«Real»da kambek, Xavi ketishini aytishga majbur bo‘ldi. Kun o‘yinlari

Sport 04:51 / 28.01.2024 17451

«Real» birinchi o‘ringa ko‘tarildi, «Jirona» tur o‘yinini endi o‘tkazadi 

«Las-Palmas» – «Real» 1:2
Gollar:
1:0 – 53 Xavi Munos, 1:1 – 65 Vinisius Junior, 1:2 – 84 Tchuameni.
«Las-Palmas» – Vales, Marvin (Ersog, 69), Suares, Marmol, Kardona, Moleyro (Luaodis, 69), Xavi Munos (Kaba, 89), Rodriges, Perrone, Munir (Pexino, 78), Sandro Ramires (Kardona, 78).
«Real» – Lunin, Karvahal, Nacho, Ryudiger, Fran Garsiya, Kroos, Seballos (Valverde, 59), Braim Dias (Hoselu, 59), Kamavinga (Tchuameni, 81), Vinisius Junior (Mendi, 90), Rodrigo (Guler, 81).
Ogohlantirishlar: Rodrigo (5), Rodriges (55), Xavi Munos (82), Perrone (90), Mendi (90), Tchuameni (90).

Karlo Anchelotti darvozabonlar rotatsiyasini davom ettirdi – bu safar Lunin o‘ynadi, Kepa esa zaxirada qoldi. Bundan tashqari, «Real»da yarimhimoya chizig‘i deyarli butunlay almashdi: Tchuameni va Valverdega dam berildi, ammo «qaymoqranglilar»ning boshlang‘ich tarkibidagi asosiy jihat Bellinghemning yo‘qligi bo‘ldi. Angliyalik futbolchi o‘tgan turda «Almeriya»ga qarshi o‘yinda sariq kartochkalari soni beshtaga yetgani tufayli diskvalifikatsiyaga uchragandi.

«Las-Palmas» –  la ligada to‘pga egalik qilish bo‘yicha «Real» va «Barselona» qatorida kuchli uchlikka kiruvchi o‘ziga xos jamoadir. Garsiya Pimenta shogirdlari ilk daqiqalardanoq oldinga tashlanishdi va tezkor gol urishiga bir baxya qoldi. Mezbonlar butun bo‘lim davomida mehmonlar himoyasining chap qanotiga bosim uyushtirib, Lunin qo‘riqlagan darvozaga xavf solib turishdi: Fran Garsiya ko‘p hollarda qarshilik ko‘rsata olmadi va unga Vinisius Junior ham yetarlicha yordam bermadi. «Las-Palmas»ning tezkor hujumi o‘ng qanotdan to‘p uzatilishi, jarima maydonida esa Karvahal unga yeta olmasligi bilan davom etdi. «Real»ni goldan faqat Ryudiger bosh bilan to‘p yo‘lini to‘sib chiqishi qutqarib qoldi.

Shundan keyin Anchelotti jamoasi «Las-Palmas» jarima maydonini qator standart vaziyatlar bilan qamal qildi. Bundan tashqari, Rodrigo mezbonlar darvozaboni bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi, u darvozabon bilan to‘qnashib ketdi va yengil provokatsiyaga berilib, sariq kartochka oldi.

Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi va bu o‘yin mantig‘iga mos edi. Shiddatli startdan keyin jamoalar o‘yin sur’atini pasaytirishdi. Bo‘limda Kardona «Real» jarima maydonida Seballos bilan to‘p uchun kurash vaqtida gazonga qulagani yodda qoldi, lekin hakam bu vaziyatni penaltiga tortmaydi, deb hisobladi.

Ikkinchi bo‘lim ham «Las-Palmas»ning hujumlari bilan boshlandi. «Barsa» tarbiyalanuvchisi El-Haddodiy gol urishga juda yaqin keldi – Lunin uning pastki burchakka yo‘llangan zarbasini to‘sishga ulgurdi. Keyin esa «Barsa» maktabidan chiqqan yana bir forvard golli hujum uyushtirdi. Sandro Ramires tezkor qarshi hujumni boshlab berdi va jarima maydoni ichida bo‘sh qoldirilgan Munosga golli uzatma berishni uddaladi. Bu vaziyatda Nacho va boshqa himoyachilar ham sustkashlik qilishdi.

