O‘zbekistondagi Jiltirbas ko‘li Ramsar suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekiston 17:38 / 12.02.2024 6599

Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan CMS COP14 xalqaro konferensiyasi doirasidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Ramsar konvensiyasi kotibiyati bizga O‘zbekistonning beshinchi tabiiy obekti – Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘lini xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritilgani to‘g‘risidagi sertifikat berdi. Yaqinda ro‘yxatga to‘rtinchi obekt – Sudoche ko‘llari tizimi kiritilganini hisobga olsak, bu barchamiz uchun katta voqea”, deya ta’kidlagan Aziz Abduhakimov.

Vazirga ko‘ra, beshinchi obektni Ramsar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar Ekologiya vazirligi tomonidan 1,5 yil davomida amalga oshirilgan, tabiiy obektning o‘zi 15 yil davomida o‘rganilgan.

Ma’lum qilinishicha, Jiltirbas ko‘li — Orol dengizining sobiq qo‘ltig‘i. Dengiz sathi keskin pasaygach, u ajralib chiqqan. Ko‘l tabiiy manba - Amudaryo suvlari bilan oziqlandi, bu esa Janubiy Orol dengizining mahalliy faunasini saqlab qolgan. So‘nggi yillardayoq qo‘shimcha sug‘orish kanallari qazilgan bo‘lib, ular faqat suv sathini faunaning o‘zgarishiga ta’sir qilmasdan ushlab turadi. Ko‘l mintaqadagi Orol dengizining qurigan tubida hosil bo‘ladigan tuz va chang bo‘ronlarini ushlab turuvchi to‘siqlardan biri hisoblanadi.

Orolbo‘yi mintaqasida Jiltirbas xalqaro miqyosda kam uchraydigan qushlar uchun ham, O‘rta Osiyo cho‘llarining biologik xilma-xilligi, shu jumladan zich qamish va butalar, sho‘r botqoqliklar, kanallar va cho‘llar uchun ham uya qurish va migratsiya davrlarida katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, ko‘l Orolbo‘yi hududiga xos noyob baliq turlarining yashash joyi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, bugunga qadar O‘zbekistonning 4 obekti – Dengizko‘l ko‘li (2001), Arnasoy ko‘llar tizimi (2008), To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari (2020) hamda Sudoche ko‘llari tizimi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritilgandi. Bu hududlarning umumiy maydoni 674,4 ming gektarni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: