Buklanadigan iPhone, eng ishonchli avtomobillar va eng ko‘p sotilgan smartfonlar – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 21:35 / 10.02.2024 50537

2023 yilda dunyoda eng ko‘p sotilgan 10 ta smartfon

Canalys tadqiqot kompaniyasi 2023 yilda dunyoda eng ko‘p sotilgan smartfonlar reytingini e’lon qildi. O‘nta o‘rindan yettitasini Apple telefonlari egallagan.

Foto: X / Canalys

Birinchi o‘rinda iPhone 14 Pro Max, 12 oy ichida qurilma 34 mln nusxada sotilgan. Ikkinchi o‘rinda uch oy ichida 33 mln marta sotilgan iPhone 15 Pro Max. Uchinchi eng ommabop smartfon iPhone 14 (29 mln nusxa) bo‘lgan.

2023 yilda dunyoda eng ko‘p sotilgan top-10 smartfon:

  • iPhone 14 Pro Max (34 mln);
  • iPhone 15 Pro Max (33 mln);
  • iPhone 14 (29 mln);
  • iPhone 14 Pro (29 mln);
  • iPhone 13 (23 mln);
  • Galaxy A14 4G (21 mln);
  • iPhone 15 Pro (21 mln);
  • Galaxy A54 (20 mln);
  • Galaxy A14 5G (19 mln);
  • iPhone 15 (17 mln). 

Renault Duster

Renault Duster krossoverining 3-avlodini taqdim qildi. Avtomobilning tashqi ko‘rinishi 2023 yil noyabrida Ruminiyada taqdim etilgan Dacia Duster’niki bilan deyarli bir xil.

Foto: Renault
Foto: Renault
Foto: Renault
Foto: Renault

Avtomobil 3 xil versiyada taqdim etildi: 1 litrli uch silindrli 100 ot kuchiga ega turbodvigatelli, 130 ot kuchiga ega 1,2 litrli turbodvigatelli hamda hibrid versiya.

Hozircha avtomobilning rasmiy narxi ma’lum qilinmadi.

Buklanadigan iPhone

The Information’ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Apple kamida ikkita buklanadigan iPhone prototiplarini ishlab chiqmoqda. Ammo mazkur dizayndagi qurilmalar kompaniyaning 2024−2025 yillarga mo‘ljallangan ommaviy ishlab chiqarish rejalariga kiritilmagan. Muhandislar dizayn muammolariga ayniqsa buklanuvchi ekranlarning shikastlanishga moyilligi bilan bog‘liq muammoga duch kelishgan. Shu jihatdan, agar yangi qurilma dizayni kompaniya standartlariga zid bo‘lsa, ishlanmalar to‘xtatilishi ham istisno etilmagan.

Foto: Clark Miller

Shuningdek, Apple sakkiz dyuymli displeyga ega, iPad Mini bilan taxminan bir xil o‘lchamda bo‘lishi kutilayotgan buklanadigan iPad ishlab chiqish ustida ham ishlamoqda.

Eng ishonchli avtomobillar

J.D.Power agentligi o‘zining ishonchli avtomobillar Vehicle Dependability Study reytingini e’lon qildi. Bir yil avvalgidek, unda birinchi o‘rinni Lexus (PP100 indeksida 135 ball), ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Toyota (147) va Buick (149) egalladi. 

PP100 indeksi 100 ta mashinaga tushgan shikoyatlar sonida ifodalanadi. Lexus avtomobillariga mijozlardan eng kam (135 ta) e’tiroz bo‘lgan, bunda brend reytingda shuncha ball to‘plagan. 

PP100 indeksi bo‘yicha eng ishonchli avtomobillar reytingi:

  • 135 ball – Lexus (IS, ES, NX, RX modellari);
  • 147 – Toyota (Corolla, Camry, 4Runner, Tundra, Tacoma);
  • 149 – Buick (Encore);
  • 174 – Chevrolet (Equinox, Tahoe, Traverse);
  • 174 – MINI;
  • 175 – Porsche 718;
  • 185 – Mazda;
  • 187 – Kia Sedona;
  • 190 – BMW (X1, X6);
  • 190 — Dodge. 

Reytingning eng quyi qismini Chrysler egalladi – uning PP100 reytingi 310 ball. Audi (275), Land Rover (268), Volkswagen (267) va Tesla (252) ham eng yomon ko‘rsatkichlarni qayd qilgan. 

Reyting uchun ma’lumotlar 3 yil davomida haydovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov asosida to‘plangan. Ularga 9 ta toifaga ajratilgan 184 ta muammo yuzasidan savol berilgan: iqlim nazorati; elektron yordamchilar; haydash tajribasi; eksterer; funksiyalar/boshqaruv uskunalari/displeylar; axborot-ko‘ngilochar tizim; interer; dvigatel va o‘rindiqlar. 

Apple Vision Pro

Apple kompaniyasi o‘zining yangi mahsuloti – Vision Pro virtual reallik shlemini sotuvga chiqardi. Hozircha faqat AQShda va 200 ming dona cheklangan miqdorda. Qurilma uchun belgilangan qimmat narx – 3500 dollar ham ommaviy talabga ta’sir qilmadi va mahsulotning birinchi partiyasi bir soat ichida to‘liq sotildi.

O‘yin, ish va boshqa ko‘ngilochar maqsadlarga xizmat qiladigan bu jihoz virtual voqelik olamida katta burilish yasashi kutilyapti. Uning qo‘shimcha boshqaruv aksessuari yo‘q. Bu gadjet orqali uzoq vaqtdan beri kinolardagina aks etgan jarayon haqiqatga aylandi. Uydan chiqmasdan turib dunyoni aylanib chiqish, kinoteatrga bormasdan o‘sha yerdagi muhitni his qilib kino ko‘rish mumkin.

Foto: AP

Qurilmadagi to‘liq 3 o‘lchovli interfeys foydalanuvchining qo‘llari, ko‘zlari va ovozi yordamida boshqariladi. Asosiy boshqaruv ko‘z harakatlari orqali amalga oshiriladi. Obektlarga qaralganda ular turgan o‘rnidan biroz siljiydi va kattalashadi. Klaviatura kerak bo‘lganda esa virtual shaklda paydo bo‘ladi. Ilova oynalarini xuddi real obektlar kabi surish, ko‘tarish, ularni istagan o‘lchamda kattalashtirish yoki kichraytirish mumkin.

Virtual reallik shlemining AQShdagi boshlang‘ich bahosi 3499 dollardan boshlanadi. Narxlar texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, quyidagicha o‘zgaradi:

  • 256 GB xotiraga ega Apple Vision Pro – 3499 dollar;
  • 512 GB xotiraga ega Apple Vision Pro – 3699 dollar;
  • 1 TB xotiraga ega Apple Vision Pro – 3899 dollar.  
Ko‘proq yangiliklar: