Bitta daraxtni noqonuniy kesganlik uchun 30-100 million so‘m atrofida jarima belgilanishi mumkin

Jamiyat 18:17 / 05.02.2024 9188

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Gazeta.uz’ga bergan intervyusida daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarima oshirilishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ayrim tadbirkorlar daraxt kesishini bilib, qurilishni boshlashdan oldin ekoinspeksiya kelib jazolashini, moliyaviy sanksiyani qo‘llashini hisobga olib, shuni ham smetaga kiritib qarorlar chiqargan.

Abduhakimov bunday holatlarga keskin jazolar qo‘llash orqali kurashish mumkinligini ta’kidladi.

Hozir katta-katta daraxtlarni kessa ham, bor-yo‘g‘i 1million 800 ming so‘mdan 3 milliongacha to‘lab, qutulib ketyapti. Buni 30 million so‘mdan 100 million so‘mgacha ko‘tarsak, bu, albatta, sezilarli bo‘ladi. Ertaga menman degan tadbirkor ham hisoblashni biladi, kesish kerakmi-yo‘qmi deb o‘ylaydi”, – dedi u.

Vazir ma’lumotiga ko‘ra, daraxtlarni qonuniy ko‘chirishga ruxsat berish holatlari ham bor. Va 5 mingga yaqin daraxt shunday yo‘l bilan ko‘chirilgan. Biroq u hali to‘g‘ri ko‘chirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagani, kompaniyalarda ko‘chirish bo‘yicha tajriba va texnika yo‘qligini ham qo‘shimcha qildi.

 “Shuni ham yaxshi tushunishimiz kerakki, shahar rivojlanyapti. Qanaqadir jamoat manfaatlaridan kelib chiqib ayrim daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazishga to‘g‘ri kelyapti. Va bu, albatta, jamoat eshituvi asosida bo‘ladi”, – dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: