O‘zini tushunadigan bo‘lishi uchun: hissiy intellekti yuqori bolani qanday tarbiyalash mumkin?

Jamiyat 12:26 / 16.02.2024 16964

Tasavvur qiling, siz hali bolasiz, matematika darsidan berilgan uy vazifasi qiyinlik qilyapti. Uni tushuna olmaslik kayfiyatingizga ta’sir qildi va daftar, ruchkalaringizni otib yubordingiz.

Ulg‘aydingiz, undan ham kattaroq muammo oldingizdan chiqdi, o‘zingizni qanday tutishni bilmadingiz va alamingizdan chiqish uchun cheka boshladingiz.

Yoki oila a’zolari bilan bo‘lgan muammolarni hal qila olmaslik, bir-birini tushunmaslik ortidan hali gapirishni ham bilmaydigan bir yarim yoshli bolangizga qo‘l ko‘tardingiz.

Bu kabi holatlarga yechim topa olmasdan o‘zini yo‘qotib qo‘yishga hissiy intellektning pastligi sabab bo‘lishi mumkin.

Hissiy intellekt nima?

Hissiy intellekt insonning o‘z his-tuyg‘ularini tushunib, ulardan foydalana olishi va to‘g‘ri boshqara olishini anglatadi. Aynan shu usulda boshqalar bilan yaxshiroq munosabat o‘rnatamiz, ularning his-tuyg‘ularini tushunamiz va stresslarning oldini olamiz, ziddiyatli vaziyatlardan chiqib ketamiz.

Hissiy intellekt bizga atrofdagilar bilan sog‘lom munosabat o‘rnatishga, ishda va o‘qishda muvaffaqiyat qozonishga, kareramizni o‘zimiz xohlagan bosqichga olib chiqishga yordam beradi.

Hissiy intellekt sabab inson o‘zini ko‘proq va yaxshiroq tushunadi: nima his qilyapti, nimaga muhtojligini anglaydi. Tushunganlari asosida hislarini boshqara oladi. Vaziyatlarda o‘zini tutib qola oladi, kerakli qaror chiqaradi. O‘zini o‘zi tushungani uchun boshqalarning ham nima his qilayotganini tushunadi. O‘zini va boshqalarni tushungani hisobiga esa insonda sog‘lom munosabat qurish, jamoada o‘zini qanday tutish, jamoa bilan ishlash, insonlarni ruhlantirish, boshqaruvchilik qobiliyatlari shakllanadi.

Ya’ni hammasi bir-biriga bog‘liq tarzda rivojlanadi.

Shuning uchun ham insondagi hissiy ko‘rsatkichning ahamiyati aqliy ko‘rsatkichnikidan kam baholanmaydi.

Bolalarga hissiy bilim kerakmi?

Albatta, vaqtida uyga vazifani bajara olmay daftarini uloqtirib yuborgan bola ulg‘ayganda muammoli vaziyatda kattaroq narsadan voz kechib ketishi mumkin. Shuning uchun ham bolalarga ular kichikligidan hissiyotlarini tushunishni o‘rgatish muhim.

Amerikada o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, kichik yoshda jamoaviy va hissiy qobiliyatlarga ega bo‘lish bolaning butun umrlik hayotiga ta’sir qiladi. 5 yoshida boshqalarga qo‘shilish, qoidalarga amal qilish va o‘zidagilarni boshqalar bilan bo‘lishishni bilgan bolalarning oliy ta’lim darajasini olish, 25 yoshgacha stabil ish joyiga ega bo‘lish ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi. Shuningdek, bolalarning hissiy bilimi yaxshi bo‘lsa, ularning IQ darajasi ham yaxshi bo‘ladi. O‘zini hissiy jihatdan tushunadigan odamning depressiyaga tushish ehtimoli ham kamayadi.

Hissiy bilim bolaga qanday o‘rgatiladi?

O‘zingizdan yaxshi model shakllantiring

Hissiy intellekti yuqori bo‘lgan ota-onalarning bolalari ham hissiy intellekti baland bo‘lishi isbotlangan.

Oddiy tushuntirganda, ota-ona bola bilan ko‘proq gaplashishi, unga namuna bo‘lishi kerak. Masalan, g‘azabga berilgan payti qo‘lidagini uloqtirib yuboradigan ona bolasiga jahlni shu tarzda ifodalashni o‘zi bilmagan holda o‘rgatib qo‘yishi mumkin.

Hissiyotlarga nom berishni o‘rgatish

Bola turli kayfiyatda bo‘lganida unga o‘zi his qilayotgan holat nima deb atalishini o‘rgatish kerak. “Xursand”, “xafa”, “uyalgan”, “og‘riqli”, “hayratlangan” kabi hissiy holatlarni unga nomlab ko‘rsatish kerak.

Masalan, dadasi ishdan kech qaytishini eshitgan bolaga “Dadang kech qaytishi sabab xafa bo‘ldingmi?” deb, hayvonot bog‘ida birinchi marta jirafani ko‘rganda “Jirafani ko‘rib hayratlanyapsanmi?” tarzida hissiyotlarni tushuntirish mumkin. Muhimi, bola o‘zi bilan sodir bo‘layotgan hissiyotni yashab o‘tayotganda uning nima ekanini anglab yeta olsin.

Bolaning hislariga hamdard bo‘lish

Bolaga xonasini tozalab bo‘lmaguncha ko‘chaga o‘ynashga chiqishga ruxsat bermasangiz, bundan xafa bo‘lib yig‘lasa, uni tushunishingizni bildiring. “Men ham har doim o‘zim xohlagan ishlarni qila olmayman, bunday vaziyatingni tushunaman”, degan ma’noda unga empatiya bildirish mumkin.

Shunda bola o‘zining xafa bo‘lganini baqirib, yig‘lab ko‘rsatmasa ham ota-onasi tushunishini bilib oladi.

To‘g‘ri o‘zlashtirish ko‘nikmasini o‘rgating

Bolalar o‘zida bo‘layotgan hislarni tushunishni o‘rgangandan so‘ng, bu holat bilan sog‘lom tarzda qanday munosabatda bo‘lishni o‘rgatish zarur. Masalan, bolaning jahli chiqsa, unga chuqur nafas olish tinchlanishga, kayfiyatsiz bo‘lganda esa rangli kitoblar kayfiyatini ko‘tarishga yordam berishini o‘rgatish mumkin.

Muammoni hal qilishga o‘rgatish

Bola o‘z tuyg‘ularini tushunib, uni boshqarishni o‘rgangandan so‘ng muammoli vaziyatlarda ham o‘zini qanday tutishni tushuna olishi kerak.

Masalan, rasm chizayotganda bolaga singlisi kelib xalaqit bersa, jahli chiqishi tabiiy. Ota-ona bu holatda bola o‘zini qanday tutganini kuzatib, unga bu yaxshi yo yomon ekanini tahlil qilishga yordam berishi mumkin.

Ya’ni bola muammoga duch kelganda unga muammoni hal qilib beruvchi emas, balki tahlilchi-murabbiy sifatida yordam ko‘rsatish kerak.

Doimiy tartib bo‘lishi

Hissiy intellekt darajangiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, doimiy o‘z ustingizda ishlashingiz bolalarga ham ta’sir qiladi.

Bola bilan har kuni uning kayfiyati haqida gaplashish, kitob, kino, multfilmlardagi qahramonlarning o‘zini tutishini, xarakterini tahlil qilish, bola katta bo‘lgani sari hayotdagi real vaziyatlarni ko‘proq birgalikda tahlil qilish mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: