Surxondaryo viloyati Termiz tumanida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 30 yanvar kuni soat 16:45 larda yuz bergan.
Termiz tumani Gulbahor mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-99 avtomobil yo‘lining 25-kilometrida 1989 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Nexia-3 yo‘lning o‘ng tomon chetiga chiqib ag‘darilgan.
Oqibatda, mashina yo‘lovchisi 2003 yilda tug‘ilgan ayol og‘ir tan jarohatlari olib, halok bo‘lgan. Haydovchi tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra YTHga haydovchi ehtiyotsizlik qilib, mashinani yuqori tezlikda boshqargani sabab bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va fotosuratlarda Nexia-3 pachaqlanib ketganini ko‘rish mumkin.