O‘zbekiston | 21:04 / 16.02.2024
19681
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Sherali Jo‘rayev nomini abadiylashtirish bo‘yicha tashabbus bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati rivojida o‘chmas iz qoldirgan O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy mukofoti sovrindori, mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev nomini barcha alohida hurmat bilan esga olishini ta’kidladi.

Davlat rahbari Andijon shahridagi san’at maktabiga Sherali Jo‘rayev nomini berish taklifini ilgari surdi. 

Bu maktab Musiqa va san’at kollejiga aylantirilib, grant asosida zamonaviy kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yangi o‘quv va turar joy binosi, zarur infratuzilma obektlari barpo etiladi, shuningdek, Sherali Jo‘rayev byusti o‘rnatiladi.

«Agar umri davomida adolatsizlik bo‘lmaganda edi, balki hozir Sherali Jo‘rayev yonimizda bo‘lar edi.

Sherali Jo‘rayev, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyevaga o‘xshagan insonlarni ta’riflashga baholar yetmaydi, haqiqatda hozir bunday insonlar yetishmaydi», degan davlat rahbari.

Marhum qo‘shiqchining katta o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev ham so‘z olib, otasining ijodi ikki davrga bo‘linishi, 90-yillardan boshlab 25 yil davomida taqiqda yurgani, 2016 yildan esa ikkinchi davri boshlangani haqida gapirdi.

«Biz har yili mustaqillik bayramini tomosha qilib, otamiz chiqarmikin, O‘zbegimni aytarmikin, deb duo qilardik.

Shu kunni siz otamizga qaytib berdingiz. Otam qaytib kelib, ota 40 yoshimni qaytarib berdilar, degandi», deydi u.

Mavzuga oid