“Xalqlar do‘stligi” metro bekatining ikkinchi chiqish joyi bir oydan ko‘proq muddatga yopiladi

Jamiyat 16:50 / 05.02.2024 10826

Poytaxt metropoliten xizmatining xabar berishicha, metropoliten faoliyatini takomillashtirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida yerosti metro bekatlarida o‘rnatilgan eskalatorlarning o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lganlarini bosqichma-bosqich ravishda yangilariga almashtirish rejalashtirilgan. 

Rejaviy ishlarning birinchi bosqichida “Xalqlar do‘stligi” metro bekatidagi eskalatorlarni zamonaviy turdagisiga almashtirish ishlari olib boriladi. 

Shu munosabat bilan 10 fevral sanasidan boshlab 20 mart sanasiga qadar “Xalqlar do‘stligi” metro bekatining ikkinchi vestibyuli, “Tashkent city” majmuasiga olib chiquvchi tomon yopiladi. 

“Shuningdek, yo‘lovchilar uchun bekatning birinchi vestibyuli, “Xalqlar do‘stligi” saroyiga olib chiquvchi tomon odatiy rejimda ish faoliyatini olib boradi”, – deyiladi rasmiy izohda. 

Metropoliten xizmati keltirilgan noqulayliklar yuzasidan yo‘lovchilardan uzr so‘ragan. 

Ma’lumot uchun, poytaxt metrosining yerosti bekatlaridan 5 tasiga, “Milliy bog‘”, “G‘afur G‘ulom”, “O‘zbekiston”, “Yunus Rajabiy” va “Mashinasozlar”ga faqat bitta tomonidan kirib-chiqish mumkin. Beshala holatda ham ikkinchi vestibyul shu bekatlar foydalanishga topshirilgan vaqtdan buyon yopiq

Hozirda Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan “Toshmetrotrans” MChJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirilgan. Ekspertiza xulosasi olinganidan keyin, bosqichma-bosqich ta’mirlash ishlari olib borilib, barcha yopiq vestibyullar 2024 yilning may oyigacha ochib qo‘yilishi va’da qilingandi. 

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 15 dekabr kuni Toshkent yerusti metrosining Quruvchilar dahasidan Sergeligacha bo‘lgan “Turon” va “Qipchoq” metro bekatlarining qurilishi yakunlanib, sinov tariqasida poyezdlarning yo‘lovchilarsiz harakati boshlangandi. Ammo hozircha bu sinovlar qachon tugashi ma’lum emas.

Ko‘proq yangiliklar: