29 yanvar kuni Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasining “Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni muhokama qilindi. Senatorlar qonun bilan joriy etilayotgan “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini ham ko‘rib chiqdi.
Unga muvofiq, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlari sonidan kelib chiqib, ularga soliq imtiyozlari joriy etilyapti.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori o‘rinbosari Umid Hamroyev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida dastur orqali tadbirkorlar ega bo‘ladigan imtiyozlar borasida gapirib berdi.
— Dasturga kimlar a’zo bo‘la oladi?
— 93-sonli prezident farmoni bilan kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, 20 ming tadbirkor tomonidan 500 ming ish o‘rni yaratilishi kerak. “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali ishchi” degan platforma (dastur) yaratiladi. Tadbirkor bu dasturga a’zo bo‘ladi. Dasturga 2 yil davomida faoliyat yuritib kelayotgan va davlat ulushiga ega bo‘lmagan tadbirkorlik sub’yektlarigina a’zo bo‘la oladi. Aytish kerakki, bu dasturga a’zolik ixtiyoriy bo‘lib, unga ishchi o‘rinlarini yaratish maqsadida a’zo bo‘lgan tadbirkorlar ma’lum soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi.
– Qanday imtiyozlar berilyapti?
– Barcha soliqlardan (QQS va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari) bir yilgacha to‘lov ta’minotlarisiz, foizlarsiz bo‘lib bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Dasturga a’zo bo‘lgan tadbirkorlarga soliqlarni bo‘lib to‘lash imkoniyati quyidagi kategoriyalar miqyosida beriladi:
- 51 tadan 100 tagacha ish o‘rni yaratsa, 3 oygacha;
- 101 tadan 200 tagacha ish o‘rni uchun 6 oygacha;
- 200 tadan ziyod ishchi o‘rni uchun 12 oygacha.
Yana bir imtiyoz bor. Bunda tadbirkor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiradigan fuqarolarni ishga olsa va bu toifadagi xodimlar umumiy xodimlar sonining 20 foizini tashkil qilsa, mol-mulk va yer solig‘idan imtiyoz berilyapti. Bu imtiyoz shundan iboratki, reyestrga kiradigan fuqarolar uchun:
- 51 tadan 100 tagacha ish o‘rni yaratsa, mol-mulk va yer solig‘ining 50 foizini to‘laydi (shunda mol mulk va yer solig‘ining 50 foizini to‘lashdan ozod bo‘ladi);
- 101 tadan 200 tagacha ish o‘rni uchun 25 foizini to‘laydi;
- 200 tadan ortiq ish o‘rni yaratsa, bu soliqlarni to‘lashdan to‘liq (100 foiz) ozod bo‘ladi.
Ammo bunda muhim shart bor, ishchi tadbirkor qo‘lida kamida 1 yil davomida uzluksiz ishlagan bo‘lishi va unga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 barobaridan kam bo‘lmagan ish haqi (bugungi kunda 1 mln 50 ming so‘m) hisoblangan bo‘lishi kerak. Ya’ni tadbirkor fuqaroni bir kunga ishga olib, imtiyozdan foydalanib olmasligi kerak. Haqiqatan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroni ish bilan ta’minlagan bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, 93-sonli farmonda yana bir qator imtiyozlar bor. Agar tadbirkor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan fuqarolarni ishga olsa, har bir shunday ishchi uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (BHMning 2 barobaridan oshmagan miqdorida) tadbirkorga qaytarib beriladi. Shuningdek, ijtimoiy soliqni 50 foizgacha pasaytirilgan stavkada to‘laydi.
Agar tadbirkorlarda platformaga qanday a’zo bo‘lish borasida savollar bo‘lsa, Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.
Ushbu norma bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, Senat ma’qullaganidan keyin prezident imzolagach, to‘liq amaliyotga joriy etiladi.
Dasturga qanday qilib a’zo bo‘lish mumkinligi borasida Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i Dilmurod Hamroyev gapirib berdi.
— Tadbirkorlarimiz o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali ariza beradi. Ariza kelib tushganda faqat 2 ta mezonga e’tibor qaratiladi:
- Tadbirkorlik sub’yekti 2 yil davomida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi kerak.
- Tadbirkorlik sub’yektida davlat ulushi bo‘lmasligi kerak.
Mezonlarga to‘g‘ri kelgan tadbirkorning arizasi qabul qilinadi. Ariza ilovasida tadbirkor qaysi muddatda nechta ish o‘rni yaratishi borasida ma’lumot berishi kerak. Ushbu grafikka asosan hududdagi hokim yordamchilari bevosita joyiga chiqib loyihani o‘rganadi. O‘rganish natijalari asosida xulosa beriladi. Ijobiy xulosa olgan tadbirkorlar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda tuman hokimlari tomonidan shartnoma imzolanadi.
Shundan keyin Adliya vazirligining tuman bo‘limlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tganlik to‘g‘risida xulosa beriladi. SSP tomonidan sertifikat taqdim etiladi va tadbirkor dastur ishtirokchisiga aylanadi. Shundan keyin tadbirkorlar ish o‘rni yaratib, imtiyozlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.