O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga piyoda yoki avtomobilda kirib kelayotgan vaqtda o‘zi bilan bojxona to‘lovlarisiz tovarlar olib kirishi tartibiga o‘zgartirish kiritilish mumkin.
Hozirda, 2018 yildagi qarorga asosan, jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan quyidagi cheklangan me’yorlari belgilangan:
- xalqaro aeroportlar orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 2000 AQSh dollari miqdorida;
- temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 1000 AQSh dollari miqdorida;
- avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 300 AQSh dollari miqdorida;
- xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar manziliga kelayotgan tovarlar uchun bir kalendar oy mobaynida – 1000 AQSh dollari miqdorida.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) orqali bojxona chegarasini kesib o‘tayotganda tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan miqdorini 300 dollardan 100 dollargacha kamaytirish masalasi muhokama qilinmoqda.
Bundan tashqari, boj undirmaslikning yana bir sharti kiritilishi mumkin – fuqaro chegaradan tashqarida kamida 2 kun yashagan bo‘lishi kerak.
Manbaning ta’kidlashicha, ayrim tadbirkorlar odamlarga ma’lum miqdorda haq to‘lab, ular orqali bojxona to‘lovlarisiz tovar olib kirayotgani bu masala ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘lgan.