaysidir kunida 5 nafar fuqaro uchun firmaning o‘zi termin olib beradi. Termin bu – elchixonaga kirishga ruxsat hujjati.

Migrantlar qanday qo‘llanadi?

Aynan o‘zim misolimda aytsam, eng birinchi o‘rinda turar joy bilan ta’minlashlarini qayd etardim. Shunga o‘xshash har bir katta kompaniya o‘zining ishchilarini turar joy bilan ta’minlaydi. To‘siqlarga keladigan bo‘lsak, hali 2 yil ichida biror to‘siqqa uchramadim. Boshida bir yilga viza olib kelganmiz. Vizamizning muddatini uzaytirish uchun 2022 yil dekabr oyida hujjat ishlari boshlangan, bunda ham bog‘ ma’muriyatining o‘zi yordam bergan. Ya’ni bizning bu yerga kelishimizda biz bilan birgalikda hujjat ishlarida ishlagan Europa-park kompaniyasi vakillari xonalariga chaqirib, viza muddatlarini uzaytirish bo‘yicha suhbatlar qilishadi.

Bu jarayonda tayyorlanadigan hujjatlarni migrantlar bilan birgalikda tekshirib ko‘rib, to‘ldirib berishadi. Chet elliklar bilan ishlash bo‘limi bor, shu bo‘limga yuqorida tayyorlangan hujjatlarni topshirishadi. Keyingi viza chiqqunicha, talabgorlardan xabar olib turishadi. Birinchi viza elektron tarzda pochtadan yuboriladi, bo‘lim xodimlari shu dastlabkisini oldingizmi yoki viza to‘ldirish muddatingiz kam qoldi deb so‘rab turishadi. Qisqacha aytganda, sizni chetda qoldirishmaydi.

Yana bir yaxshi tomonlari: aynan biz ishlayotgan kompaniyaning qo‘riqlash xizmatlari bor. Siz yashab turgan hudud doimiy ravishda Europa-park kompaniyasi tomonidan qo‘riqlanadi. Bu kompaniyaning o‘zida tez yordam xizmati ham bor. Ish jarayonida qaysidir sohada ishlayotganlarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish kerak bo‘lsa, bog‘ ma’muriyatining o‘zidagi tibbiy xodimlar yetib borishadi.

Ishdagi afzalliklarini aytadigan bo‘lsam, kunlik ishlash soatimiz 8,5 soat. Bizda apreldan sentabrgacha yozgi mavsumda mehmonlar soni ko‘proq bo‘ladi, shunda 9-9,5, ya’ni qo‘shimcha 1-1,5 soat ishlashimiz mumkin. Lekin bu ham biz uchun yaxshi, chunki qo‘shimcha soatlar yig‘ilib, oyning so‘ngida hisoblab, qo‘shimcha summa to‘lanadi. Haftalik ishlash soatimiz 40-42 soat, agarda bir oyda 200 soat ishlansa va xodimning normal ishlash vaqti 175 soat bo‘lsa, qolgan 25 soat uchun ortiqcha pul to‘lanadi va bundan davlat solig‘i olinmaydi.

Shuningdek, Germaniyada tibbiy sug‘urta bor. Bu yerga kelgandan keyin har kim majburiy sug‘urtalanadi. Pensiya fondiga ham pul to‘lanadi. Endi majburiy sug‘urtaning yaxshiligi shundaki, agarda biror joyingiz og‘rib, betob bo‘lsangiz, shifoxonaga borasiz, shifokor dori yozib beradi. Dorixonada majburiy sug‘urtangiz bor bo‘lgani uchun bu dorilarni chegirma asosida olishingiz mumkin. Qaysidir dorilar hatto bepul beriladi, misol uchun, og‘riq qoldiruvchilar.

Ishlovchilar qancha daromad topadi?

Germaniyada ishlovchilar yaxshi pul topishmaganida, men bilan kelgan 32 kishidan 28 nafari qolmagan bo‘lardi. 4 kishi qaytib ketdi, shunda ham oila sabab 3 nafar qiz va bir nafar yigitimiz O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldi. Lekin qolganlar shu yerda. Ko‘pchiligimiz 1 yil ishlab, qaytamiz degandik. Ammo hammaga yoqdi, endi 2 yil to‘liq ishlab, undan keyingi shartnomamiz muddatsizga ko‘chirildi. Endi istirohat bog‘ida xohlaganimizcha ishlashimiz mumkin. Demak, nimasidir yoqdiki, shu yerda ishlayapmiz. Ya’ni oylik maoshlari qoniqtirgani uchun davom etyapmiz.

Eng kamida 2400 yevro brutto bilan ishchi vizasi olib, bu yerga kelinadi. Brutto soliqlari bilan birgalikda, endi bu summadan qo‘lga tegadigan miqdori, ya’ni nettosi 1800-1900 yevroni tashkil etadi. Bu yaxshi degani. Qolgani majburiy sug‘urta, pensiya jamg‘armasi va daromad solig‘i uchun ushlab qolinadi. Daromad solig‘ining yaxshi tomoni shundaki, yil davomida to‘langan soliqning qanchadir miqdori qaytarib beriladi. Biz 2022 yilda shuning arizasini yozib topshirganimizda 2023 yilning aprel oyida 2022 yilda to‘lagan daromad solig‘imizning salkam 60-70 foizini davlat qaytarib berdi. Bu ham migrantlar uchun yaxshi.

Bu yerga kelganingizdan keyin doimiy 2 400 yevrolik oylik bilan qolib ketmaysiz. Maoshni oshirish o‘zingizning qo‘lingizda. Agar yaxshi ishlasangiz, berilgan topshiriq-vazifalarni sidqidildan, xatosiz bajarsangiz, ishga bo‘lgan talabchanlik bo‘lsa, ish jarayonini to‘g‘ri boshqara olishlik bo‘lsa, o‘z vaqtida ishga borsangiz, oyligingiz o‘zgarishi mumkin. Shu o‘rinda aytib o‘taman, mening ham oyligim 2 400 bo‘lgan, lekin 2 yil ichida bu summa ancha oshdi. Har shartnoma o‘zgarganda bu miqdor ko‘tariladi. Uni ko‘tarish esa o‘zingizning qo‘lingizda.

Germaniyada yashash qimmatmi?

Germaniyada ijarada yashash qimmat, eng arzonlari ham 400-500 yevrogacha boradi. Lekin Europa-park kompaniyasi ishchilariga yengillik yaratish maqsadida maxsus turar joy tashkil qilgan va bu uylar eng arzoni hisoblanadi. Hozir men yashab turgan xona uchun 150 yevro ijara to‘lovini qilaman. Buning ichida kommunal to‘lovlari yo‘q.

Bundan tashqari, ishchilar uchun ish vaqtida tushlik bepul. Xodimlarga bog‘ning o‘zida 3 ta oshxona tashkil qilingan. Kechki 5 gacha ishlaydi, agar siz soat 10-11 oralig‘ida ovqatlanishga borsangiz, kechki 4-5 gacha yana ochiqib qolsangiz, boshlig‘ingizdan ruxsat olib, yana qayta ovqatlanishingiz mumkin. Ovqatlanishlar bog‘ tomonidan to‘lab beriladi va buning cheklangan miqdori yo‘q. Bir oyda 30 kun bo‘lsa, siz 30 marta ovqatlanishga imkoningiz bor degani emas. Istasangiz undan ko‘proq yeyishingiz mumkin. Qancha yesangiz ham bog‘ ma’muriyati to‘lab beradi.

Kelgusi rejalarim – O‘zbekistonga, vatanga qaytish. Qaytib borsam, sevimli soham o‘qituvchilik kasbini davom ettiraman.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvircha Muhammadjon G‘aniyev,
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: