La Liga va Bundesligada peshqadamlik uchun «jang», «MYu», «Inter» va «Milan»da navbatdagi sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 14:03 / 10.02.2024 21394

ROMA – INTeR (10 fevral, 22:00)

“Roma” o‘z afsonasi Daniyele de Rossini bosh murabbiy etib tayinlaganidan so‘ng, qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozondi. Albatta, klub murabbiyni juda vaqtida almashtirdi ham, chunki qatorasiga kuchli raqiblar bilan o‘yinlardagi negativ Joze Mourinio bilan ketib, ancha qulay bo‘lgan taqvimda de Rossi shogirdlari bilan tanishib oldi. Yosh murabbiy uchun haqiqiy ma’nodagi jiddiy sinov endi boshlanadi – A Seriya peshqadami “Inter” Rimda mehmon bo‘ladi.

“Inter” nafaqat Italiya, balki kuchli beshlikning eng barqaror jamoalaridan biri bo‘lib turibdi. Yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblaganda, faqat “Bayyer” yaxshiroq ko‘rsatkichga ega. Ayniqsa safar o‘yinlarida milanliklar yanada ishonchli o‘yin namoyish etmoqda – 11 uchrashuvdan atigi ikki durang va to‘qqiz g‘alaba. Ligada uchinchi ko‘rsatkichni qayd etgan. Shu o‘rinda “Roma” ham o‘z maydonida ancha kuchli o‘yin ko‘rsatishini ham ta’kidlash lozim. Bu borada jamoa aynan Rimdagi o‘zaro uchrashuvlarda ham “Inter” 2016 yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti. Xususan so‘nggi ikki o‘yinda umumiy hisobda 5:0 to‘plar farqi bilan mehmonlar ikki g‘alabaga erishgan. Ushbu mavsumdagi birinchi davra o‘yinida esa, Markus Tyuramning o‘yin oxirlarida urgan yagona goli uchrashuv taqdirini hal qilgandi.

Foto: Getty images

Tarkiblarga kelsak, “Roma”da yo‘qotishlar yo‘q. Mavsum boshida safdan chiqqan Kris Smolling mashg‘ulotlarga qaytgani va bu o‘yin qaydnomasidan joy olishi mumkinligi mezbonlar uchun ijobiy yangilik. “Inter” safida esa ham Xuan Kuadrado tiklanib ulgurgani yo‘q. Shuningdek, Davide Frattezida mushaklar bilan bog‘liq muammo bor.

Darvoqe, kelasi haftada “Roma”ni Yevropa Ligasida muhim uchrashuv kutib turibdi. Jamoa ushbu turnir pley-offida “Feyyenord”ga qarshi to‘p suradi. “Roma” niderlandiyaliklar bilan ikki yil oldin Konferensiyalar kubogi finalida (1:0), o‘tgan mavsumda esa, Yevropa Ligasi chorak finalida kuch sinashgandi. “Inter”ni ham YeChL da “Atletiko”ga qarshi qiyin o‘yinlar kutib turibdi, ammo Simeone jamoasi ilk o‘yinini 21 fevralda o‘tkazadi.

ReAL – JIRONA (10 fevral, 22:30)

Qiziq holat, bugun ham Germaniyada, ham Ispaniyada turnir jadvalini boshqarib turgan peshqadamlarning o‘zaro o‘yini aynan bir vaqtda o‘tkazilar ekan. Ta’bga qarab tanlab ko‘rish mumkin.

O‘tgan turda “Real” ham, “Jirona” ham durang o‘ynagach, o‘rtadagi minimal farq saqlanib qoldi va asosiy masala o‘zaro bahsda hal bo‘ladigan ko‘rinadi. Bu o‘yindagi g‘alaba “Jirona”ni sof birinchi o‘rin egasiga aylantiradi, aksincha, agar mezbonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, o‘rtadagi farqni 5 taga yetkazishi mumkin. Boshlanayotgan yevrokuboklar oldidan xato qilish huquqini qo‘lga kiritish, ya’ni jiddiy farq bilan peshqadamga aylanib olish Anchelotti jamoasi uchun ayni muddao, albatta.

Oson bo‘lmasligi shubhasiz, zero Madridda o‘tgan oxirgi ikki uchrashuvda mezbonlar “Jirona” ustidan g‘alaba qozona olmagan. “Jirona” La Ligaga qaytgan o‘tgan yilgi mavsumda ham 1:1 hisobi qayd etilgandi. Birinchi davradagi “Real”ning 3:0 hisobidagi g‘alabasi chalg‘itmasligi kerak, chunki o‘sha uchrashuvda madridliklar u qadar yaqqol ustunlikka ega bo‘lmagandi. Zarbalar soni, to‘p nazorati, yaratilgan xavfli vaziyatlar bo‘yicha ham tenglik yuzaga kelgan, faqat mehmonlar o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishning uddasidan chiqqandi. O‘sha mag‘lubiyat “Jirona” uchun mavsumdagi yagona bo‘lib turgani ham kataloniyaliklarning ancha jiddiy kuchga aylanganidan darak bermoqda. Bu safar boshqacharoq, har ikki tomondan ham munosib kurash ko‘rishga umid qilsak bo‘ladi, liganing eng ko‘p gol urgan ikki jamoasi to‘qnash keladi axir. “Jirona”ning safar o‘yinlarida ayniqsa, kuchli ekani, 11 o‘yindan 8 tasini o‘z foydasiga hal qilgani ham “Real”ga oson bo‘lmasligini anglatadi. Michel shogirdlari yaqinda hatto “Barselona” ustidan safarda g‘alabaga erishgandilar – 4:2.

Foto: Getty images

“Real” tarkibida navbatdagi markaziy himoyachi Nacho ham jarohat oldi va katta ehtimol bilan “Jirona”ga qarshi o‘yinda Ryudigerga Tchuameni sherik bo‘lishi mumkin. Yoki ushbu o‘yin qaydnomasiga kiritilgan Xakobo Ramon madridliklar safida debyut qilishi ham mumkin. “Dushman tarafda” har o‘yinda bittadan akademiyaning yangi a’zosi maydonga tushayotgan bir paytda Madrid ham o‘zini ko‘rsatishi kerak, to‘g‘rimi? Ramon, 19 yoshda, bo‘yi 1.95 metr bo‘lgan yosh futbolchi, muhim o‘yinda kuzatish ancha qiziq bo‘ladi.

Mehmonlarning yo‘qotishlari birmuncha jiddiyroq. Deyli Blind, himoya chizig‘i yetakchilaridan biri, “Sosiyedad”ga qarshi o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini oldi va ushbu o‘yin uchun diskvalifikatsiya qilindi. Xuddi shunday holatga Anxel Errera ham tushib qolgan. Xuan Karlosda kichik jarohat bor, ammo David Lopes ikki oylik tanaffusdan so‘ng maydonga qaytishi mumkin. Bundan tashqari, mehmonlar bosh murabbiyi Michel ham shogirdlarini maydon chetidan turib boshqara olmaydi. U so‘nggi tur o‘yinida hakam tomonidan qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgandi.

BAYYeR – BAVARIYa (10 fevral, 22:30)

Albatta, “Jirona”ning shiddatli o‘yini yoqsa yoki “Real” muxlisi bo‘lsangiz, qaysi o‘yinni tanlashingiz ma’lum, ammo g‘irt taktik zavq olish, ayni damda teng kuchli bo‘lgan ikki raqibning va mos murabbiylarning o‘zaro shaxmat o‘yinidan bahramand bo‘lishni istasangiz, Bundesliga sizga muntazir. Zero agar bu mavsumda Germaniyadagi qaysidir o‘yinlarni ko‘rish niyatingiz bo‘lsa, asosiy nomzod – Liverkuzendagi supermatch.

To‘g‘ri, o‘tgan yili “Borussiya” ham so‘nggi turlargacha “Bavariya” bilan chempionlik uchun raqobat qilgandi, eslaymiz, ammo “Bayyer” boshqacha ketyapti – Alonso jamoasi muammolarga tushib qolgan “Bavariya” bilan emas, har tomonlama joyida bo‘lgan, hatto Harri Keynning kelishi bilan balkim kuchaygan “Bavariya” bilan raqobatga kirishgan. “Bayyer” nafaqat Germaniyada, balkim kuchli beshlikda hali mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Faqat chempionatda emas, Yevropa Ligasiga, Germaniya kubogi bahslarida ham “Bayyer” hali mag‘lubiyat nimaligini bilmaygan va kurashni davom ettiryapti. Turnir jadvalida ayni paytda “Bayyer” raqibidan 2 ochko oldinda boryapti va bu farqni oshirish imkoniyatiga ega. Xullas, xuddi Ispaniyadagi kabi ssenariy.

Foto: Getty images

“Bayyer” “Bavariya” bilan tengma-teng kurasha olishini hatto Myunxenda hisobda orqada borib ham isbotlagandi. O‘sha o‘yin qisman mehmonlarning tashabbusi ostida o‘tib, ikki marta “Bayyer” hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Umuman bu mavsumda rollar almashib qolgandek, “Bayyer” ko‘proq to‘p nazorati, tashabbuskor futbolga tayanayotgan bo‘lsa, “Bavariya”ning o‘yini ancha soddalashgan va ko‘proq qarshi hujumlarda, Harri Keynning ustunliklari evaziga vaziyatlar yaratishda davom etyapti.

Mezbonlar tarkibida tabiiyki, eng sermahsul hujumchi Bonifasening yo‘qligini so‘nggi oylarda bilinyapti, ammo futbolchilar, hatto himoyachilar ham kerakli paytda vaziyatni o‘z qo‘liga olib, navbati bilan gol urayotganini e’tirof etish kerak. “Betis”dan majburan ijaraga olingan Borxa Iglesias nihoyat o‘zini ko‘rsatishi kerak. Yoki Patrik Shik, aslida Bonifasedan ham asosiy hujumchi sifatida ko‘rilgandi, ammo o‘sha Bonifase jarohat olgan dekabr oqshomidagi xet-trikdan keyin chexiyalik hujumchi gol urmay qo‘ydi. Shuningdek, Palasios oy oxirigacha safdan chiqqan, yetakchi himoyachilardan biri Kossunu esa, terma jamoasi bilan birga Afrika Millatlar kubogida bo‘lib turibdi. Mehmonlar tarkibida esa, Deyvis, Koman, Laymer, hamda Gnabrilarda turli jarohatlar bor. Ammo aytish mumkinki, mehmonlar Liverkuzenda ancha jangovor va optimal tarkibni tushirish imkoniga ega.

ASTON VILLA – MANCheSTeR YuNAYTeD (11 fevral, 21:30)

“Aston Villa” qariyb bir yil oldin, 2023 yilning fevralida o‘z maydonida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgandi. Bu seriya Birminhemdagi avvalgi o‘yinda “Nyukasl” bilan buzildi – Emeri shogirdlari 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradilar. Bir hafta o‘tib, endi Angliya kubogi doirasidagi bahsda endi “Chelsi”ga xuddi shu hisobda imkoniyat boy berildi. Umuman APL doirasidagi oxirgi 6 uchrashuvning atigi 2 tasida, u ham bo‘lsa, turnir jadvalidagi so‘nggi ikki jamoa ustidan g‘alaba qozonilganini e’tirof etsak, Emeri jamoasida kichik pasayish kuzatilayotganini ko‘rishimiz mumkin. “Manchester Yunayted” esa aksincha, bir qator yetakchi futbolchilarning tarkibga qaytishi, shuningdek, hujum chizig‘idagi futbolchilarning yaxshi formaga kirib olganini hisobiga so‘nggi paytlarda natijalarni ijobiy tomonga o‘zgartirishga erisha oldi. Jumladan, APL doirasigadi oxirgi ikki o‘yinda uchtadan ochko qo‘lga kiritildi.

Oqibatda, hozirda jamoalarni atigi 6 ochko ajratib turibdi. Bu degani, agar ten Hag shogirdlari mehmonda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, farq uch ochkoga qisqaradi va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda hammasi murakkablashib ketishi mumkin. Demak har ikki tomon uchun ham turnir nuqtai nazaridan o‘ta ahamiyatli bahs kutib turganini ta’kidlash lozim.

Foto: Getty images

Safarda g‘alaba qozonish deganda, albatta, “MYu” ayniqsa, turnir jadvalida yuqori o‘rinlarda turgan raqiblarga qarshi, ten Hag boshqaruvida birorta ham g‘alabaga erishmagani ham, “MYu” Emerining “Aston Villa”sini hech qachon safarda mag‘lub eta olmagani ham fakt. So‘nggi uch o‘yin manchesterliklarning g‘alabasi bilan yakunlangan, ammo uchala o‘yin ham “Old Trafford”da bo‘lganini ham unutmaylik. Birminghemdagi oxirgi o‘zaro uchrashuv 3:1 hisobida mezbonlarning ishonchli g‘alabasi bilan tugagan. Darvoqe, o‘sha o‘yin Unai Emerining “Aston Villa” murabbiyi sifatidagi ilk o‘yini edi. Qarangki, autsayderlar orasida yurgan jamoani qabul qilib olgan ispaniyalik mutaxassis bir yil ichida Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylantirdi.

Mezbonlar safida Buendiya va Tayron Mingzning o‘ynamasligi aniq. Shuningdek, katta ehtimol bilan Lyuka Din ham bu o‘yinga tayyor bo‘la olmasligi ehtimoli katta. Mehmonlar safida esa Maunt, Malasiya, Marsiyallarga yana boshqa “M” – Martines ham qo‘shilgani chakki bo‘ldi. Ushbu himoyachining safga qaytishi jamoa o‘yinini butunlay boshqa darajaga olib chiqqandi, ammo argentinalik himoyachi yana ikki oy maydonga tusha olmaydigan bo‘ldi. Bundan tashqari, Aaron van Bissaka va Viktor Lindeloflarning hali to‘liq tiklanib ulgurmaganini matbuot anjumanida Erik ten Hag ma’lum qilgan.

MILAN – NAPOLI (12 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Yangi mavsumda o‘ziga o‘xshamayotgan jamoalardan yana biri “Napoli”, katta farq bilan A Seriyada g‘olib chiqqan jamoa hozirda o‘tkazgan o‘yinlarining yarmida ham g‘alaba qozona olmagan va turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda. To‘g‘ri, kuchli to‘rtlik bilan farq katta emas, to‘rt ochko, lekin agar uchlik bilan, ya’ni “Milan” bilan oradagi farqqa qarasak, 14 ochkoni, peshqadam “Inter” bilan esa, 22 ochkoni tashkil qilmoqda. Amaldagi chempion uchun bu juda ko‘p.

“Yuventus” “Inter”dan yutqazgach, “Milan”da ikkinchi o‘ringa yaqinlashish imkoni tug‘ildi. Albatta, o‘z o‘yinlarini yutib, chempionlikdan ham umid qilish mumkinligini yodda tutgan holda “Milan” har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushishi turgan gap. “Napoli”ning besh o‘yindan beri safarda g‘alaba qozona olmayotgani, to‘rt o‘yindan beri esa, umuman gol ura olmayotganini inobatga olsak, “Milan”ning imkoniyatlari yaxshiroq ekanini e’tirof etish lozim. Milanliklar noyabrdan buyon o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Italiya kubogi doirasidagi “Atalanta”dan mag‘lubiyat hisob emas, albatta.

“Napoli” bilan o‘zaro o‘yinlarda esa “Milan” o‘z maydonida qatorasiga uch o‘yindan beri A Seriya doirasida mag‘lubiyatga uchrab kelyapti. Orada Chempionlar Ligasi chorakfinalida milanliklar “Napoli”ni kurashdan chiqarib yuborganini ham unutmaslik kerak. Umuman oxirgi yillarni oladigan bo‘lsak, o‘zaro o‘yinlarda mehmonlarda biroz ustunlik bor – oxirgi 30 uchrashuvdan 12 tasida “Napoli”ning qo‘li baland kelgan. 8 uchrashuv “Milan”ning g‘alabasi bilan yakunlangan.

“Milan” safida Samu Chukveze sheriklariga yordam bera olmaydi. U Nigeriya milliy jamoasi bilan birgalikda Afrika Millatlar kubogi finaliga chiqqan. Chukvezening hamyurti Viktor Osimhen ham xuddi shu sabab bilan “Napoli” safida maydonga tushmaydi. Mehmonlar safida shuningdek, Mariu Ruy sariq kartochkalari ko‘payib ketgani tufayli diskvalifikatsiyaga ega.

BOShQA O‘YINLAR

10 fevral. MANCheSTeR SITI – Everton (17:30), LIVeRPUL – Byornli (20:00), TOTTeNHEM – Brayton (20:00), Nottingem Forest – NYuKASL (22:30), PSJ – Lill (11 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)

11 fevral. Vest Hem – ARSeNAL (19:00), Sevilya – ATLeTIKO (22:30), BARSeLONA – Granada (12 fevralga o‘tar kechasi, 01:00).

Ko‘proq yangiliklar: