“Yaxta sotib olish O‘zbekistonda mashina sotib olishdan arzon” – dengizda yashaydigan o‘zbek dasturchisi hikoyasi

Jamiyat 18:08 / 06.02.2024 34419

Ulug‘bek Boymurodov – genomika, biotexnologiya bo‘yicha dasturchi ekspert. Stenford universiteti bitiruvchisi. U Stenfordda inson tanasini o‘rganib chiqish uchun “atlas” yaratish, Kolumbiya va Nyu-York universitetlarida kasallarning genetik va klinik ma’lumotlarini birlashtirib, blokcheynda saqlash bo‘yicha loyihalarda ishtirok etgan. O‘zbekistonlik dasturchining Meksikada o‘z yaxtasi bor: u to‘fonsiz mavsumda, dengizda kun kechiradi.

O‘zi, AQSh va Meksikadagi hayoti haqida

— Asli Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug‘ilib o‘sganman. Maktabda o‘qib yurganimda Flex dasturi grantini yutib olganman. Bu grant AQSh davlat departamenti tomonidan taklif qilingan. Dastur AQShda oila bilan birga bir yil yashab, 10-sinfni o‘sha yerda o‘qish imkoniyatini bergan. Qaytib kelib maktabni Qarshida bitirganman. O‘qishga kirishga imkon bo‘lmagach, Amerikaga qaytib, Community kollejida o‘qishni boshlaganman. Kollejda, akademik va jamiyat ishlarida faol bo‘lganim uchun “Phi Beta Kappa” faxriy jamiyatining mingdan ortiq kollejlardagi bo‘limlariga xizmat qilish uchun vitse-prezident etib saylashgan, bu menga katta imkoniyatlarni ochgan.

Stenford universitetida yuz foizlik grant bilan o‘qidim. Stenfordda texnologiya tadbirkorligi yo‘nalishi yaxshi rivojlangan, men ham shunga qiziqib, o‘qishni bitirishdan oldin do‘stlarim bilan texnologiya mahsulotlarini bozorga chiqarganmiz. Bu orqali dasturlashni o‘rganib, shu sohada qolganman. Hozir biotexnologiya va genomika sohasi bo‘yicha IT arxitekturasi, yangi dasturlar yaratish, ilmiy ishlar uchun yangi mahsulotlar yaratib berish bo‘yicha kontraktor bo‘lib ishlayman.

Cohasi haqida

— Genetika/Genomika, bu inson tanasidagi hujayralardagi jarayonlarni o‘rganadi. Deylik, bir hujayra o‘rtasidagi yadroda inson tanasi, to‘qimalari bo‘yicha barcha ma’lumotlar saqlangan bo‘ladi. Bu juda katta ilm, biz hali buni to‘la tushunib yetganimiz yo‘q.

Bu sohadagi ishlar asosan tibbiyot uchun qilinadi. Bu orqali kasalliklarni oldindan bilish, moyillikni aniqlash va oldini olish mumkin. Ko‘pincha saraton kasalliklari bo‘yicha izlanish bo‘ladi. Bundan tashqari, qarish jarayonini sekinlashtirish yoki oldini olish bo‘yicha ham ishlanadi. Genetika orqali boshqa sohadagi olimlar xalqlar qanday qilib dunyoning turli joylariga tarqalishi, kelib chiqishi haqida ham ilmiy ishlar qilish mumkin.

Aynan mening soham hujayrani o‘rganayotgan olimlarga hujayradagi ma’lumotlarni tahlil qilishga yordam beradi, ma’lumotlarni modullashtirish uchun kuchli, katta-katta kompyuterlar talab qilinadi. Ma’lumotlar hammasi bir-biriga ulanib, xulosa chiqarib, olimlarga taqdim qilinadi. Oxirgi xulosani olimlar tibbiyot odamlariga beradi. Men o‘zimning dasturlash xizmatlarimni mijozlarga taqdim etaman. Bu jarayon ko‘p davom etadi.

Bunda turli dasturlar yozish yoki allaqachon yozilgan algoritm dasturlarini ilmiy ishga kiritish kerak bo‘ladi. Ma’lumotlar hammasi bir-biriga ulanishi kerak. Umuman, mana shu ishlar bilan shug‘ullanaman. Ba’zi tadqiqotchilar ilmiy ishini qanday olib borish mumkinligi haqida men bilan maslahatlashishadi ham, shunda men ularga turli algoritmlarni taqdim etaman yoki yangi yozib beraman.

Hizmatlaridan kimlar foydalanishi haqida

— Birinchi buyurtmachim Stenford universiteti bo‘lgan. U yerda inson tanasini o‘rganib chiqish uchun “atlas” yaratish va uni regulyatsiya qilish bo‘yicha loyihada yordamlashganman. Shu vaqtgacha bor ma’lumotlar shular, funksiyalari quyidagicha deb sun’iy aqldan so‘rash mumkin. Shunday qilib, biz bor ma’lumotlarni butun dunyo olimlariga yetkazib berish ustida ishlaganmiz.

Oxirgi loyiham Kolumbiya va Nyu-York universitetlarining birlashgan genom markazida kasallarning genetik va klinik ma’lumotlarini birlashtirib, blokcheynda saqlash bo‘ldi. Bu blokcheyn barcha ma’lumotlarni himoya qiladi va u ma’lumotlardan kim, qancha foydalanayotganini ko‘rsatib beradi. Bu ishimiz yaqinda chop etilishi ham mumkin.

Hozirgi kunda esa rakka qarshi kurashishda yordam beradigan sayt va tahlil qilib, ma’lumotlarni tushunarli darajada ko‘rsatadigan qo‘llanma yaratyapmiz.

Ish va yashash joyi, yaxtadagi kun tartibi

— Hozirgi paytda doimiy yashash joyim – O‘zbekistonda. Oxirgi doimiy ish joyim AQShda bo‘lgan, u yerdan ketib mustaqil dasturchi sifatida xizmatlarimni taklif qila boshlaganman. Hozir AQShga buyurtmachilar bilan tanishish, muammolarini o‘rganish, shartnomalar tuzish uchun kelib ketaman, hozir ham shu masalalar bilan Kaliforniyadaman.

O‘zbekistonda ham doimiy yashamayman. Raqamli nomad (Digital nomad)lar deyishadi, har xil joyga ko‘chib yurib ishlab yuradigan, men xuddi shunday, ko‘proq turli joyda yashab ishlashni yaxshi ko‘raman. Oxirgi 3 yilda ko‘proq Meksikada yashab, yaxtamda turib ishlaganman. To‘fonlar mavsumida O‘zbekistonga qaytaman, u yerda ham zeriksam, Indoneziya yoki Shri-Lankaga borib, syorfing bilan shug‘ullanaman.

Odatda, ertalab yaxta qishloq, biror shaharcha yonidagi bo‘g‘ozda yoki orolda bo‘ladi. Tongda kofe tayyorlab ichaman, atrofdagi tabiatni tomosha qilaman. Keyin Starlink interneti orqali ob-havo ma’lumotlarini ko‘rib, yaxta qayerga borishi kerakligini tekshiraman. Agar yaxta uchun yetarli shamol bo‘lmasa, o‘tirib dastur yozaman yoki suvga sho‘ng‘ib nayza bilan baliq ovlayman. Baliqni tozalab ovqat qilaman. Umuman, ovqat tayyorlash menga yoqadi, boshqa xalqlar taomlarini tayyorlashga ham harakat qilaman. Shu bilan 3-4 soat vaqtim ketib qoladi. Ovqatlanib bo‘lgach, yo tabiatni tomosha qilib, zavqlanaman, dastur yozaman yoki kitob o‘qiyman, shu bilan kun kech bo‘ladi.

Meksikada yaxta sotib olish tartibi haqida

— Buning o‘z yo‘llari bor. Boshqa mamlakatga borib mashina sotib olishdan farqi yo‘q. Pulini to‘laysiz va o‘zingizning nomingizga o‘tkazasiz. Hujjatlarga qo‘l qo‘yiladi. Yaxta o‘zingizniki, xohlagan joyga suzib borasiz. Yaxshiroq joyga qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, pul to‘laysiz. Bo‘lmasa langar tashlab qo‘ysangiz ham bo‘ladi. Pulini aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda mashina sotib olishdan yaxta sotib olish arzonroq. Juda katta yaxta sotib olmaysiz, u qancha katta bo‘lsa, shuncha boshqarish qiyin bo‘ladi. Mening yaxtam o‘zimning tanamning kuchi bilan boshqara oladigan darajada. Lekin sizga juda ko‘p zavq beradi, o‘z uyingizdek bo‘ladi. Mehmonxonaga pul to‘lamaysiz, baliq ovlasangiz, ovqatga ham pul sarflamaysiz.

Yaxta sotib olish uchun turist bo‘lishning o‘zi kifoya. O‘zimning yaxtamni 20 ming dollar atrofidagi narxga sotib olganman va yana 10 ming dollarlik asbob uskuna o‘rnatganman. Yaxtam xavfsiz va cho‘kmaydi, har qanday to‘fonga ham bardosh beradi.

• Suhbatni to‘liq holda Kun.uz’ning You tube sahifasida ko‘rishingiz mumkin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov,
Montajchi – Nizomjon Toshpo‘latov.

Ko‘proq yangiliklar: