Otaparvar davlat – Shvetsiyada otalar qanday qilib “dekret” ta’tiliga chiqadi?

Jahon 10:37 / 11.02.2024 12581

Hozirgi davrda oilada er-xotinning har ikkalasi ham ishlashi odat tusiga kirgani sababli ko‘p davlatlarda mehnat madaniyati ham shunga mos o‘zgarib boryapti. Avvallari faqat ayollar bola parvarishi uchun ishdan ta’tilga chiqqan bo‘lsa, hozir rivojlangan davlatlar buni ota-ona birga amalga oshirishiga qo‘yib bermoqda. Ya’ni otalar ham bolasini katta qilishda ishtirok etishi va ta’til olib uni ma’lum muddat parvarishlashi mumkin. Davlat esa ularning ishlamagan paytiga ham pul to‘laydi.

Otalik ta’tiliga qaysi davlatlarda eng yaxshi to‘lanadi?

Ota-onalik ta’tili yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarishlash uchun uning ona-onasiga haq to‘lash yoki to‘lamaslik evaziga beriladigan ta’til hisoblanadi. Haq to‘lanadigan ota-onalik ta’tili beradigan top 5 ta davlat qatorida skandinavian mamlakatlarining bir nechtasi o‘rin olgan, ularni bu borada eng saxiylari deyish mumkin.

Ro‘yxatda Litva, Yaponiya, Shvetsiya, Estoniya va Islandiya davlatlari bor. Litva otalarga maoshining 77,5 foizi to‘lanadigan 30 kunlik ta’til va yana 36 oylik ota yoki ona olishi mumkin bo‘lgan ta’til beradi. Bunda bola tarbiyalash uchun nafaqa birinchi yil ish haqining to‘liq qismini, keyingi 2 yilda 70 foizlik maoshni tashkil qiladi.

Foto: The Guardian

Yaponiyada esa faqat otalar uchun atalgan bir yillik ta’til bor. Ta’tilning dastlabki 180 kunida maoshning 67 foizi, qolgan kunlarida esa 50 foizi to‘lanadi. Bu onalarga beriladigan har qanday ta’tildan alohida sanaladi.

Estoniyada esa 2 haftalik 100 foiz maosh hisobida to‘lanadigan otalik ta’tili va 435 kunlik ota yoki ona olishi mumkin bo‘lgan ta’til mavjud.

Ota-onalik uchun ideal bo‘lgan yana bir davlat Shvetsiyadagi tizim haqida ko‘proq to‘xtalamiz.

Shvetsiyada ishlar qanday boshlangan?

Shvetsiyada bola parvarishi uchun beriladigan ota-onalik ta’tili tizimi ishga tushirilganiga 50 yil bo‘ldi. Bu davlatda onalik ta’tili emas, ota-onalik ta’tili beriladi va uni turli muddatlarda er-xotin bo‘lishib olishi mumkin.

Kell Sarnold 1970 yillarda o‘g‘li 8 oyligida otalik ta’tili oladi. Davlat tomonidan ish haqining 90 foizi qoplab beriladigan 4 haftalik ta’til sentabr oyiga to‘g‘ri kelgan, ota bu vaqtni to‘liqligicha bolasi uchun sarflagandi.

Kell hozir nafaqada, u bundan 50 yil oldin bola parvarishi uchun ta’til olganidan ko‘p o‘tmay 1974 yilda Shvetsiya dunyoda birinchi bo‘lib davlat tomonidan moliyalashtiriladigan 180 kunlik ota-onalik ta’tilini joriy qiladi. Unga ko‘ra, ta’til muddati juftlik tomonidan istalgan ko‘rinishda taqsimlanishi mumkin. Shu yildan boshlab bu tizim qonun bilan belgilab qo‘yilgandan so‘ng uni oladigan ota-onalar ham ko‘payadi.

Hozirgi kunda ta’til muddati ham uzaygan. Ota-onalar jami 480 kunlik ta’til olishlari mumkin. Bu muddatning dastlabki 390 kunida maoshlarining 80 foizi miqdorida pul to‘lanadi. Undan keyingi muddatda esa kunlik 16 dollar atrofida kompensatsiya berib boriladi. Bu tizim davlat moliyalashtiradigan planetadagi eng saxiy paketlardan biri hisoblanadi.

Bu ta’til qanday qilib amalga kiritiladi?

1960 va 70 yillarda global miqyosda ayollar huquqlarini himoya qilish harakatlari o‘sgan, lekin bu harakat Shvetsiyada alohida amahiyatga ega bo‘ldi. O‘sha muddatda sotsial demokratlardan chiqqan bosh vazirlar, ayniqsa, Ulof Palm gender tengligini ta’minlashga, mamlakatdagi ijtimoiy himoya tizimini yaxshilashga va’da beradi va buning uchun soliqlardan foydalanishadi.

Stokholm universiteti tadqiqotchisi Ilva Mobergga ko‘ra, o‘sha muddatdan ota-onalik ta’tili joriy etilishidan ayollarning tezroq ish o‘rinlariga qayta olishlariga imkon qilib berish maqsadi bo‘lgan.

Davlat imkoniyat bergani bilan odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy normalar birdaniga o‘zgarmagan. 1974 yilda atigi 0,5 foiz ota bolasi uchun ta’til olgan. 1990 yillarga kelib ham bu statistika bir xonalik raqamdan iborat edi.

1995 yilda bu tizim "yurib ketishi" uchun har bir ota-ona uchun maxsus 30 kunlik ta’tillar e’lon qilinadi. "Xohlasang foydalan, xohlasang shunchaki foydalanmay o‘tkazib yubor" ko‘rinishidagi ta’tillarning muddati 2002 yilda 60 kunni, 2016 yilda esa 90 kunni tashkil qiladi. Shu yo‘sinda borgan islohotlar sabab hozir Shvetsiyada otalarning 30 foizi bola parvarishi uchun ta’til oladi.

Qulaylikning yana bir tarafi ta’til muddatini er-xotin istalgan ko‘rinishda bo‘lishishi mumkin. Har ikkovi ham bola maktabgacha ta’lim muassasasiga borishidan oldin 30 kunlik ta’til olishlari, bolasi to 4-12 yosh oralig‘ida bo‘lgan muddatda esa 96 kunlik ta’tilga chiqishlari mumkin. Ularga, shuningdek, to‘liq bo‘lmagan ish kunida ishlash huquqi ham beriladi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi hududida eng ko‘p shved otalar bolalari uchun ta’til olishadi.

2023 yildagi tadqiqotga ko‘ra, Shvetsiyada 2017 yildan beri ota bo‘lgan erkaklarning faqat 18 foizi o‘zlariga beriladigan ta’tildan umuman foydalanmagan.

Mobergning fikriga ko‘ra, ish joylarida ham ta’til oladigan erkaklarga nisbatan munosabat o‘zgargan. "Hozir yaxshi va zamonaviy ota bo‘lish uchun hech bo‘lmasa ta’til olish kerak", deydi u.

Baxtliroq va sog‘lomroq

Ta’tilni bo‘lishish xonadonlardagi holatlarga ham ta’sir ko‘rsatdi, ham ishxonalardagi madaniyatga sezilarli o‘zgarishlar kiritdi.

Bola parvarishi ta’tilini bo‘lishgan juftliklar, odatda, undan keyingi bolani bog‘chaga olib borish va olib kelish, kasal bo‘lib qolganda uyda olib qolish kabi vazifalarni ham birga qilishadi.

Bu degani ishda kechki payt qolib ishlash madaniyati yo‘qligini anglatadi. Zamonaviy kompaniyalar ota-onalar bolalarini bog‘chaga olib borishlariga noqulaylik tug‘dirmaslik uchun ertalabki va kechki yig‘ilishlar tashkillashtirishdan qochishadi.

Shvetsiyaning ota-onalik ta’tili tizimi ish-oila balansiga e’tibor qaratadigan xalqaro iste’dodlarni jalb qilish uchun kompaniyalarning quroliga ham aylanib qoldi. Spotify va Volvo kabi kompaniyalar esa dunyo bo‘ylab barcha xodimlariga taqsimlanadigan ota-onalik ta’tili berilishi haqida tanishtirishdi.

Kompaniyalar ota-onalik ta’tilidan brend strategiyasi sifatida foydalanmoqda. Ota-onalik yoshidagi xodimlar esa buni juda qadrlashadi. Boshqa davlatlarda ishlaydigan shvedlar ham tizimdan foydalanish uchun ko‘p hollarda oila qurish payti mamlakatlariga qaytib kelishadi.

2023 yilda Stokholm universitetining Sog‘liqni saqlash fanlari bo‘limi tadqiqotchilari ota-onalik ta’tilini uzaytirishning ruhiy salomatlik uchun foydalari haqida tadqiqot o‘tkazdilar. Unga ko‘ra, ota-onalik ta’tili muddati uzoq bo‘lgan davlatlar, xususan, Shvetsiyada depressiya va charchoq hissi kamroq ekanini aniqlashdi. Shuningdek, Shvetsiyada otalik ta’tili olgan erkaklarning spirtli ichimliklar iste’mol qilish ko‘rsatkichi ham pasaygani ma’lum bo‘ldi.

Hal bo‘lmagan muammolar

Garchi Shvetsiyadagi tizim eng yaxshilaridan biri bo‘lsa ham, uning ham o‘ziga yarasha kamchilik tomonlari ham bor. Masalan, hali ham 30 foiz erkaklar otalik ta’tiliga chiqsa, asosiy holatda (70 foiz) yuk ayollarning zimmasiga tushadi. 50/50 bo‘lishish mo‘ljallangan tizim bu ko‘rinishda bo‘lishilayotgani yo‘q.

Shuningdek, tadqiqotlarga ko‘ra, Shvetsiyadagi ma’lum qatlamlar: kam daromadli, ishsiz, o‘zini o‘zi band qilgan va xorijlik erkaklar ta’tilga kamroq chiqishadi. Sababi ta’til payti daromadning 80 foizi qoplab berilganda ham ular uchun 20 foiz ham yo‘qotish hisoblanadi.

Bundan tashqari, yana bir jihat to‘liq bo‘lmagan ish kunida ishlash variantini ko‘proq ayollar tanlashi bilan bog‘liq. Ular uy yumushlariga va bolalarga qarashga, kasal bo‘lib qolganda g‘amxo‘rlik qilishga erkaklarga qaraganda ko‘proq vaqt ajratadi va bu ularning oylik maoshlari oshishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Hozir Shvetsiyada ayol va erkak xodimlarga soatiga to‘lanadigan ish haqi o‘rtasidagi farq 11,2 foizni tashkil qiladi, bu Yevropa Ittifoqidagi 12,7 foizlik ko‘rsatkichdan pastroq. Lekin o‘rtadagi farq 5 foiz bo‘lgan Belgiya, Sloveniya va Italiya kabi davlatlarnikidan yuqori.

Iyul oyidan boshlab ota-onalar bola to 15 oylik bo‘lguncha bir vaqtning o‘zida 60 kunlik ta’til olish imkoniga ega bo‘lishadi. Umumiy ta’tildan 90 kunlik muddatni boshqa qarindoshlariga berish imkoni ham bo‘ladi. Buning bilan yaqin qarindoshlar ham bola parvarishiga jalb etilishi mumkin. Lekin bolaga qarashni qarindoshlarga ishonish mumkinligi tanqidlarga ham sabab bo‘lyapti.

Gender tengligi va bola parvarishini teng taqsimlashga qaratilgan tizimga erishishga qaratilgan Shvetsiya siyosati ko‘p davlatlarga namuna bo‘lishi mumkin. Har holda bularga erishish avtomatik sodir bo‘ladigan jarayon emas. Xuddi Shvetsiyadagi kabi rag‘batlantirish tizimini yaratish natijani tezlashtirishi mumkin.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda ham erkaklar bola parvarishi ta’tili olishlari mumkin. Mehnat kodeksining 405-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi. (Bola uchun nafaqa istalgan farzandli oilalarga to‘lanmaydi, bunda oilaning daromadlari hisobga olinadi). Bolani parvarishlash ta’tillaridan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham, shuningdek vasiysi ham to‘liq yoki qismlarga bo‘lib foydalanishi mumkin.

Bu degani O‘zbekistonda nafaqat ota, balki bobo va buvilar yoki qarindoshlar ham bola parvarishi ta’tili olishlari mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: