Farg‘onada mobil dastur yaratib, odamlarning pulini o‘g‘irlagan shaxslar 5 yilga qamaldi  

Jamiyat 12:43 / 16.02.2024 12838

Farg‘onada mobil dasturlar yaratib, ular orqali o‘zgalarning plastik kartalaridagi mablag‘larni o‘g‘irlagan kiberfiribgarlarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyat sudining sudyasi Nodirbek Raimqulovga asoslanib Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar berdi.  

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi tadbirkor Sh.Sh. hamda Turin politexnika universiteti talabasi A.Yu. internetdan foydalanib, zararli ilova yaratgan. Ular mazkur ilova orqali fuqarolarning plastik kartasidan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Ikki “ishbilarmon” dastur yordamida fuqaro A.N.ning plastik kartasidagi 47 mln 235 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini birjada kriptovalutaga almashtirgan holda yashirin ravishda talon-toroj qilgan.   

Bundan tashqari, fuqaro O.J.ning kartasidagi 45 mln 225 ming so‘m miqdoridagi pulni ham kriptovalutaga almashtirgan holda o‘zlashtirib olishgan. 

Farg‘ona viloyati IIB kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan mazkur holatlar bo‘yicha tezkor texnik tadbirlar o‘tkazilib, ikki firibgarning qilmishi fosh bo‘lgan.

Sudlanuvchilarga sud hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  

Oldinroq Telegram’da soxta havolalar berib o‘zganing 27 mln so‘m pulini o‘zlashtirgan surxondaryolik yigitga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingandi.  

Ko‘proq yangiliklar: