So‘nggi manzilga eltuvchi cho‘bin ot. Tobut qanday yasaladi?

Jamiyat 19:57 / 10.02.2024 28932

Duradgorlar ko‘p, lekin hammasi ham tobut yasayvermaydi. Namanganlik usta duradgor Abdulahad Jamoliddinov tobutlar yasab, butun respublika bo‘ylab yetkazib beradi. U bu hunarni pandemiya davrida talabning keskin oshib ketishi ortidan boshlagan.

Tobut qanday yasaladi? Tayyor holga kelgunicha nimalarga e’tibor qaratish lozim? Duradgor Kun.uz muxbiriga shular haqida so‘zlab berdi.

Pandemiya davrida tobut yasashga ehtiyoj ortdi

“Yoshligimdan duradgorlik bilan shug‘ullanaman, otam ham, bobom ham shu hunarni kasb qilishgan. Birinchi marta 2017 yilda mahallamizning tobutini ta’mirlab bergan edim. Shundan so‘ng boshqa mahallalardan ham takliflar bo‘ldi. Pandemiya davrida o‘limlar soni ko‘proq bo‘lgani uchun buyurtma beradiganlar ko‘payib qolgan edi.

Abdulahad Jamoliddinov

Toshkentda ham, boshqa viloyatlarda ham ko‘p mahallalarda tobut yo‘q ekan, shuni yasab berishni yo‘lga qo‘ysangiz, degan taklif tushdi. Qo‘ldan kelgancha yasashga tushdik. Asosiy ishimiz yog‘ochdan zinalar tayyorlash, boshqa jihozlar, eshik-romlar ham yasaymiz. Odamlar iltimos qilgani uchun shu ishni ham qilamiz. Ko‘proq yangi mahallalardan buyurtma berishadi. Aytganimdek, tobut yasashni yo‘lga qo‘yishimizga asosiy sabab pandemiya davri bo‘ldi”.

Tobut yasayotganda o‘zgacha kechinmalar o‘tadi...

“Tobut yasash jarayoni boshqacha bo‘ladi, chunki kun kelib har bir inson shu tobut ichiga tushishini o‘ylaydi. O‘zimiz ham bir kun shu tobutda manzilga boramiz. O‘zgacha kechinmalar o‘tadi odamda. Ba’zilar noto‘g‘ri tushunishi mumkin, tobut yasashni ham kasb qiladimi deb, biz buni kasb qilib olmaganmiz, faqat shu odamlar iltimos qilib kelgani uchun yasab beramiz. Xalqqa manfaatli bo‘lgani uchun rozi bo‘lib yasab kelyapmiz.

Ko‘pchilik yengilroq yog‘ochdan qilib bering, deyishadi. Shuning uchun baquvvat, yengil bo‘lgan Rossiya qarag‘aylaridan qilamiz. Bir tobutning og‘irligi o‘rtacha 80-85 kilogramm bo‘ladi. Tobut yasash unchalik qiyin emas biz uchun, o‘zimiz bilgan usulda, qo‘ldan kelgancha yasayveramiz”.

Hududlarga qarab o‘lchami ham o‘zgaradi

“Har joyda o‘zining tobut o‘lchamlari bo‘larkan. Masalan, Toshkentdan buyurtma bo‘lganda tobut enini 74 sm qiling deyishadi, sababi, ko‘p qavatli binolarga ham kirishadi, eshik o‘lchami ham hisobga olinadi, liftga sig‘ishi uchun esa uzunligini 2 metr-u 7 sm qilamiz. Chuqurligi 32-35 sm bo‘ladi. Har joyning o‘z talablariga ko‘ra yasab beramiz, aks holda ular uchun noqulay bo‘lishi mumkin. Deyarli butun respublika bo‘yicha buyurtmalar bo‘lib turadi.

Boshida ba’zilar shuning orqasidan pul topyapsanmi, odamlar shunchaki savob uchun yasatib qo‘yadi, degan ma’noda gaplarni ham aytishdi. Shunday paytda bu ishni to‘xtatish fikri ham tug‘ildi. Lekin ular ham menga o‘xshagan duradgorga yasatishgan-ku baribir. Shashtimdan qaytdim...”

Tobut yasash kibrni sindiradi

“Tobut yasayotgan paytimda juda ko‘p o‘ylar o‘tadi, bir kun o‘lishimizni, ba’zilar bizning yoshga ham yetmay o‘tib ketganini o‘ylayman. Umrimiz qancha ekanini faqat Yaratgan biladi. Tobut yasash qaysidir ma’noda kibrni, dunyoga berilib ketishni sindirib ham turadi. Qachondir biz ham o‘tib ketsak, ortimizdan falonchi yaxshi odam edi, deyishlari uchun harakat qilib yashayapmiz.

Yasayotgan tobutlarimiz ichida boy-u kambag‘al, yosh-u qari yotadi. Qilayotgan ishimiz moddiy manfaat uchun emas, chunki aytganimdek, ishlarimiz, buyurtmalarimiz yetarli darajada. Tobut yasash juda murakkab jarayon ham emas, qunt bilan qilinsa, hamma ham yasay oladi, yashiradigan siri yo‘q”, deydi Abdulahad Jamoliddinov.

Duradgorning qo‘shimcha qilishicha, bir tobut yasashga 3-3,5 kun vaqt ketadi. 

Tobut uchun buyurtmalar ko‘proq Toshkent shahridan, boshqa viloyatlardan bo‘lgani uchun Abdulahad Jamoliddinovni Namanganda ko‘proq zina yasovchi usta sifatida tanishar ekan. 

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: