Jahon moliya bozorlari dunyoning bir qator markaziy banklari tomonidan olib borilgan Miqdoriy qisqarish siyosati ta’sirini turli ravishda boshlaridan o‘tkazmoqda. Masalan, AQShning Federal zaxira tizimi (FZT) hozirda foiz stavkalarini bir necha yig‘ilishlardan beri o‘zining tarixiy cho‘qqisida o‘zgarishsiz ushlab turgan bo‘lsa ham, mamlakatning fond bozori qisqartirish siyosati e’lonidan so‘ng yo‘qotgan pozitsiyasini butunlay tikladi va yangi cho‘qqilarni zabt etishni boshladi. So‘nggi hafta savdolarida S&P500 va NASDAQ indekslari yangi tarixiy maksimumlarini o‘rnatdi va mos ravishda 4907 va 17665 punktgacha ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga yordamchi sabablardan biri AQShda 2023 yilning IV choragiga oid YaIM ko‘rsatkichi 3,3 foiz bo‘lishidir. Bu fond bozoriga qo‘shimcha optimizm taqdim etdi. Endilikda, bozor ishtirokchilari aksiyalarning o‘sish sikli ustuvor bo‘lishiga umid qilishmoqda. Bundan tashqari FZT foiz stavkasini yaqin orada tushirish masalasini rasmiy majlislarda ko‘rib chiqishni boshlashi prognoz qilinmoqda.
Jahon Insighs kanali ekspertlari 22 yanvardan 26 yanvargacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.
AQSh top fond bozorlari indeksi:
- S&P500: +1,06 foiz (yil boshidan +2,54 foiz);
- NASDAQ: +0,62 foiz (yil boshidan +3,54 foiz);
- DJI: +0,65 foiz (yil boshidan +1,11 foiz).
AQSh fond bozori indekslari so‘nggi hafta «uptrend» harakatini davom ettirdi. NASDAQ hafta davomida 107 punktga, Dow Jones 246 punktga va S&P500 indeksi 52 punktga ko‘tarildi.
Asosiy qimmatbaho metallar:
- Oltin: -0,57 foiz (yil boshidan -2,17foiz);
- Kumush: +0,82 foiz (yil boshidan -4,18 foiz);
- Alyuminiy: +3,92 foiz (yil boshidan -5,47 foiz);
- Mis: +1,76 foiz (yil boshidan -0, 65 foiz).
Oltindan tashqari, barcha asosiy qimmatbaho metallar hafta mobaynida o‘sish sur’atini taqdim etdi. Xususan, oltin butun 5 kunlik savdo sessiyasi davomida 11 dollarga arzonlashgan bo‘lsa, alyuminiy, kumush va mis mos ravishda 85 dollar, 18 sent va 7 sentga qimmatlashdi.
Neft
- WTI: +6,45 foiz (yil boshidan +9,57 foiz);
- BRENT: +5,66 foiz (yil boshidan +7,87 foiz).
Neft bir necha hafta fletda harakatlanib kelganidan so‘ng, narx qarshiligi darajasini tepaga buzib o‘ta oldi. Joriy hafta WTI markasi 4,73 dollarga, BRENT esa 4,45 dollarga ko‘tarildi.
Valutalar
- EUR/USD: -0,40 foiz (yil boshidan -1,67 foiz);
- USD/CNY: -0,23 foiz (yil boshidan +1,11 foiz);
- USD/TRY: +0,31 foiz (yil boshidan +2,56 foiz);
- USD/UZS: 0,00 foiz (yil boshidan +0,65 foiz);
- USD/RUB: +1,80 foiz (yil boshidan +0,45 foiz).
AQSh valuta indeksi hafta davomida tebranishga duch kelgan bo‘lsa-da, umumiy hisobda 0,23 foizga ko‘tarildi. Natijada, Yevropa valutasi va Rossiya rubli mos ravishda 0,4 foiz va 1,8 foizga arzonlashdi. Yuan esa 0,23 foizga mustahkamlandi, o‘zbek so‘mi biroz tebranib, oldingi hafta ko‘rsatkichida o‘zgarishsiz yakunladi. Turk lirasi o‘z qiymatini yo‘qotishda davom etmoqda va so‘nggi hafta 0,31 foizga qadrsizlandi.
Kriptovaluta
- Bitcoin: +0,58 foiz (yil boshidan -1,31 foiz);
- Ethereum: -7,76 foiz (yil boshidan -0,69 foiz).
Asosiy kriptovalutalardan bo‘lgan Bitcoin va Ethereum'lar Bitcoin ETF joriy etilgandan so‘ng, yilning boshidan beri erishgan pozitsiyalarini yo‘qotib, turli tarzda bosimga duch kelmoqda. So‘nggi hafta savdolarida Bitcoin 240 dollarga o‘sgan bo‘lsa, Ethereum narxi 191 dollarga pastladi.
Bozorlar haqida qisqacha
AQSh makroiqtisodiy jihatdan tebranib bo‘lsa-da yaxshilanayotgan bir paytda bozorda me’yordan ortiq optimizm hukm surmoqda, buni oxirgi inflatsiya ma’lumotlari e’lonidan so‘ng foiz stavkalarini qisqartirish bo‘yicha turli mulohazalar va statistik ma’lumotlar ham tasdiqlab berdi. Demak, birinchi o‘rinda esda tutish kerakki, AQShning so‘nggi inflatsiya ko‘rsatkichi 3,4 foizni tashkil etmoqda, bu FZT ning maqsadli 2 foiz ko‘rsatkichidan hali ham uzoq va stavkalar pasayishi yaqin orada sodir bo‘lmasligini anglatadi, ammo so‘nggi chorakda AQSh YaIM ma’lumotlari juda yaxshi natija ko‘rsatishi bozor ishtirokchilarini biroz chalkashtirib yubordi. Chunki dekabr oyida inflatsiya prognozga nisbatan sezilarli darajada balandroq chiqib, vaziyatni murakkablashtirdi. Shu tufayli, voqealar rivoji asosida shaxsiy ko‘rsatmalarni to‘g‘rilab borish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 22 yanvardan 26 yanvargacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.