Uchta hududda pul evaziga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi 

Jamiyat 08:16 / 07.02.2024 11655

Respublikaning uchta hududida haydovchilik guvohnomasini olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, departament hamda DXXning Pop tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Pop tuman bo‘limi bosh mutaxassisi B.N. fuqaro I.S.ga traktorchi-mashinist guvohnomasini ta’lim tashkilotlarida o‘qimasdan olib berishi evaziga 5,3 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.

Shu kabi, Mo‘ynoq tumanda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.K. 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularga 2 000 dollar evaziga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib qo‘yishini aytib, 24,7 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. 

Bektemir tumanda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro O.F. fuqaro A.A.ning ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 1 700 dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Oldinroq Qoraqalpog‘istonda 2 100 dollarga uchta haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: