Soliq qo‘mitasining “Soliq” mobil ilovasida uzilishlar kuzatilmoqda. Holatga aniqlik kirishi maqsadida Kun.uz qo‘mita axborot xizmati bilan bog‘landi.
Ma’lum qilinishicha, ilovada 31 yanvar va 1 fevral kunlari profilaktik ishlar olib borilmoqda. Bu davrda mobil ilova vaqtinchalik ishlamaydi. Shuningdek, ilovaga yangi xizmatlar qo‘shilmoqda. Xususan, hozirda 32 ta xizmat bo‘ladigan bo‘lsa, yana 10 dan ortiq elektron xizmatlarni ilovaga kiritish ko‘zda tutilgan.
“Bundan tashqari, yil boshi bo‘lgani sababli soliq to‘lovchilarimiz tomonidan ijaraga berilgan mol-mulklarni ijaraga qo‘yish va dekabr oyi uchun tasdiqlangan keshbeklarni kartaga o‘tkazib olish xizmatlari ham oyning 25-kunidan keyin amalga oshiriladi. Yana boshqa elektron xizmatlarga yuklamalar oshdi”, deyiladi qo‘mita izohida.
Qo‘shimcha qilinishicha, shu davrgacha yig‘ilgan keshbeklar ilova yangilangan holatda ham o‘zgarishsiz saqlanib qoladi va keyinchalik kartaga o‘tkazib olish mumkin bo‘ladi.
Ilovadagi to‘lov xizmatlariga MIBga qarzdorlik uchun va yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarimalarni to‘lash imkoniyati ham qo‘shilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2 fevraldan boshlab ilovaning ish faoliyati qayta tiklanadi.
“Soliq” ilovasidagi uzilishlar 26 yanvar kuni ham kuzatilgan, o‘shanda xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazganda to‘lanadigan 1 foizlik keshbek bekor bo‘lishi haqida tarqalgan mish-mishlar rad etilgan, ilova shu kuni oqshomda qayta ishlay boshlagan edi.