Shundan keyin «Real» darhol maksimal tezlikni yoqdi, Anchelotti esa ikki almashtirish qilib, 4-3-3 sxemasiga o‘tdi. O‘z imkoniyatidan foydalana olmagan Dias va Seballos o‘rniga maydonda Hoselu va Valverde paydo bo‘ldi. Avvaliga Karvahalning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, keyin esa Vini – toza gol urdi. Bu vaziyatda Kamavinga qiyin vaziyatda turib to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berdi va braziliyalik hujumchi qariyb o‘tkir burchakdan turib olis burchakni aniq nishonga oldi.

O‘yin oxiriga borib esa  madridliklar baribir «Las-Palmas»ni taslim qilishdi. Boshqa tomondan, mehmonlarning baxtiga hakam Rodrigoga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatmadi, Anchelotti esa yana bir futbolchi almashtirishda topqirlik qildi. So‘nggi 10 daqiqalikda Guler (bu ushbu turk futbolchisining la ligadagi debyutiga aylandi) va Tchuameni tushirildi. Kamavinga o‘rniga tushgan fransuz to‘p burchakdan uzatilganda o‘zini ko‘rsatdi va bosh bilan qaytarib bo‘lmas zarba berdi. Bu gol bilan Orelen o‘z tug‘ilgan kuniga o‘ziga sovg‘a qildi – u shu kuni 24 yoshga to‘ldi.

«Real» saviya evaziga klassik g‘alabaga erishdi. «Qaymoqranglilar» asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha amalda raqibdan ikki barobar ustunlik qilishdi: zarbalar bo‘yicha – 13:7 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar – 5:2, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar – 10:5).

«Barsa» Xavi davridagi eng ko‘ngilsiz o‘yinlaridan birini o‘tkazdi

«Barselona» – «Vilyarreal» 3:5
Gollar:
0:1 – 41 Jyerar Moreno, 0:2 – 54 Axomash, 1:2 – 60 Gundo‘g‘an, 2:2 – 68 Pedri, 3:2 – 71, avtogol Bayi, 3:3 – 84 Gedesh, 3:4 – 90+9 Serlot, 3:5 – 90+12 Morales.
«Barselona» – Penya, Kunde, Kristensen (Kubarsi, 46), Arauxo, Fort (Joau Kanselu, 46), Gundo‘g‘an, Romeu (Pedri, 46), de Yong, Joau Feliks (Ferran Torres, 58), Yamal, Levandovski (Roke, 77).
«Vilyarreal» – Yorgensen, Femeniya (Moskera, 78), Bayi, Kuenka, Alberto Moreno (Mandi, 71), Aleks Baena (Kapu, 71), Koklen, Komesanya, Axomash (Gedesh, 58), Jyerar Moreno (Morales, 78), Serlot.
Ogohlantirishlar: Aleks Baena (16), Romeu (33), Bayi (68), Levandovski (68), Xavi (69), Arauxo (89), Moskera (89), Kuenka (90).

«Barselona» uyda 20 dekabrdan buyon o‘ynamagandi va vaqtincha uy stadioni bo‘lib turgan Olimpiyskiy stadioniga yangi yo‘qotishlar bilan qaytdi. Himoyachi Balde belini shikastlab oldi va jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi, u endi mavsum oxiriga qadar maydonga qaytmaydi. Xavi Bilbaodagi mag‘lubiyatdan keyin (hafta o‘rtasida Ispaniya kubogi doirasida oxirgi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gollar tufayli «Atletik»dan 2:4 hisobida mag‘lub bo‘lindi) tarkibda rotatsiya amalga oshirib, bir hafta oldin het-trik qayd etgan Ferran Torresni zaxirada qoldirdi. Ammo uning o‘rniga tushirilgan Joau Feliks ham, ko‘k-anorranglilarning boshqa futbolchilari ham birinchi bo‘limda la liganing himoyasi eng zaif jamoalaridan biriga muammo tug‘dira olmadi.

«Sariq submarinalar» esa kam sonli hujumlaridan birini gol bilan yakunladi va autdan to‘p uzatib berilganida Serlot jarima maydoni markaziga pas uzatdi, bu yerda Kristensen Jyerar Morenoga xalaqit qila olmadi. Xavining tanaffusda amalga oshirgan uchtalik o‘zgarishi avvaliga teskari effekt berdi va Joau Kanseluning qo‘pol xatosidan keyin «Barsa» tarbiyalanuvchisi Axomash hisobdagi farqni oshirdi. Ammo ko‘k-anorranglilar o‘yinni kuchaytirishda davom etishdi, «Vilyarreal» esa Marselino Toral bosh murabbiylikka qaytarilganidan keyingi sakkizinchi o‘yinda ham darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. 60-daqiqada «Barsa»ni o‘yinga qaytargan Gundo‘g‘an mehmonlarning noxush seriyasini davom ettirdi.

Bu zarba kataloniyaliklarda kuchli oraliqni boshlab berdi, bu daqiqalar davomida Torres qulay vaziyatdan foydalana olmadi, Gundo‘g‘an esa g‘alaba uchun barcha ishni qildi. Aynan uning sa’y-harakatlaridan keyin 68-daqiqada Pedri hisobni tenglashtirdi, uch daqiqa o‘tib germaniyalik futbolchining jarima zarbasidan keyin Bayi Arauxoning bosimi ostida o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Bunday kambekdan keyin har qanday raqib sinishi tayin, ammo so‘nggi vaqtlarda bo‘sh o‘yin ko‘rsatayotgan «Vilyarreal» o‘zida kuch topa oldi. Mehmonlar «Barsa» o‘yinidagi muammolar va jamoaning yangi futbolchisi Gonsalu Gedeshning goli tufayli o‘yinda burilish yasadi. Keyin esa «Barsa» vakillari va muxlislari kamida keyingi turga qadar muhokama qiladigan vaziyat ro‘y berdi.

Asosiy vaqtning so‘nggi daqiqasida Gundo‘g‘an (ha, yana u) o‘tkir burchakdan darvoza tomon zarba yo‘lladi va to‘p himoyachining tirsagiga tegdi.

Bosh hakam penalti belgiladi, ammo vaziyatga VAR aralashib, 11-metrlik jarima zarbasi bekor qilindi. Xuddi shu pallada Xavi kamera qarshisiga keldi va shunday dedi: «Bu sharmandalik».

Hakam esa o‘yinga to‘qqiz daqiqa qo‘shib berdi, bu vaqt oxirida esa mezbon jamoa darvozaboni va himoyachilar yana qovun tushirishdi. Qo‘shib berilgan vaqtga qo‘shilgan vaqt esa Morales beshinchi golni urishi bilan yakunlandi.

Kataloniyaliklar o‘tgan mavsum oxirigacha barcha turnirlar doirasida jami 44 gol o‘tkazib yuborgandi. Hozir esa — allaqachon 46. «Barsa» va «Real» orasidagi farq endi 10 ochkoga yetdi.

Xavi esa o‘yindan keyin hakamlarga to‘xtalmadi va barchasi uchun javobgarlik o‘z zimmasida ekaniga urg‘u qaratib, jamoaning holatini hissiy kollaps deb baholadi. Biroz o‘tib esa — klub rahbariyati ishonch bildirishda davom etayotganiga qaramay — mavsum yakunida o‘z lavozimini tark etishi va jamoa hatto Chempionlar ligasida g‘alaba qozonsa ham bu qarorini o‘zgartirmasligini e’lon qildi.

Italiya: infarkt qiluvchi «Milan»

«Yuventus» – «Empoli» 1:1
Gollar:
1:0 – 50 Vlahovich, 1:1 – 70 Baldansi.
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo (Ayling, 78), Aleks Sandro, Bremer, Gatti, Kostich (Yildiz, 78), Lokatelli, Makkenni, Miretti (Vea, 59), Milik, Vlahovich.
«Empoli» – Kaprile, Luperto, Ismayli, Valyukevich, Kakache, Grassi (Kancheleri, 56), Male, Jurkovski (Fatssini, 90), Jasi, Kambyagi (Marin, 90), Cherri (Baldansi, 56).
Ogohlantirishlar: Valyukevich (19), Vea (90).
Chetlatish: Milik (18).

«Yuventus» «Inter»ning Italiya Superkubogi uchun o‘yinidan foydalanib, chempionat turnir jadvalida peshqadamga aylanib olgandi, ammo turinliklar bu turda muammoga uchrashdi. Xavfli hududda qolayotgan «Empoli» oson o‘lja bo‘lib ko‘rinayotgandi, ammo o‘tgan turda so‘nggi ikki oydagi ilk g‘alabasiga erishganidan ilhomlangan ushbu jamoa jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Milik 18-daqiqadayoq qizil kartochka olishi Massimiliano Allegrining rejalarini buzib yubordi. Nima bo‘lganda ham «keksa siniora» birinchi bo‘limda yaxshi taassurot qoldira olmadi. Lekin tanaffusdan keyin «Yuve» o‘z o‘yinini ko‘rsatishga kirishdi.

Vlahovich burchakdan uzatilgan to‘pni darvozaga yo‘llab, golli seriyasini to‘rt o‘yinga yetkazdi. Ammo mezbonlar bu safar minimal ustunlikni saqlab qola olishmadi, Shchensni Baldansining uzoq masofadan yo‘llangan zarbasini o‘tkazib yubordi. «Yuve» qolgan vaqt davomida vaziyatni o‘zgartira olmadi va aksincha «Empoli»ning qarshi hujumlaridan biri golga aylanishi ham mumkin edi. Autsayder bilan o‘yindagi bu durang — skudetto uchun kurashdagi intrigaga barham berishi ham mumkin.

«Milan» – «Bolonya» 2:2
Gollar:
0:1 – 29 Zirkzeye, 1:1 – 45 Loftus-Chik, 2:1 – 83 Loftus-Chik, 2:2 – 90, penalti Orsolini.
Aniq ijro etilmagan penaltilar: Jiru (42), Teo Ernandes(74)
«Milan» – Menyan, Kalabriya (Florensi, 59), Kiyer, Gabbiya, Ernandes, Loftus-Chik, Pulishich (Terrachchano, 87), Adli (Musa, 59), Reynders, Rafael Leau (Okafor, 87), Jiru (Yovich, 60).
«Bolonya» – Skorupski, De Silvestri (Lukumi, 82), Bekema, Kalafori, Kristiansen, Froyler, Ebisher (Moro, 67), Fergyuson, Urbanski (Salemakers, 67), Fabbian (Orsolini, 82), Zirkzeye.
Ogohlantirishlar: Kalafiori (2), Rafael Leau (22), Kalabriya (36), Fergyuson (39), Adli (44), Loftus-Chik (45), Urbanski (57), Terrachchano (90).
Chetlatish: Motta (41, «Bolonya» bosh murabbiyi).

«Roma» bilan asabiy o‘yin (3:1), «Udineze»ga qarshi o‘yinda aql bovar qilmas kambek (3:2) — «Milan»ning so‘nggi o‘yinlarida oddiy ssenariylar yo‘q. Bu mavsumda yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan «Bolonya» bilan o‘yinda ham istisno bo‘lmadi. Va deyarli odatiy tarzda o‘yin rossonerilar uchun muammo bilan boshlandi, Menyan oddiy vaziyatda qutqara olmadi. Zirkzeye unga o‘tkir burchakdan turib gol urdi, mehmonlar darvozasini qo‘riqlagan Skorupski esa ajoyib o‘yin namoyish etdi. Uning Jiru ijrosidagi penaltini qaytarishi bo‘limdagi yagona qahramonligi emasdi.

Lekin baribir tanaffus arafasida hisob tenglashdi, yuqori sport formasiga chiqqan Loftus-Chik markaziy forvardlar kabi harakat qilib, Kalabriyaning uzatmasini qiyin holatda turganiga qaramay darvoza to‘riga yo‘naltirdi. Ikkinchi bo‘lim ham mehmonlar uchun muammolar bilan boshlandi. Avvaliga Reyndersning zarbasi to‘sin va ustun tutashgan joyga tegdi, keyin esa Ernandes ham penaltidan gol ura olmadi, ma’lum bo‘lishicha, u futbol qoidalarini oxirigacha tushunmaydi. Teoning zarbasi ustundan qaytdi va uning o‘zi to‘pni darvozaga yo‘llab, golni nishonlash uchun yugurdi, keyin esa arbitr «Bolonya» foydasiga erkin zarba belgilaganiga hayron bo‘ldi. Gap shundaki, to‘p darvozabondan emas, ustundan qaytgani uchun u penaltini ijro etishda to‘pga ikki bor tegingan deb hisoblanib, gol bekor qilindi.

Lekin Stefano Piolida penaltisiz ham gol uradigan Loftus-Chik bor. Angliyalik futbolchining ikkinchi goli «Milan»ga yana bir infarkt qiluvchi o‘yinda g‘alaba keltiradigandek ko‘ringandi. Ammo qo‘shimcha daqiqalarda «Bolonya» hujumchisi Orsolini penaltini qanday tepish kerakligi bo‘yicha milanliklarga saboq berdi.

Germaniya: «Bavariya» uchun sovg‘a

«Augsburg» – «Bavariya» 2:3
Gollar:
0:1 – 23 Pavlovich, 0:2 – 45 Devis, 1:2 – 52 Demirovich, 1:3 – 58 Keyn, 2:3 – 90, penalti Demirovich.
«Augsburg» – Damen, Mbabu, Gaueleu, Uduoxay, Yago (Mayyer, 75), Yyensen (Engels, 62), Yakich, Redjbechay (Pedersen, 62), Vargas (Mixel, 80), Demirovich, Tits (Belo, 62).
«Bavariya» – Noyyer, Gerreyru, Dayyer, de Ligt, Devis, Pavlovich (Zvonarek, 90), Goretska, Koman (Tel, 26), Sane (Shupo-Moting, 89), Musiala (Myuller, 89), Keyn.
Ogohlantirishlar: de Ligt (6), Mbabu (19), Pavlovich (67), Yago (69), Sane (80), Gerreyru (90), Noyyer (90), Goretska (90).

O‘tgan turda «Verder»ga yutqazgan «Bavariya» hafta o‘rtasida «Union» bilan qoldirilgan o‘yinda g‘alabaga erishib, chempionlik poygasida intrigani qaytardi. Bu orqali peshqadam «Bayyer» ilgarilab ketishiga yo‘l qo‘yilmadi. «Augsburg»ga qarshi derbida esa 19 yoshli Pavlovich asosiy jamoadagi ilk golini nishonladi, tanaffus arafasida Devis hisobni qulay ko‘rinishga keltirdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida mezbonlar javob golini urishganida esa Keyn VAR yordamida yana farqni ikkitaga oshirdi. Angliyalik hujumchi chindan ham bo‘sh darvoza qarshisida yaqqol ofsaydda edi, lekin to‘p unga jamoadoshi Musialadan emas, balki mezbonlar himoyachisidan kelgandi. O‘yin oxirida xavotirli vaziyat yuzaga keldi, ammo «Augsburg» 11 metrlik jarima zarbalaridan faqat bittasini aniq ijro eta oldi — bu vaqtda qo‘shimcha daqiqalar boshlangandi. Birinchi penaltida esa Noyyer zarbani qaytargandi.

«Bayyer» – «Borussiya» M 0:0
«Bayyer» – Kovarj, Frimpong, Stanishich, Inkapie, Andrix, Grimaldo, Chaka, Xofmann (Glojyek, 84), Amiri (Tella, 68), Virts, Shik.
«Borussiya» M – Nikolas, Elvedi, Fridrix, Skalli, Nets, Vaygl, Noyhaus (Fukuda, 79), Kone (Kramer, 79), Onora (Layner, 70), Xak (Rayts, 62), Sebatsho (Ngumu, 79).
Ogohlantirishlar: Chaka (47), Shik (66), Stanishich (74), Vaygl (81).

«Bayyer» esa oxirgi bor o‘tgan yil noyabrida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay olgan Menxengladbahning «Borussiya» klubi darvozasiga gol ura olmadi. Shanba kuni leverkuzenliklar mehmonlar jarima maydoni ichida 69 marta to‘p bilan muomila qilishdi, ammo bu natija bermadi. Bu Opta bundesligada shunday holatlarni qayd etishni boshlagan 2004/05 yillar mavsumidan buyon rekord ko‘rsatkichdir. Qo‘shimcha daqiqalarda Mbamba darvozabon hududida turib to‘pni darvoza to‘riga joylay olmadi. U yanvar oyidagi dastlabki o‘yinlarda so‘nggi daqiqalarda g‘alaba gollarini urgan Palasios va Inkapening ishini takrorlay olmadi. Olti uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyasi to‘xtatilgan Alonso shogirdlari endi «Bavariya»ni maksimal darajada o‘ziga yaqinlashtirib oldi.

«Shtutgart» – «Leypsig» 5:2
Gollar:
1:0 – 25, penalti Miyo, 2:0 – 30 Undav, 2:1 – 32 Sheshko, 3:1 – 48 Leveling, 3:2 – 55 Openda, 4:2 – 56 Undav, 5:2 – 75 Undav.
«Shtutgart» – Nyubel, Vagnoman (Stergiu, 87), Anton, Zagadu, Ruo, Mittelshtedt, Shtiller, Fyurix (Miloshevich, 90), Miyo (di Benedetto, 84), Leveling (Massimo, 84), Undav (Shtensel, 87).
RB «Leypsig» – Blasvih, Simakan (Orban, 85), Klostermann, Lukeba, Raum, Shlager (Elmaz, 77), Olmo (Poulsen, 77), Baumgartner (Henrihs, 67), Zayvald (Kampl, 67), Openda, Sheshko.
Ogohlantirishlar: Shlager (5), Simakan (16), Baumgartner (43), Anton (69), Raum (79).

Chempionatning uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlaridagi jamoalar uchrashuvi omadsizlar dueliga aylandi. «Shtutgart» ham, «Leypsig» ham yangi yil ta’tillaridan keyin ikki o‘yinda yutqazishgandi va Dortmundning «Borussiya» klubiga o‘ziga xos sovg‘a qilishgandi. Bu jamoa raqiblarining Shtutgartdagi o‘yini natijasini ham intiqlik bilan kutdi, lekin bu uchrashuvdagi har qanday natija «asalarilar» foydasiga xizmat qiladi. Ularga eng ma’qul natija — durang edi, ammo  «shvablar»ning hujumkor o‘yini bunday natijani istisno qildi.

Mezbonlar Afrika Kubogiga ketgan va u yerda jarohat olgan Girassisiz o‘ynashga ko‘nikib qolishdi, Undav esa endi barchasini o‘z zimmasiga olishini anglab yetdi va personal benefisini uyushtirdi. Ushbu forvardning uch golidan eng muhimi — ikkinchisi bo‘ldi, u hisobni minimumga qadar qisqartirgan Opendaga zudlik bilan javob qaytardi. Bu «Shtutgart» futbolchilarining joriy mavsumdagi uchinchi het-trigi bo‘ldi (ikkitasi Girassi nomiga yozilgan), va jamoa hujumida bunday samaradorlik qariyb 20 yildan buyon kuzatilmagandi, o‘shanda Kurani va Kakau ijrosida het-triklar amalga oshirilgan.

Kun statistikasi

  • «Vilyarreal» Ispaniya chempionatida safarda «Barselona» darvozasiga kamida beshta gol urgan 5-jamoaga aylandi. Oxirgi bor bunday natija 1963 yilda «Real» tomonidan qayd etilgandi (5:1).
  • «Marsel» «Monako» hujumchisi Ben Yyedderdan 10 gol o‘tkazib yuborgan 6-jamoa bo‘ldi.
  • «Brayton» hujumchisi Joao Pedro barcha turnirlar doirasida 10 bor penaltidan gol urdi. Bu joriy mavsumda top-5 ligalarda maksimal ko‘rsatkich, APLda bu boradagi eng yuqori natijani «MYu» yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh qayd etgan (13).
  • Niderlandiya chempionatida PSV hujumchisi Lyuk de Yongdan gol o‘tkazib yuborgan jamoalar soni 28 taga yetdi. Bu rekord ko‘rsatkich.
  • «Ayaks» yarimhimoyachisi Berghays erediviziyada gol va pas tizimida 200 (122+88) ball ishladi. XXI asrda bunday natija oldinroq Tadich (254), Lyuk de Yong (236) va Kyuyt (205) tomonidan qayd etilgandi.
Ko‘proq yangiliklar: