“Qurilishda har xil noto‘g‘ri yo‘llar ko‘p” - mas’ullar soyada qolayotgan qurilish sohasi haqida

Iqtisodiyot 16:50 / 08.02.2024 16508

O‘zbekistonda 1 fevraldan tadbirkorlarning barqarorlik reytingi ishga tushdi. Reytingda yuqori o‘rin egallagan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi. Bu soliq tekshiruvlaridan ozod bo‘lish, QQS va boshqa soliqlardan hosil bo‘lgan soliq summalarini bir kunda qaytarib olish kabilarni nazarda tutadi.

6 fevral kuni Toshkentda qurilish sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun barqarorlik reytingining mazmun-mohiyati borasida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev, Savdo sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov, qurilish vaziri o‘rinbosari Davron Adilov ishtirok etdi.

Avvaliga SSP raisi Davron Vahobov qurilish sohasidagi qonunbuzilishlarga to‘xtaldi.

“Bugungi kunda qurilish sanoatidagi 34 mingta korxonadan 24 mingtasi qurilish korxonasi bo‘lib, shundan 10 mingtasi qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Tahlil qilinganda 10 947 ta korxonaga – 1 ta ishchi, 4 219 ta korxonaga – 2 tadan ishchi, 5 585 ta korxonaga – 4-10 nafar ishchi xodim to‘g‘ri kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

E’tiborlisi, bir korxona 36 mlrd so‘mlik qurilish materiallari va uy jihozlarini sotib olgan, ammo soliq hisobotlarida ushbu korxonalar xodimlari soni bitta etib ko‘rsatilgan. Axir bir nafar xodim bilan buncha hajmdagi ishni bajarib bo‘lmasligini hammamiz tushunamiz-ku. Savdo-sanoat palatasiga bu so‘zlarni aytish og‘ir, lekin biz shaffof ishlaydigan tadbirkorlarning yonini [olishimiz kerak].

Trillion-trillion mablag‘lar budjetdan ijtimoiy soha obektlarini qurishga ajratilyapti va bu obektlarda ertaga shaffof tizim orqali hamma tadbirkor qatnashish ehtiyoji bor. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘p tadbirkorlar tenderda ishtirok etolmayapti. Boshqa tadbirkorlarga o‘xshab xarajatlarimizni ko‘rsatmasa, belgilangan imtiyozlardan foydalanish imkoniyati kamayishi mumkin”, – dedi Vahobov.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning aytishicha, reytingda eng past ko‘rsatkichga ega soha aynan qurilish sohasi hisoblanadi.

“Ulushi bo‘yicha ham, soni bo‘yicha ham eng past ko‘rsatkichga ega tashkilotlar aynan qurilish sohasida. Qurilishda har xil noto‘g‘ri yo‘llar ko‘p, ish haqini rasman to‘lamaslik, soliqdan qochish masalalari aynan qurilish sohasida boshqa sohalarga nisbatan ko‘proq”, – dedi u.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zosi Umidbek Safarov barqarorlik reytingida baholash mezonlari haqida ma’lumot berdi.

“Tadbirkorlik sub’yektini baholashning umumiy mezonida 10 ta kriteriya berilgan. Har biriga 10 balldan 100 ball beriladi. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish davri 5 yildan ortiq bo‘lsa, unga 10 ball, yangi ochilgan korxonalarga esa 2 ball beriladi. Ebita – rentabellik darajasi baholanadi, bunda yer o‘ziniki bo‘lsa, 10 ball. Ijara shartnomasi bo‘lsa 7 ball, ko‘rsatilgan manzilda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, 5 ball beriladi. O‘z mulkiga ega bo‘lsa ham ball beriladi. Soliq hisobotlarini belgilangan muddatda taqdim etish – 10 ball. Soliq summasini belgilangan muddatda to‘lash – 10 ball”, – ta’kidladi Safarov.

Tadbir davomida tadbirkorlardan biri uzoq muddat faoliyat yuritgan tadbirkorlarga yuqoriroq ball berilishi endi oyoqqa turgan tadbirkorlar uchun adolatsizlik bo‘lmaydimi, deya savol berdi. Bundan tashqari, tadbirkor aholiga arzon mahsulot yetkazib berish kriteriysi ham kiritilishi kerakligini ta’kidladi.

Bu fikrga javoban Sherzod Qudbiyev qaysi tadbirkor aholiga arzon mahsulot yetkazib berishga qiziqadi, deya savol berdi.

“Tadbirkorning asosiy maqsadi – yuqori rentabellik va foyda olish deb o‘rgatishgan. Agar reytingning ijtimoiy ahamiyati nima deb so‘raganingizda ijtimoiy reyestrdagi odamlarni ishga olsangiz, o‘rtacha ish haqini qanchalik oshirsangiz, qo‘shimcha rag‘batlar bor deb javob berardik. Tadbirkorning intilishi – yuqori rentabellik. Davlatning maqsadi esa yuqori rentabellik ortidan yuqori foyda olish.

Yangi tashkil etilgan sub’yektlarga adolatsizlik bo‘lmaydimi dedingiz. Teskarisini aytaman: uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha rag‘batlantirish bo‘ladi. Ya’ni bizga yoshligimizdan o‘rgatib kelishadi, obro‘yingni saqla deb. Uzoq yil faoliyat yuritadigan korxona bo‘lsa, biz unga 10 ball beryapmiz. Korxonaning ishonchliligi barqarorligini baholash uchun necha yildan beri faoliyat yuritgani davlat uchun muhim deyapmiz. Kecha tug‘ilgan korxona bilan, uzoq yillardan beri ishlayotgan korxonaning farqi bo‘lsa kerak”, – dedi Qudbiyev.

Bundan tashqari, Sherzod Qudbiyev aylanma bilan foyda solig‘ini to‘lovchilar reytingda alohida baholanishini ma’lum qildi. U aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi AAA reytingiga ega bo‘lolmasligi, EBITA AOS to‘lovchiga boshqacha, QQS to‘lovchiga boshqacha hisoblanishini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: