Jahon moliya bozorlari navbatdagi qaynoq haftani muvaffaqiyatli yakunladi. Joriy haftani texnologiya sektorining zaif choraklik hisobotlari boshlab berdi. Hisobotlarga ko‘ra Google’ning reklamadan olgan daromadi investorlarning prognozini oqlolmadi, Advanced Micro Devices (AMD) choraklik natijalari esa kutilganidan past chiqdi. Shu sababli sun’iy intellektga bog‘liq kompaniyalar haftaning birinchi yarmida korreksiyani boshdan o‘tkazdi (shu jumladan, Misrosoft ham). AQSh Federal zaxira tizimi (FZT), bandlik ma’lumotlari va Yaqin Sharqda tinchlikka erishishdagi birinchi g‘alabalar haftaning ikkinchi yarmidagi asosiy voqealar bo‘ldi.
Jahon Insighs kanali ekspertlari 29 yanvardan 2 fevralgacha bo‘lgan davrda Xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.
AQSh top fond bozorlari indeksi:
- S&P500: +1,38 foiz (yil boshidan +3,96 foiz);
- NASDAQ: +1,27 foiz (yil boshidan +4,85 foiz);
- DJI: +1,43 foiz (yil boshidan +2,56 foiz).
Hafta davomida Dow Jones, NASDAQ va S&P500 indekslari mos ravishda 545, 222 va 68 punktga ko‘tarildi.
Asosiy qimmatbaho metallar:
- Oltin: +1,07 foiz (yil boshidan -1,12foiz);
- Kumush: -0,39 foiz (yil boshidan -4,55 foiz);
- Alyuminiy: -1,04 foiz (yil boshidan -6,45 foiz);
- Mis: -0,85 foiz (yil boshidan -1,49 foiz).
Qimmatbaho metallar esa aksincha, pasayish tendensiyasini saqlab qoldi. Alyuminiy hafta mobaynida 24 dollar, kumush va mis mos ravishda 9 va 4 sentga arzonlashdi. Biroq oltin xitoylik investorlar tomonidan katta hajmda xarid qilingani tufayli, qiymati o‘sdi. Jumladan, bir hafta ichida ushbu qimmatbaho metall bahosi 22 dollarga oshdi.
Neft
- WTI: -7,44 foiz (yil boshidan +1,42 foiz);
- BRENT: -6,87 foiz (yil boshidan +0,45 foiz).
Neft yana oldingi narx koridoriga qaytdi. Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash harakatlari o‘z natijasini berdi va potensial stabillik narx arzonlashishiga olib keldi. Buning oqibatida neftning WTI markasi 5,81 dollarga, BRENT esa 6,87 dollarga pasaydi.
Valutalar
- EUR/USD: -0,61 foiz (yil boshidan -2,27 foiz);
- USD/CNY: +0,22 foiz (yil boshidan +1,33 foiz);
- USD/TRY: +0,70 foiz (yil boshidan +3,28 foiz);
- USD/UZS: 0,16 foiz (yil boshidan +0,81 foiz);
- USD/RUB: +1,39 foiz (yil boshidan +1,86 foiz).
AQSh valuta indeksi biroz tebranishlardan so‘ng, o‘sish sur’atini taqdim etishga muvaffaq bo‘ldi. Buning natijasida dunyoning boshqa valutalari arzonlashdi. Xususan, dollarga nisbatan yevro 0,61 foizga, rubl 0,22 foizga, lira 0,7 foizga, yuan 0,22 foizga va so‘m 0,16 foizga pasaydi.
Kriptovaluta
- Bitcoin: +2,64 foiz (yil boshidan +1,78 foiz);
- Ethereum: +2,34 foiz (yil boshidan +1,10 foiz).
Bitcoin va Ethereum kriptovalutalari oxirgi hafta muvozanatini tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda Bitcoin bilan 42-44 ming dollar, Ethereum bilan 2,2-2,4 ming dollar diapazonida savdo qilinmoqda.
Bozorlar haqida qisqacha
Chorshanba kuni bo‘lib o‘tkan FZT yig‘ilishida foiz stavkasi o‘zgarishsiz qolishi e’lon qilindi va taqdim etilgan bayonot bozorda bo‘layotgan ba’zi ikkilantiruvchi mulohazalarga nutqa qo‘ydi. Aniqroq aytganda, Jyerom Pauell o‘z chiqishida foiz stavkasini yaqin orada pasaytirmasligini aniq tushuntirib berdi va ko‘plar taxmin qilayotgan mart oyidagi pasayish haqidagi prognoz bekor bo‘ldi. AQSh Markaziy banki foiz stavkasini deyarli yarim yil davomida yuqori pog‘onalarda ushlab turishi tufayli inflatsiya ko‘rsatkichi jadal pasayib, katta yutuqqa erishgan bo‘lsa-da, 2 foizlik natijaga yetmagani va inflatsiya umumiy holati stabil bo‘lmagani uchun stavkani 5,5 foizda ko‘proq darajada ushlab turishga tayyorligini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi bandlik bilan bog‘liq yangi risklar alomatlari paydo bo‘lgani va agar bu to‘satdan yomonlashsa, darhol stavkani tushirishi mumkinligini aytib o‘tdi. Ammo juma kuni e’lon qilingan so‘nggi bandlik ma’lumotlari prognozga nisbatan yaxshiroq chiqdi va ko‘rsatkich 3,7 foizni tashkil etib, rasmiylarni biroz tinchlantirdi. Yaqin Sharq mintaqasidagi urush yakunlanishi va tinchlikka erishishi muvaffaqiyatlari haqidagi ijobiy xabarlar neft bozorining muvozanatini tiklashga yordam berdi va kelgusi chayqalishlarni bartaraf etdi.
Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 29 yanvardan 2 fevralgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.