Rus nashrlari Sirskiyning Rossiyadagi oilasi haqida yozmoqda

Jahon 20:37 / 12.02.2024 34236

8 fevral kuni Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqardi. Uning o‘rniga Ukraina QK quruqlik qo‘shinlariga rahbarlik qilib kelgan Aleksandr Sirskiy tayinlandi. OAV darhol ukrainlarning yangi bosh qo‘mondoni Rossiyaning Vladimir oblastida tug‘ilgani va Moskvadagi oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida o‘qiganiga e’tibor qaratdi. Bu haqda ayniqsa Rossiya propagandasi faollik bilan yozdi.

Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy 1965 yilda RSFSRning Vladimir oblasti Novinki qishlog‘ida harbiy oilasida dunyoga kelgan. BBC Ukraina xizmati yozishicha, 1970-yillarda Sirskiyning otasi Ukrainada xizmat qilishga yuborilgan, butun oila u bilan birga ketgan. Ukraina QKning yangi bosh qo‘mondoni maktabni Xarkivda tamomlagan va u bu shaharni o‘z ona shahri deb biladi. 

1982 yildan 1986 yilga qadar Sirskiy Moskva oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida o‘qigan. BBC Ukraina xizmati e’tibor qaratishicha, taxminan o‘sha yillarda bu yerda RF davlat dumasi deputatlari — Andrey Kartapolov (mudofaa bo‘yicha qo‘mita raisi) va Andrey Lugovoy (sobiq razvedkachi Aleksandr Litvinenkoning o‘ldirilishida gumonlanuvchi) ham tahsil olgan.

1980-yillarda Sirskiy Poltava oblasti Lubni shahridagi motoo‘qchilar vzvodiga komandirlik qilgan, 1990-yillarda — bazasi Xarkiv oblastida joylashgan Ukraina milliy gvardiyasining 6-diviziya batalyoni va polkiga rahbarlik qilgan. Keyinroq u Ukraina qurolli kuchlari akademiyasida va Ukraina milliy mudofaa akademiyasida o‘qiydi.

Rossiya nashrlari tasdiqlashicha, Vladimirda Aleksandr Sirskiyning akasi Oleg yashaydi. Sirskiyning tayinlovi to‘g‘risidagi xabarlar tarqalishidan taxminan bir soat o‘tib TASS davlat agentligi Oleg bilan bog‘langan. U anchadan buyon ukasi bilan ko‘rishmaganini aytgan. «Men u bilan muloqot qilmayman, men hatto uning qayerdaligidan bexabarman. Men u haqida hech narsa bilmayman. Ancha oldin, juda ko‘p vaqt oldin u u yerga [Ukrainaga] ketgan. U butun hayotini o‘sha yerda qurgan, u o‘sha yerda xizmatga kirgan va uni davom ettirmoqda, oilasi o‘sha yerda», — degan Oleg. 

Rossiya propagandasi Sirskiyning ota-onasi haqida ham faol yozmoqda. RT telekanali tasdiqlashicha, ular Rossiyada yashaydi va go‘yoki «muntazam ravishda» «O‘lmas polk» aksiyalarida ishtirok etadi. Kanal Sirskiyning ota-onasi ekani aytilgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlarini ko‘rib chiqish orqali shunday xulosaga kelgan.

Shuningdek, RT o‘z xodimlari Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondonining ota-onasini taniydiganlar bilan gaplashgani haqida ma’lum qilgan. Kanal Vladimirda yashovchi ayol va maktablardan biridagi muzey rahbari Tatyana Veselovaning so‘zlarini keltirgan, u avval Sirskiyning qarindoshlari bilan tanish bo‘lgan. U maktab bitiruvchilaridan ko‘pchiligi Sirskiyni tanishlari va bitiruvchilar uchrashuvida uni «sotqin» deb atashgani haqida aytgan. RT nashri yozishicha, xodimlar oilaning tanishlaridan yana biri Olga bilan gaplashgan. U bosh qo‘mondonning ota-onasini vatanparvarlar deb atab, ular hozirda Aleksandr haqida umuman gapirmasligi, «xuddi u hech qachon bo‘lmagandek» unutishganini bildirgan. 

Hukumat ta’siridagi Shot telegram-kanali ham Sirskiyning ota-onasi haqida yozgan. Nashr ukrain armiyasi yangi bosh qo‘mondoni otasi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgani, u esa «oilasiga tegmaslikni so‘ragani, chunki ular uchun hozirda qiyin damlar kechayotgani»ni aytgani haqida ma’lum qilgan. Telegram-kanal buning uchun hech qanday dalil keltirmagan. Shot ham Sirskiyning ota-onasiniki ekani aytilgan ijtimoiy tarmoq sahifalariga asoslangan holda ular «O‘lmas polk»da ishtirok etib kelishlari haqida yozgan. Kanalga ko‘ra, hozirda ular «nafratomuz izohlar to‘lqini ostida qolgan».

RT propagandachisi Konstantin Pridibaylo o‘zi e’lon qilgan fotosuratda Aleksandr Sirskiy Rossiya kunini nishonlayotgani aks etganini aytgan. «Qabulda tepasiga Ukraina va Rossiya bayroqlari tushirilgan tortni tatib ko‘rib, rossiyalik harbiylar bilan quchoqlashib ko‘rishdi», — deya yozgan Pridibaylo. U gap qaysi tadbir haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. 

RIA Novosti davlat agentligi xabarida keltirilishicha, Sirskiyning akasi ekani aytilayotgan Oleg 2013 yilda Vladimir sudi tomonidan portlash tayyorlanayotgani to‘g‘risida yolg‘on xabar bergani uchun 30 ming rubl jarimaga tortilgan. Katta ehtimol bilan, gap TASS bilan gaplashgan aka haqida ketmoqda, ammo RIA Novosti uni «taxminan akasi» deb qayd etgan. 

«Komsomolskaya pravda» gazetasi yozishicha, Sirskiyning ota-onasining ism-shariflari Lyudmila Ivanovna va Stanislav Prokopevichdir. «Meduza» Vladimir shahri Lenin rayoni sudi saytida Stanislav Prokopevich Sirskiy tomonidan 2013 yilda oblast harbiy komissariatiga qarshi kiritilgan da’vo arizasini topgan. Unda u harbiy unvoni bo‘yicha ish haqi oshishi munosabati bilan pensiyasini qayta hisoblash huquqini tan olishni talab qilgan. Sud qarorida aytilishicha, Sirskiy S. P. — RF mudofaa vazirligi pensioneri bo‘lib, unga uzoq muddatli xizmat uchun pensiya tayinlangan. Bu chindan ham Ukraina QK yangi bosh qo‘mondonining otasining da’vosimi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum.

«Komsomolskaya pravda» xabariga ko‘ra, nashr muxbiri Vladimirga borgan va Sirskiyning ota-onasi yashaydigan kvartirani aniqlagan. Nashrga ko‘ra, ota-ona «jurnalistlardan yashirinib kvartirada qamalib olgan va qo‘shnilardan umumiy hollga hech kimni kiritmaslikni so‘rab, haqiqiy jangchilar kabi mudofaalanmoqda». «KP» korrespondenti uy sekretari, Aleksandr Sirskiyning onasiga dugonasi bo‘lgan Natalya Alekseyevna bilan gaplashgan. Uning aytishicha, 2014 yildan keyin Sirskiy biror marta ham ota-onasini ko‘rishga kelmagan. 

Sirskiyning ota-onasi «vatanparvar pozitsiyada» ekani haqida Kreml ta’siridagi boshqa bir telegram-kanal Readovka ham yozgan. Nashrning tasdiqlashicha, Sirskiyning onasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini topgan, u yerda «prezident Putinga mustahkam sog‘liq tilangan postlardan tortib Ukraina qurolli kuchlariga qurol-yarog‘ yetkazib bergani uchun GFR kansleri Shols ustidan qilingan hazillar»ni topish mumkin.

RT xabar berishicha, Sirskiyning onasi Ikkinchi jahon urushi vaqtida «quroldoshlarini fashistlardan qutqarayotib» halok  bo‘lgan otasiga yozgan maktubni topgan. Skrinshotlarga ko‘ra, matn «VKontakte»ga joylashtirilgan. RT maktubning haqiqiyligiga hech qanday dalil keltirmagan. Bu xabar hukumat ta’siridagi boshqa nashrlar, jumladan «Izvestiya», «Rossiyskaya gazeta», «Vzglyad», «Gazeta.ru», RIA Novosti va boshqalarda faollik bilan takrorlangan.

Ko‘proq yangiliklar: