Farg‘onada daraxt kesilishi ortidan kelib chiqqan janjalda ayol kishi o‘ldirildi

Jamiyat 17:27 / 15.02.2024 35827

Farg‘ona shahrida joylashgan hududda ekilgan teraklarni kesish paytida kelib chiqqan janjalda erkak ayolni urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 14 fevral sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol Farg‘ona shahar “Jo‘ydam” MFYda joylashgan ekin yer maydoni chetidagi terak daraxtlarini kestirayotgan vaqtida, yerning sobiq egasi E.U. daraxtlar o‘ziga tegishli ekanini aytgan va o‘rtada janjal kelib chiqqan.

Janjal davomida erkak ayolning bosh qismiga tosh bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Ko‘rsatilgan birinchi tez-tibbiy yordamga qaramasdan og‘ir tan jarohati olgan ayol shifoxonada vafot etgan.

Tayinlangan sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra ayolning o‘limiga bosh qismidan olgan og‘ir tan jarohatlari sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan E.U.ga nisbatan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: