Yangiyo‘lda turkiyalik haydovchi boshqaruvidagi yuk mashinasi Nexia bilan to‘qnashdi

Jamiyat 15:35 / 05.02.2024 19821

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani hududida yuk mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmati xabar berdi.  

Ma’lum qilinishicha, holat 5 fevral kuni soat taxminan 9:00 larda M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining Yangiyo‘l tumani hududidan o‘tgan 837 kmda sodir bo‘lgan. Turkiya fuqarosi, 1974 yilda tug‘ilgan L.S. boshqaruvida bo‘lgan, xorijiy MChJga tegishli “Mersedes-Bens” yuk mashinasi o‘zi bilan bir yo‘nalishda kelayotgan, 24 yoshli U.J. boshqaruvidagi Nexia mashinasiga urilib ketgan.  

YTH oqibatida tirkamadagi mahsulot to‘kilib, yo‘lning ma’lum qismini to‘sib qo‘ygan hamda tirbandlik yuzaga kelgan.

Qayd etilishicha, YTH oqibatida og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Transport vositalari texnik shikastlangan. Hozirda holat yuzasidan Yangiyo‘l tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oldinroq Samarqand viloyatining Urgut tumanida yuk mashinasi bilan to‘qnashgan avtobus ag‘darilib ketgandi.

Ko‘proq yangiliklar: