Apple’ning birinchi avtomobili, Tank 700 va Teslaʼdan «hamyonbop» elektromobil – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 17:38 / 27.01.2024 45598

Apple’ning birinchi avtomobili

Bloomberg’ning yozishicha, 2028 yilda Apple kompaniyasi o‘zining birinchi elektromobilini taqdim qiladi. Kompaniya loyiha ustida 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlagan bo‘lsa-da, hali ham prototip tayyorlamagan.

Dastlabki mashinalarni sotuvga chiqarish 2026 yilda boshlanishi kerak edi, ammo «eng yaxshi holatda» bu muddat 2028 yilga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Bloomberg sharhlovchisi Mark Gurmanning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Apple o‘z fikrini o‘zgartirgan, kompaniya Level+ avtopilot tizimiga ega bo‘lgan «an’anaviy» avtomobilni chiqaradi. Bu haydovchidan qisman yo‘lga e’tibor berishni talab qiladi. Masalan, Level+ tufayli avtomobil mustaqil ravishda eng yaqin avtomobildan masofani ushlab turishi yoki chiziqdan tashqariga chiqmasligi mumkin.

Tank 700

Xitoyda Tank 700 yo‘ltanlamasining standart versiyasi uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinishi boshlanadi. Uning uchun 70 ming dollar so‘ralmoqda.

Foto: autohome.com.cn

Tank 700 3 litr hajmli V6 dvigateli bilan jihozlangan. U 523 ot kuchini beradi. Dvigatel 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan hamkorlikda ishlaydi.

Samsung’da qondagi qand miqdorini nazorat qilish funksiyasi

Samsung qondagi qand miqdorini terini teshmasdan tahlil qiluvchi sensorni ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Kompaniya ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun turli xil texnologik platformalarni ko‘rib chiqmoqda.

«Agar biz qon bosimi va glyukoza darajasini doimiy ravishda o‘lchay olsak, butunlay boshqacha darajada bo‘lamiz. Aynan shu narsaga barcha kompaniyalar erishmoqchi. Biz ushbu texnologiyalarga katta sarmoya kiritmoqdamiz», deya ta’kidlagan Samsung’ning mobil sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari Xong Pak.

Foto: SeongJoon Cho/Bloomberg

Yangi sensorlarning paydo bo‘lishi yaqin besh yil ichida amalga oshishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, salomatlik ko‘rsatkichlarini tahlil qila oladigan aqlli qurilmalar kompaniyaning yangi mahsulotlarida mavjud bo‘ladi. Galaxy Watch aqlli soatlari va Galaxy Ring aqlli uzuklari mana shunday xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Teslaʼdan «hamyonbop» elektromobil

Tesla 2025 yildan arzonroq Redwood elektr krossoverini ommaviy ravishda ishlab chiqarishni boshlashi mumkin.

Foto: REUTERS/Fabrizio Bensch

Dastlab, Ilon Mask 2020 yilda 25 ming dollarlik avtomobil ishlab chiqarishga va’da bergandi, biroq rejalar keyinga qoldirildi. Endi kompaniya bu ishni 2025 yil o‘rtalaridan boshlashga tayyorlanmoqda.

Hozircha kompaniya bu borada rasmiy bayonot bermadi, ammo Redwood 25 ming dollarga tushishi taxmin qilinmoqda. Ayni paytda Tesla’ning eng hamyonbop modeli Model 3 sedani hisoblanib, narxi 39 ming dollarni tashkil etadi.

Qozog‘istonda robot sud ijrochisi

Qozog‘iston Adliya vazirligi Xususiy sud ijrochilari palatasi bilan hamkorlikda Taraz shahrida optimallashtirilgan ijro protsesslarini joriy etish bo‘yicha pilot loyihasini ishga tushirdi. 

Bugungacha fuqarolar jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan taqdirda, xususiy sud ijrochisiga jarimaning 25 foizigacha to‘lashlari shart edi. Endi bu xizmatni robot bepul amalga oshiradi. Yangi loyiha tufayli fuqarolar 2 mlrd tenge mablag‘ni tejashi mumkin. 

Tizim algoritmi quyidagicha ishlaydi:

  • Bosh prokuraturaning Huquqiy statistika va maxsus hisobga olish qo‘mitasi ma’muriy huquqbuzarliklar uchun 50 kun ichida to‘lanmagan jarimalarni undirish to‘g‘risida qaror yuboradi;
  • Robot 5 kalendar kun ichida talabni bajarish zarurligi haqida SMS-xabar yuboradi;
  • Agar jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmasa, tizim xususiy sud ijrochisiga ijro varaqasini taklif qiladi;
  • To‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilgan taqdirda, ijro ishi qo‘shimcha xarajatlarsiz tugatiladi. 

Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Qozog‘istonning butun hududida joriy qilinishi rejalashtirilgan.

NASA’ning birinchi kosmik vertolyot missiyasi yakunlandi

Amerikaning NASA kosmik agentligi Ingenuity vertolyotining Marsdagi missiyasi parraklar shikastlangani sababli yakunlanganini e’lon qildi. 

Foto: NASA/JPL-Caltech/ASU/MSSS

«Vertolyotning tasvirlari qo‘nish vaqtida bir yoki bir nechta parraklar shikastlanganini ko‘rsatdi. Endi vertolyot havoga ko‘tarila olmaydi», deyiladi NASA bayonotida. 

Ingenuity vertolyoti 2020 yil iyul oyida Marsga yuborilgan Perseverance marsyurari uchun razvedka mashinasi bo‘lib xizmat qildi. 2024 yil 18 yanvar kuni u qo‘nish vaqtida shikastlandi va aloqa uzilib qoldi. Ertasi kuni aloqa tiklandi, ammo vertolyot endi ucha olmasligi ma’lum bo‘ldi. 

Missiya tugallangach, NASA jamoasi vertolyot tizimlarining yakuniy sinovlarini o‘tkazadi va uning ichki xotirasida qolgan tasvir va ma’lumotlarni yuklab oladi. NASA ma’lumotlariga ko‘ra, Perseverance hozir vertolyotni suratga olishga urinishi uchun juda uzoqda. 

Ingenuity birinchi marta 2021 yil 18 fevralda Perseverance bilan birga Marsga qo‘ngan edi. 19 aprel kuni vertolyot havoga ko‘tarildi va o‘zining birinchi boshqariladigan parvozini amalga oshirdi. 

Ingenuity vertolyoti 30 kun davomida beshtagacha eksperimental sinov parvozlarini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan edi. Biroq Marsda taxminan uch yil (deyarli ming kun) ishladi va rejalashtirilganidan 14 marta ko‘p - taxminan 17 km uzoqlikka, 24 metr balandlikda 72 ta parvozni amalga oshirdi. Umumiy parvoz vaqti ikki soatdan oshdi.

Ko‘proq yangiliklar: