Toshkentda 2 yilda 210 marta qoida buzib, qidiruvda bo‘lgan haydovchi topildi

Jamiyat 16:36 / 16.02.2024 16793

Toshkentda 210 ta qoidabuzarlik qayd etgan va qidiruvda bo‘lgan haydovchi topildi. Bu haqda Kun.uz’ga MIB matbuot xizmati xabar berdi.  

Ma’lum qilinishicha, jarimalarni to‘lashda fuqarolar uchun qulay bo‘lgan tizim yo‘lga qo‘yilganiga qaramay, hududlarda o‘nlab jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamagan qarzdorlar uchrab turmoqda.

Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi K.B. 210 marta yo‘l harakati qoidalarini buzib, jarimalarni to‘lamay kelgan. MIBning Yakkasaroy tuman bo‘limi davlat ijrochisi olib borgan ijro harakatlari davomida qarzdor K.B. qoidabuzarliklari uchun hisoblangan 55 mln 589 ming so‘m jarimani to‘lamagani aniqlangan. Shu sababli unga tegishli mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, haydovchi ushbu qoidabuzarliklarni 2022-2023 yillar davomida sodir qilgan. Unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan bo‘lgan.  

Oldinroq Andijonda 96 ta qoidabuzarlik uchun jarimaga bir Matiz’ning puli to‘langani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: