Hindiston deganda xayolimizda birdan Tojmahal gavdalanadi. Lekin o‘zining uch asrdan ortiq hukmronligi davrida Boburiylar hatto bugungi davrda ham Hindiston budjetiga har yili millionlab daromad keltirayotgan yuzlab obidalar qoldirgan. Kun.uz muxbiri Boburiylarga oid ommaga ma’lum va noma’lum manzillarda bo‘lib, suloladan qolgan madaniy meros haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni ulashadi.
Boburiylar bugungi Hindiston yarimoroli hududi atrofida uch asrdan ko‘proq hukmronlik qilgan bo‘lishsa, shundan qariyb 200 yil davomida mamlakat sarhadlarini tobora kengaytirib, fotih hukmdorlarga aylanishgan. Bugun Hind diyoriga sayohat qilayotgan xorijiy sayyohlarning aksariyati hind madaniyatidan ham ko‘ra ko‘proq Hindiston tarixida 300 yillik o‘rni bo‘lgan, Zahiriddin Muhammad Boburdan davom etgan sulola qoldirgan me’moriy obidalarni ko‘rishga oshiqishadi.
Boburiylardan qolgan ayrim yodgorliklar bugun hind ibodatxonalariga aylantirilayotgan bir sharoitda sulolaning madaniy merosi asrlar o‘tsa-da, hamon mamlakat xazinasiga mo‘maygina daromad ham olib kirayotganini inkor qilib bo‘lmaydi.
To‘g‘ri, keltirayotgan foydasiga ko‘ra, temuriyzoda, boburiyzoda Shohjahon tomonidan qurdirilgan Tojmahalga yetadigani yo‘q. Qancha deysizmi? O‘tgan yili birgina shu masjid-maqbara davlat g‘aznasiga deyarli 10 mln dollar yoki kunlik 27 ming dollardan foyda olib kelgan. Yillik o‘rtacha 14 million daromad keltirishi aytilsa-da, bu miqdorning eng ko‘pi 30 mln AQSh dollarigacha ham yetgan. Bu hali chipta narxlari xolos.
Shu obidani ko‘rish uchungina keladigan har yilgi 6-7 million sayyoh uchun transport, ovqatlanish, savdo, mehmonxona, sug‘urta daromadlari va boshqa xizmat ko‘rsatish turlaridan keladigan foydalar haqida esa gapirmadik.
Tojmahalga to‘lanadigan 13 dollarli chiptadan tashqari, xorijiy sayyohlar sulolaga oid buyuk Boburiylar qarorgohi bo‘lgan Agra qal’asi (8 AQSh dollari miqdorida), Akbarshohdan qolgan vaqtinchalik poytaxt Fotihpur shahri (7 AQSh dollari miqdorida), Uttar-Pradeshdagi Akbar maqbarasi (4 AQSh dollari miqdorida), Jahongir Mirzoning bosh rafiqasi Nurjahonbegim qurdirgan “Kichik Tojmahal” – E’timod-ud-Davla yodgorligi (3,5 AQSh dollari miqdorida), Boburdan qolgan Mehtob (3,5 AQSh dollari miqdorida) va Orom bog‘lari (3,5 AQSh dollari miqdorida), Akbar Mirzoning suyukli rafiqasi bo‘lgan Maryam uz-Zamoniy maqbarasi (3,5 AQSh dollari miqdorida), Avrangzebning ayoli Dilroz Bonubegim uchun qurdirilgan Avrangoboddagi Bibika maqbarasi (3,5 AQSh dollari miqdorida), Shohjahon qurdirgan Marvarid masjidi (9 AQSh dollari miqdorida) hamda Shalimar bog‘i (6 AQSh dollari miqdorida) va yana Parimahal bog‘i, Allohobod qal’asi, Jahongir shoh tomonidan ayoli Shohbegim sharafiga bunyod etilgan Qusro bog‘idagi maqbara, Shishmahal, ya’ni Ko‘zgular saroyi, Muhammad Shoh Mirzoning bosh vaziri Safdarjang uchun qurilgan maqbara, xullas, bu ro‘yxatni davom ettiraversak, qimmatli vaqtingiz tugasa tugaydi-yu, ro‘yxatimizning tugashi amrimahol...
O‘z davrida “Muborak Qal’a” deb ham atalgan, hindcha “Lal Kila”, inglizcha “Red Fort”, ya’ni “Qizil Qal’a” qarorgohi Shohjahon Mirzo buyrug‘i bilan Tojmahal me’mori Ustod Ahmad Lahoriy tomonidan qurilgan. 200 yillik Shohjahonobod, ya’ni bugungi Dehli markazidagi saroy sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan manzillardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Tojmahaldan keyin keltiradigan foydasi bo‘yicha Agra qal’asi o‘tgan yillarda 1,8 mln AQSh dollari bilan 2-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Qizil qarorgoh – Red Fort yillik 1,5 million AQSh dollari bilan band qilgan. Kirish chiptasini 500 rupiy yoki 75 ming so‘mga sotib olasiz.
Dehlining eng yuqori nuqtasi. Shohjahon Mirzo shu yerda hatto bugungi Hindistonda ham eng katta, deya baholanadigan Jamoa masjidini qurdiradi va bu manzil shoh masjidi sifatida ham doim siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. “Jamoa” so‘zining talaffuzi “juma”ga yaqin bo‘lgani uchun uni “Juma masjidi” ham deyishadi.
Yana bir muhim va qiziq ma’lumot: masjid ochilganda hukmdor bu yerga birinchi bosh imomni Buxorodan chaqirtiradi va bugungi zamonamizda ham Jamoa masjidiga o‘sha davrdagi imom Sayid Abdulg‘ofur Shoh Buxoriyning 14-avlodlari imomlik qiladi.
Masjidni foto yoki videotasvirga olishga kirganlar 300 rupiy (45 000 so‘m) pul to‘lashadi. Ichkariga oyoq kiyimlarda kirish taqiqlanadi. Yoki kiraverishda sotilayotgan 100 rupiylik oyoq kiyimni sotib olasiz, yo hamma qatori oyoq yalang yurishingizga to‘g‘ri keladi.
Bu tasvirlar olingan paytda tashqaridagi harorat 5 daraja iliq edi. Shu sovuqda odamlar oyoq kiyimsiz qanday yurishganini tasavvur qilavering.
XIX asrda tashkil etilganidan beri siyraklashmaydigan gavjum Chauri bozorida sotilmaydigan mahsulot-u, ko‘rsatilmaydigan xizmatning o‘zi bo‘lmasa kerak. Bir paytlar zodagon ham, avom ham yig‘ilib, ham tijorat, ham madaniy hordiq chiqargan, shaharning eng qaynoq nuqtasi bo‘lgan bu bozor ko‘chalarida siz boshqa mamlakatlarda uchratmaydigan holatlarga duch kelishingiz mumkin. Misol uchun, tartibsiz tortilgan minglab elektr simlari, eski va yangi uylar, ko‘cha taomlari, ko‘cha sartaroshlari yoki quloq tozalash xizmatlari shular jumlasidan.
Kunning istalgan qismida bu manzildan mana shunday tirbandliklar-u shovqin arimaydi. G‘ala-g‘ovurlardan so‘ng ruhiyat sokinlik istab qoladi. Shunda ko‘chadagi istalgan bir rikshaga o‘tirasiz-da, Dehli yo‘llari bo‘ylab Humoyun Mirzo bog‘-maqbarasiga qarab yo‘l olasiz.
1547 yilda qurilgan Humoyun Mirzo maqbarasi Boburiylar tarixidagi eng muhtasham bog‘-maqbara hisoblanib, Shohjahonobod, ya’ni bugungi Dehli markazidagi 27 gektarli katta maydonda joylashgan.
Maqbarada nafaqat Humoyun Mirzo, balki uning ayollari Beka Begim, Hoji Begim, shuningdek, nevarasi Shohjahonning o‘g‘li Dara Shikoh va Boburiyzoda Jahondarshoh, Farruxsiyar, Rafi Ul-Darjot, Rafi Ud-Davlat, Muhammad Kam Baxsh va Olamgir ikkinchilar dafn etilgan.
Mavsum bo‘lmasa ham, maqbaraga tashrif buyurgan sayyohlar sonining qanchalik ko‘pligini ko‘rib, bu manzil ham mamlakat budjetiga yaxshigina daromad keltirayotganini xulosa qilish mumkin.
Biz bugun 17-asr oxirida o‘zining qudrati cho‘qqisiga yetgan, 3,2 mln kv.kmli maydoni bugungi Eron yoki Mo‘g‘uliston hududlaridan ikki baravar katta bo‘lgan, dunyo aholisining qariyb 29 foizini o‘zida jamlagan, imperiyadagi 150 mlndan ortiq odam soni hozirgi Rossiya davlatinikidan ham ko‘p bo‘lgan buyuk Boburiylar davlatining Hindiston yarimorolida qoldirgan boy madaniy merosi haqida qisqagina ma’lumot berdik.
Aslida esa bu mavzu doimiy ravishda tadqiq etilishi, o‘rganilishi, o‘rgatilishi, zamonamizda yashayotgan ham temuriyzoda, ham boburiyzoda bo‘lgan bu sulola avlodlari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilib, muhim va qiziq ma’lumotlar barchaga ulashib borilishi lozim.
Sardorbek Usmoniy